AQSHdagi ikki yuzdan ziyod hindistonlik va markaziy osiyolik noqonuniy migrant Kosta Rika Respublikasiga yo‘llanadi.
The New York Times gazetasining xabar qilishicha, muhojirlarning birinchi guruhi 19 fevral kuni mamlakatga yetib keladi.
Kosta Rika hukumati 200 nafar noqonuniy muhojirni o‘z mamlakatiga qaytarishda Vashington bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan. Shu tariqa Markaziy Amerika davlati noqonuniy muhojirlar o‘z mamlakatlariga yetib borishida ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Aniqlik kiritilishicha, Markaziy Osiyo va Hindistondan borgan noqonuniy shaxslar tijorat reyslari orqali olib kelinib, migrantlarga xizmat ko‘rsatish markaziga joylashtiriladi. Jarayon AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.
Joriy yil 20-yanvaridan prezidentlik lavozimiga kirishgan Donald Tramp noqonuniy migratsiyaga qarshi beayov kurash e’lon qilgan.
Ozodlik avvalroq AQSHda yashab kelayotgan 975 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida badarg‘a qilinishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi.
AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati idorasi jami 1 million 445 ming kishini deportatsiya haqida ogohlantirgan. “Qora ro‘yxat”da Gonduras (261651 kishi), Gvatemala (253 ming 413 kishi), Meksika (252 ming 44 kishi), Salvador (203 ming 822 kishi), Nikaragua (45 ming 995) kabi davlatlar fuqarolari ko‘p ekanini ko‘rish mumkin.
2023-yil sentyabridan 2024-yil sentyabrigacha Qo‘shma Shtatlardan O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.