Линклар

 
AQSHda tug‘ilganlik huquqi asosida fuqarolik. Trampning farmoni nimani anglatadi?
Шошилинч хабар
14 феврал 2025, Тошкент вақти: 07:41

AQSHda tug‘ilganlik huquqi asosida fuqarolik. Trampning farmoni nimani anglatadi?


AQSH pasporti. Illyustrativ surat.
AQSH pasporti. Illyustrativ surat.

Qo‘shma Shtatlarning mamlakat hududida tavallud topgan barchaga fuqarolik berish siyosati shu qadar jozibaliki, ayrim ayollar tug‘ish uchun sayyohlik vizasi bilan AQSHga boradilar. Ammo Donald Tramp bu siyosatni cheklamoqchi. Yangi prezidentning tashabbusi ko‘plab oilalar, masalan, boshpana so‘rovchilarni og‘ir ahvolga soladi.

20-yanvar kuni, inauguratsiyadan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp bir necha soat ichida talay farmonga imzo chekdi. Ular orasida – Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilganlarga o‘z-o‘zidan fuqarolik berishni bekor qilishga doir farmon ham bor.

Trampning “AQSH fuqaroligining ahamiyati va qadr-qimmatini muhofaza qilish” deb ataluvchi farmoni Qo‘shma Shtatlarda AQSH fuqarosi bo‘lmagan yoki bu mamlakatda qonuniy asoslarda doimiy yashamaydigan ota-onadan tug‘ilgan bolalarga fuqarolik berishni rad etadi. Bu – Tramp qudratga kelishining ilk kunida e’lon qilgan muhojirlarga qarshi keng ko‘lamli kurashning bir qismidir.

Трамп келганидан ҳамма ҳавотирда – АҚШдаги ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:36 0:00

30 kundan so‘ng, 19-fevralda kuchga kirajak mazkur farmon mamlakatda har yili qonuniy maqomi bo‘lmagan ota-onalardan tug‘iladigan o‘n minglab bolalar taqdiriga ta’sir qilishi mumkin. Hujjat, shuningdek, boshpana olgan, lekin doimiy yashovchi maqomi bo‘lmaganlarning yoki uzoq muddatga beriladigan H-1B ishlash ruxsatnomasiga ega fuqarolar va chet elliklarning farzandlariga ham taalluqli.

Inson huquqlari tashkilotlari Trampning farmonini bekor qilish uchun federal sudga da’vo kiritgan. Ular hujjatni shafqatsiz va konstitutsiyaviy prinsiplarga zid deb hisoblashmoqda.

Demokratlar g‘alaba qozongan 22 shtat, Kolumbiya okrugi va San-Fransisko shahri ham shunday mazmunli da’volar bilan sudga murojaat qilgan.

Vashingtondagi Amerika universitetining Yuridik kolleji huzuridagi Immigrant Justice Clinic direktori va huquq professori Jayesh Ratod Ozodlikka ish Oliy sudgacha borishi mumkinligini aytdi.

“Menimcha, bu federal sudlarda ko‘rish uchun pretsedent yaratish maqsadida qilinmoqda. Agar Oliy sud oxir-oqibat ushbu masalani qayta ko‘rib chiqsa hayron bo‘lmayman”, deydi Ratod.

Qullik tarixi

AQSH Konstitutsiyasiga 1868-yilda, qullik bekor qilinganidan uch yil o‘tib kiritilgan 14-tuzatish “Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan yoki naturallashtirilgan va mamlakat yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslar Qo‘shma Shtatlar va o‘zlari yashab turgan shtat fuqarolari hisoblanadilar” deyilgan.

Tuzatish Oliy sudning 1857-yildagi qarorini bekor qildi: ushbu qaror bo‘yicha, afroamerikanlar irqiy mansubligi vajidan AQSH fuqarolari bo‘la olmas va shu tufayli huquq va erkinliklardan, jumladan ovoz berish huquqidan mahrum edilar.

14-tuzatishning “diplomatlarningfarzandlaridan boshqa AQSHda tug‘ilgan har qanday insonga fuqarolik berilishi kerak” mazmunidagi hozirgi talqini qonuniy yashovchi xitoylik muhojirlar oilasida tavallud topgan Vong Kim Ark tomonidan 1998-yilda kiritilgan da’vodan kelib chiqqan.

