Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

AQSHdagi sud: Hay’at Trampni “aybdor” deb topdi


Donald Tramp
Donald Tramp

Nyu-York sudidagi hay’at 30-may kuni AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha o‘z hukmnomasini e’lon qildi. U ayblovning barcha 34 bandi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ayblov hukmnomasi asosidagi hukm keyinroq chiqariladi. Bu ish 11-iyul kuni amalga oshishi kutilmoqda. Shu tariqa, Tramp saylovgachayoq sudlanishi mumkin. U jarimaga tortilishi, shartli jazo muddati yoki haqiqiy qamoq jazosi olishi mumkin.

Qayd etilishicha, hay’atdagi 12 hakamning hammasi “aybdor” deya ovoz bergan. Tramp o‘rtalarida go‘yo bo‘lib o‘tgan jinsiy aloqa haqida jim turishi uchun pornoaktrisa Stormi Deniels to‘langan pulni yashirish maqsadida (bu holat 2016-yildagi prezident saylovida nomzodga xalaqit bermasligi uchun) ish hisobotini soxtalashtirganlikda aybdor deb topilgan. Tramp bu yilgi saylovga ham nomzodini qo‘yib, Respublikachilar partiyasini qatorasiga uchinchi marta tamsil etmoqda.

Hukmnoma e’lon qilinganidan keyin muxbirlar savoliga javob bera turib, Tramp o‘zi ustidan o‘tkazilayotgan jarayonni “sharmandali, soxtalashtirilgan” deb atagan. U sud uyushtirilgani uchun aybni Jo Bayden ma’muriyatiga yuklagan: “Bu ish Bayden ma’muriyati tomonidan muxolifni, siyosiy muxolifni yaralash, unga jarohat yetkazish maqsadida qilindi”.

Donald Trampga ayblov e’lon qilgan Manxetten tuman prokurori Elvin Bregg Trampning tanqidini rad etib, prokurorlar “faktlar va qonun talabiga rioya qilganlari”ni bildirgan.

Hozir ko‘p saslar eshitilmoqda, biroq ahamiyatga ega bo‘lgan yagona ovoz hay’at hakamlarining ovozidir va ular o‘z so‘zlarini aytishdi”, degan u.

Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan bir necha siyosatchi Donald Trampni dastaklab chiqishgan. Senatdagi respublikachilar ozchiligi rahbari Mitch Makkonell ayblovni asossiz deb atagan va apellyatsiya sudiga hukmnomani bekor qilishni taklif qilgan.

Prezident Bayden hay’at qaroriga to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bergan emas. “Donald Trampni Cho‘zinchoq kabinetga (Oq uydagi prezident xonasi) kiritmaslikning yagona yo‘li - bu saylov qutilaridir”, deb yozgan Jo Bayden ijtimoiy tarmoqlarda o‘z saylov fondiga iona uchun sahifaga havola qoldirar ekan.

Hukm chiqqanidan keyin advokatlar uning ustidan sudga ariza berishlari kutilmoqda. Tramp o‘zining aybsiz ekanini ta’kidlamoqda.

Bu hukmnoma bilan bog‘liq voqealar qanday rivoj topishidan qat’i nazar, bu Donald Trampning saylovda ishtirok etishiga xalaqit qilolmaydi. Prezident saylovida g‘alaba qozonsa, hatto qamoq jazosiga hukm qilingan taqdirda ham, prezident lavozimiga kirishadi. Tahlilchilar unga nisbatan qamoq jazosi tayinlanishi ehtimoli kam ekanini aytishmoqda.

Bu AQSH tarixida sobiq prezident jinoyatda aybdor deb topilishi bilan bog‘liq ilk hodisadir.

XS
SM
MD
LG