Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:01

AQSHdan 572 nafar o‘zbekistonlik badarg‘a qilindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrgacha O‘zbekistonga 572 kishini deportatsiya qildi.

Immigratsiya va bojxona idorasi e’lon qilingan hisobotda qayd etilishicha, yil davomida 192 mamlakatga 271484 kishi badarg‘a qilingan. Deportatsiya qilinganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki baravarga ortgan.

Qo‘shma Shtatlardan O‘zbekistonga qaytarilgan o‘zbeklar soni ham o‘tgan yilga nisbatan bir necha baravarga oshganini kuzatish mumkin. 2023-yilda 88 nafar o‘zbekistonlik majburan vataniga qaytarilgandi.

Tahlilchilar AQSH prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Donald Tramp davrida muhojirlarga nisbatan siyosat yanada keskinlashishini aytmoqda.

Joriy yil yozida Kaliforniya shtati chegara xizmatiga O‘zbekiston doxil besh postsovet mamlakatidan bo‘lgan noqonuniy migrantlarni qo‘lga olingani zahoti vataniga deportatsiya qilish majburiyati yuklangandi.

Shuningdek, avvalroq 2023-yilning 1-oktyabridan 2024-yil may oyi oxiriga qadar AQSHning janubiy chegarasini 57 ming 200 nafar noqonuniy migrant kesib o‘tib, Kaliforniya shtatiga borishga harakat qilgani, bulardan 2900 nafari o‘zbekistonlik ekani bildirilgan edi.

Ozodlik radiosi o‘tgan yil avgust oyida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning “orzular o‘lkasi”ga Lotin Amerikasi davlatlari va Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi xususida so‘z borgan.

XS
SM
MD
LG