Ark Xitoy safaridan qaytganida uni AQSH fuqarosi emassiz, deb mamlakatga kiritishmaydi. U sudga murojaat qilib, 14-tuzatishga binoan AQSH fuqarosi ekanini da’vo qiladi va Oliy sud Ark foydasiga qaror chiqarib, pretsedent yaratadi.

Ayniqsa notinch va repressiv chet mamlakatlarning boy kishilari bolalariga AQSH fuqaroligini olib berish maqsadida o‘z xotinlari yoki jazmanlarini tug‘ish uchun sayyohlik vizasi bilan Qo‘shma Shtatlarga yuborib, qonunni suiiste’mol qilib kelishdi. Juda keng tarqalgan bu taktika “tug‘ruq turizmi” nomi bilan mashhur.

Muhojirlarni kamaytirish tarafdori bo‘lmish Center for Immigration Studies tadqiqot tashkiloti hisoblashicha, 2016-yil o‘rtalaridan 2017-yil o‘rtalarigacha AQSH sayyohlik vizasi bilan kelgan chet ellik ayollar 33 ming nafar farzand ko‘rishgan. Bolasiga pasport olgach bu onalarning ko‘pi chaqaloq bilan birga vataniga qaytib ketgan.

Трамп маъмурияти. Ўзбекистонни нима кутади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:01 0:00

2019-yil yanvarda, Trampning birinchi muddati davrida AQSH prokurorlari ilk bor “tug‘ruq turizmi” operatorlariga nisbatan federal ayblovlarni ilgari surishgan edi. Kaliforniyaga kelib farzand ko‘rishi uchun Xitoy fuqarolaridan o‘n minglab dollar olgan 19 kishi noqonuniy tadbirkorlikda ayblandi.

O‘sha yili AR agentligi har yili yuzlab rossiyalik homilador ayollar tug‘ish uchun Floridaga kelishi haqida xabar qildi.

Amerikada tug‘ilganlarning ota-onalari bolalari katta bo‘lganidan so‘ng AQSH fuqaroligiga kirishlari mumkin. AQSH taklif qiladigan imkoniyatlar, shuningdek mamlakatdagi qonun ustuvorligi tufayli fuqarolikka talabgorlar ko‘p. Qolaversa, Amerika pasporti egalari o‘z vatanlarida qamoq xavf solganida yoki inqiroz bo‘lgan paytlarda AQSH elchixonasidan ko‘mak olishadi, kerak bo‘lsa, evakuatsiyadan umid qilishlari mumkin.

Biroq “tug‘ruq turizmi” Qo‘shma Shtatlar fuqarolari bo‘lmagan ota-onalardan tug‘ilgan bolalarning bir qismiga aloqador, xolos. Boshana izlayotgan yoki fuqarolikni olish uchun ariza bergan muhojirlarning farzandlari ham bor.

Aksilmigratsiya siyosatini o‘z prezidentlik kampaniyasining asosiy g‘oyasiga aylantirgan Tramp birinchi marta iqtidorga kelganidayoq chet elliklarning farzandlariga AQSH fuqaroligi avtomatik tartibda berilishiga qarshi chiqqan. Ammo o‘shanda u hech qanday yuridik xatti-harakatlarga qo‘l urmagandi.

Ekspertlar fikricha, Tramp ilk muddati chog‘ida hali siyosiy g‘o‘r bo‘lgan, prezident lavozimidan ketganidan so‘ng esa Oq uyga qaytishi ehtimolini hisobga olib, qonunchilikka bahsli o‘zgartirishlar kiritishni puxtalik bilan rejalagan.

Tramp ma’muriyati 14-tuzatishdagi, o‘zi iddao qilishicha, na doimiy yashovchi qonuniy rezident, na fuqaro bo‘lgan ota-onalarning farzandlariga tug‘ilishi bilan fuqarolik berishni istisno etuvchi olti so‘zni mahkam tutib olgan.

“14-tuzatish hech qachon Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan barchaga fuqarolik berilishi kerak, deb talqin qilinmagan. 14-tuzatish hamisha Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan bo‘lsa-da, uning yurisdiksiyasiga tushmaydigan shaxslarni fuqarolik olish huquqidan o‘chirishni nazarda tutgan”, deyiladi ma’muriyatning 20-yanvardagi bayonotida.

