Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:12

AQSHda IDga aloqadorlikda gumonlangan tojikistonliklar ushlandi


AQSHda “Islom davlati” terror guruhiga aloqadorlikda gumonlangan 8 nafar tojikistonlik qo‘lga olindi. Ular AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) tomonidan “FRBning terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha tezkor guruhi bilan tig‘iz hamkorlikda olib borilgan” amaliyot ortidan ushlangan.

Bu haqda 11-iyun kuni ABC News doxil AQSHdagi bir necha telekanal huquq-tartibot idoralaridagi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilishdi. Bu manbalar qaydicha, qo‘lga olinganlarning hammasi AQSHga janubiy chegara orqali kirishgan va dastlabki tekshiruv chog‘ida hech qanday xavf-xatar aniqlanmagani uchun ularga AQSHda qolishga ruxsat berilgan.

Xabarlarga muvofiq, qo‘lga olinganlarning olti nafarida Rossiya fuqaroligi bor.

Bu fuqarolar rasman immigratsiya qonunchiligini buzgani tufayli ushlangan, terakt sodir etishga tayyorgarlikka oid ayblovlar qo‘lga olinganlarga hali bildirilganicha yo‘q. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda AQSH rasmiylari bu fuqarolarni mamlakatdan deportatsiya qilish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlamoqda.

New York Post nashri ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar Immigratsiya va bojxona nazorati xizmatida tutib turilibdi. Xizmat mulozimlariga ko‘ra, ular ichida kamida ikki erkak chegaradan 2023-yil bahorida o‘tgan, biri esa Bayden ma’muriyati tomonidan yaratilgan AQSHda boshpana taqdim etilishiga oid ariza topshirish uchun migrantlarga qabulga yozilish imkonini beruvchi CBP One ilovasidan foydalangan.

Uch nafar xabardor manba NBCga FRB Markaziy Yevropadan kelayotgan terror xavfidan xabardor bo‘lgani, shuning uchun ham FRB xodimlari umumiy xatar tergovi doirasida bu odamlarni kuzata boshlaganini ma’lum qilgan.

Amerika hukumatidagi yuqori lavozimli mulozim so‘zlariga ko‘ra, FRB agentlari bu odamlar ortidan bir necha oy kuzatgan: ularni tinglab borishgan hamda go‘yo “hibsga olinganlardan birining bombalar haqida gapirgani”ni qayd etishgan.

Ozodlik tojik xizmatining yozishicha, so‘nggi ikki yil ichida tojikistonlik yuzlab migrant Meksika orqali noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga kirib olgan. Ularning ko‘pi AQSHdan boshpana so‘rashgan. AQSH rasmiylari yaqinda mamlakatga kirish shartlarini kuchaytirishgan.

O‘tgan haftada AQSH prezidenti Jo Bayden AQSH hududiga noqonuniy kirgan migrantlarga AQSHda boshpana berilishiga oid iltimosnoma kiritilishini taqiqlovchi farmonni imzolagan edi. Mazkur qonunga muvofiq, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya, Moldova va Rossiyadan kelgan noqonuniy migrantlarning hammasi zudlik bilan mamlakatdan badarg‘a qilinishi lozim.

Avvallari Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati xodimlari migrantlarni mustaqil ravishda deportatsiya qilish huquqiga ega emasdi, bu qarorni faqat sudgina chiqarishi mumkin edi. Bu buyruq hozircha faqat San-Diyego mintaqasiga daxldordir. Mazkur mintaqada bugungi kunda Meksika chegarasi orqali noqonuniy migrantlarning AQSHga kirishidagi eng muhim yo‘llardan biri bo‘lib hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG