AQSH va Rossiya ikki tomonlama munosabatlar to‘g‘risida, shu jumladan elchixonalar ishlarini izga solish yuzasidan 27-fevral kuni Istanbulda muzokara o‘tkazadi. Bu haqda 26-fevral kuni AQSH Davlat departamenti va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qilishgan.
Tadbir Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham tasdiqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv kun tartibida Ukrainadagi urush mavzusi yo‘q.
Avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH va Rossiya Moskva va Vashingtondagi elchixonalar shtatini tiklashga oid kelishuvga erishganlari haqida ma’lum qilgandi. Elchixonalar cheklangan tartibda faoliyat yuritishmoqda, Rossiyadagi AQSH konsulxonalarining barchasi esa diplomatlarni o‘zaro mamlakatdan chiqarib yuborishlardan keyin o‘z ishini to‘xtatib qo‘yishgan edi.
2023-yil oktyabri holatiga AQSH 225 nafar rossiyalik diplomatni badarg‘a qilgan. Rossiya boshqa G‘arb mamlakatlari qatorida Vashingtonga Rossiya fuqarolarini ishga yollashni taqiqlab qo‘ygan — bu xodimlar elchixona shtatining 70 foizigacha tashkil qilgan.
Bundan tashqari, AQSH Rossiyaning Vashingtondagi yangi elchisi Aleksandr Darchiyev nomzodini haligacha tasdiqlagan emas. O‘z navbatida, Vashington Oq uyda ma’muriyat almashganidan keyin Rossiyadagi yangi elchisini tayinlamagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi elchi AQSHning O‘zbekistondagi, Gruziyadagi va Liviyadagi sobiq elchisi Richard Norland bo‘lishi mumkin. U AQSHning Moskvadagi elchixonasida 1988-1990-yillarda ishlagan.