Trampning farmoni onasi Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy bo‘lib turgan va otasi AQSH fuqarosi yoki doimiy yashovchi qonuniy rezident hisoblanmaydigan bolalarga fuqarolik berishni rad etadi. Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlarda qonuniy asoslarda, ammo vaqtincha, masalan, sayyohlik, ishchi yoki o‘qish vizasi bilan yashab turgan ona hamda AQSH fuqarosi yoki doimiy yashovchi qonuniy rezident bo‘lmagan otadan tug‘ilgan bolalarni fuqarolikka qabul qilishni ham rad qiladi.

Tramp ma’muriyatining argumenti aslida onaning sadoqati g‘oyasiga olib boradi, deydi Ratod. Bunaqa himoyada muammo bor, chunki AQSHning doimiy rezidenti bo‘lgan va farzandi, farmonga muvofiq, mamlakatda tug‘ilgani uchun fuqaro sanaluvchi ayol xorijiy davlat fuqaroligiga ega.

“Shunday ekan, ma’muriyat ushbu chigal huquqiy masalaga izoh berishi, qayerdan va nega chiziq tortganini tushuntirishi kerak”, ta’kidlaydi Ratod.

Amerika fuqarolik erkinliklarini muhofaza qilish ittifoqi (ACLU) va migrantlarni himoya qiluvchi boshqa guruhlar farmonni konstitutsiyaga va insoniylikka zid deb topib, darhol unga qarshi da’volar kiritishdi.

“Tug‘ilish huquqiga ko‘ra fuqarolikka ega bo‘lish Konstitutsiyamizda kafolatlangan bo‘lib, Amerika himoya qilayotgan qadriyatlar markazida turadi. AQSH hududida tug‘ilgan bolalarga fuqarolik berishni rad etish noqonuniy, o‘ta shafqatsiz va mamlakatimiz qadriyatlarga xilof harakatdir”, deydi ACLU'ning immigrantlar huquqlari bo‘yicha loyihasi direktorining o‘rinbosari hamda mazkur da’vodagi yetakchi advokati Kodi Vofsi.

Трамп биринчи иш кунидаёқ миграция қонунларини кучайтирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:40 0:00

Inson haqlari guruhlari o‘zlarining qo‘shma bayonotida Trampning farmoni go‘daklar hayotini potensial xavga qo‘yib, Qo‘shma Shtatlarda doimiy kamsitiladigan odamlar tabaqasini yaratishi haqida ogohlantirdi.

Bayonotda aytilishicha, bunaqa bolalar hayotining nozik davrida tamal tibbiy xizmatlardan mahrum qilinishi, ID-kartalar (shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar) ololmasligi va ovoz berish huquqiga ega bo‘lolmasligi mumkin.

“Ushbu farmon nafaqat u to‘g‘ridan to‘g‘ri daxl qiladigan bolalarga, balki irqi yoki ota-onasi tufayli fuqaroligi shubha ostiga olingan boshqa ko‘plab kishilarga ham tamg‘a bosib, “Siz Amerikaga begonasiz” degan signal yo‘llaydi. Bu yerda tavallud topgan bolalarni begonalashtirish hech qachon boshqa mamlakatda bo‘lmagan fuqaroligi yo‘q shaxslardan iborat past tabaqani paydo qiladi”, deyiladi yana bayonotda.

Oq uyning pretsedenti

Tug‘ilish huquqi bo‘yicha fuqarolik berishni bekor qilishga doir loyihalar Amerika qonunchilari uchun yangilik emas, biroq Trampning 14-tuzatish talqini borasida sudga da’vo kiritishi Oq uy uchun pretsedent bo‘lishi mumkin.

Konservativ doiralarda 14-tuzatishning qo‘llanish doirasini toraytirish kerakligi haqida o‘n yillardan beri gapiriladi, endilikda esa, aholining immigratsiyaga nisbatan salbiy munosabati hamda Oliy suddagi o‘zgarishlar manzarasida ularning argumentlari birinchi planga chiqmoqda, deydi Ratod.

“Ko‘ryapmizki, Tramp ma’muriyati ushbu argumentlardan foyda chiqaryapti, chunki Oq uy qonunni potensial o‘zgartirish imkoniyatiga egaman deb o‘ylaydi”, so‘zini yakunlaydi Jayesh Ratod.

XS
SM
MD
LG