Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:43

AQSHning ATACMS raketalari Ukraina urushida muvozanatni o‘zgartira oladimi?


Armiya taktik raketa tizimi (ATACMS) sinovi. 14-dekabr, 2021-yil. AQSH Mudofaa vazirligi
Armiya taktik raketa tizimi (ATACMS) sinovi. 14-dekabr, 2021-yil. AQSH Mudofaa vazirligi

Rossiya 2,5 yildan ortiq vaqt ichidagi eng tez sur’atda Ukraina sharqidagi hududlarni egallab olayotgan bir paytda, uning ittifoqchisi Shimoliy Koreya frontga minglab yangi askarlarini yubormoqda.

Shu bilan birga, Ukrainaning urushdagi eng katta homiysi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga Donald Tramp saylandi. U Ukrainaga katta miqdorda berilayotgan yordamni tanqid qilgan edi. AQSH qo‘llab-quvvatlovi kamayishi Kiyevni tinchlik evaziga hududlaridan voz kechishga majburlashi mumkinligidan xavotirlar paydo bo‘ldi.

Shuningdek, Ukrainaning Yevropadagi hamkorlari AQSH yordami o‘rnini to‘ldirish masalasida kelisha olmayotganidan tashvishlar ham bor.

Ammo Rossiyaning yangi qarshi hujumi boshlanishi bilan ayoz qish yaqinlashayotgan bir paytda, Ukrainaning eng katta harbiy so‘rovlaridan biri amalga oshadiganga o‘xshaydi. AQSH ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati nihoyat Kiyevga Rossiya hududiga AQSHning kuchli uzoq masofali qurollari bilan zarba berish uchun ruxsat berdi.

"Bu Kremlga biz qo‘l qovushtirib, Trampni kutayotganimiz yo‘q, Qo‘shma Shtatlar taslim bo‘lmagan, degan payg‘omdir," dedi 2014- yildan 2017-yilgacha Yevropadagi AQSH armiyasi kuchlariga qo‘mondonlik qilgan iste’fodagi AQSH general-leytenanti Ben Xodjes Ozodlik radiosiga.

Украинага босқин: 996-кун | Россия Украина урушини тўхтатиш бўйича музокараларга очиқ - Россия элчиси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:48 0:00

Eskalatsiyadan xavotir

Bu qadam Buyuk Britaniya va Fransiya uchun ham yo‘l ochadi, bu esa Ukrainaga urushning hal qiluvchi pallasida Rossiyaga zarba berish imkonini beradi. Ukraina kelgusidagi muzokaralarda asqatishi mumkin bo‘lgan Rossiyaning Kursk viloyatidagi egallangan hududni saqlab qolishga intilmoqda.

Kiyev bir necha oylardan beri Bayden ma’muriyatidan rus bombardimonchi va qiruvchi samolyotlari joylashgan aerodromlarni yo‘q qilish uchun mamlakat ichkarisiga chuqur zarba berishga ruxsat so‘rab kelgan edi.

Joriy yil boshida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Ukrainaga har oy 3000 tagacha qanotli bombalarini tashlayotganini aytgan edi. Bu bombalar Ukraina qo‘shinlarini tor-mor keltirib, uning infratuzilmasini vayron qildi, yangi hududlarni bosib olishi uchun yo‘l ochdi.

Urush boshlanganidan beri Ukrainaga kuchli qurol-yarog‘ tizimlarini yetkazib berishda ehtiyotkor bo‘lgan Bayden ma’muriyati eskalatsiyadan xavotirlanib, Kiyevning iltimosini rad etgandi. Ma’muriyat, shuningdek, Buyuk Britaniyaning uzoq masofali zarbalar uchun ruxsat berishiga to‘sqinlik qildi, chunki uning "Storm Shadow" qanotli raketalarida ham AQSH beradigan qismlardan foydalanilgan.

Ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, Bayden ma’muriyati Tramp saylov kampaniyasi davomida kengroq urush xavfini uyg‘otadigan uzoq masofali zarbaga ruxsat berilganidan ham foydalanishi mumkinligidan xavotirda edi. Tramp hokimiyatga kelganidan so‘ng tez orada urushni to‘xtatishga va’da bergan.

Oq uy uzoq masofali zarbalarga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori Rossiya Ukrainaga 210 ta raketa va dronlarni uchirganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Bu 2022-yil fevral oyida keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Rossiyaning eng yirik havo hujumlaridan biri edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Kurskni qaytarib olish uchun 50 ming kishi, jumladan, minglab Shimoliy Koreya askarlarini safarbar qilgan. Harbiy tahlilchilar ta’kidlashicha, Putin muzokarada qo‘li baland kelishi uchun 20-yanvarda Tramp hokimiyat tepasiga kelishidan oldin mintaqani to‘liq nazoratga olishni xohlaydi.

Ehtimoliy ta’sir

Uzoq masofali zarba berishga ruxsatning jang maydonidagi ta’siri Ukrainaga qancha ATACMS, ya’ni 300 kilometrgacha bo‘lgan masofaga uchuvchi raketalar berilishiga hamda ulardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarga bog‘liq bo‘ladi. New York Times va Washington Post gazetalari Ukrainaga faqat Kursk viloyatiga zarba berishga ruxsat etilgani haqida xabar berdi.

Bayden ma’muriyati e’lonidan so‘ng, Fransiyaning Le Figaro gazetasi Buyuk Britaniya va Fransiya ham Ukrainaga o‘zlarining Storm Shadow va SCALP raketalaridan Rossiya hududida zarba berish uchun foydalanishga ruxsat berishini ma’lum qildi. Bu esa hozirgacha o‘zining "Taurus" raketalarini Ukrainaga yetkazib berishdan bosh tortib kelayotgan Germaniyaga bosimni kuchaytiradi.

ATACMS haqida ko‘p yozgan kanadalik mudofaa tahlilchisi Kolbi Badhvarning aytishicha, Qo‘shma Shtatlarda 2023-yil dekabr holatiga ko‘ra 2400 ga yaqin uzoq masofali raketa mavjud bo‘lib, ularning taxminan yarmi muddati o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida zaxiraga 500 dan ortiq ATACMS qo‘shilgan. Biroq, Pentagon ularni ko‘p miqdorda yetkazib berishga ikkilanmoqda.

Украинага босқин: 995-кун | Кўп болали ўзбекистонлик аёл Россия тарафида урушмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:50 0:00

Askar soni

Istefodagi general-leytenant Xodjesning fikricha, Ukraina yetarli miqdordagi raketa ta’minoti bilan Rossiyaning Kurskdagi qarshi hujumini zaiflashtirishi mumkin.

"Agar shtab-kvartira, ta’minot va artilleriyani yo‘q qila oladigan yetarli aniq qurollarga ega bo‘lsangiz, katta kuchni mag‘lub etishingiz mumkin," deydi u.

Joriy yil boshida, Qo‘shma Shtatlar Rossiya hududida ATACMSdan foydalanishga ruxsat berishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar kuchaygan paytda, Kreml o‘zining ba’zi harbiy vositalarini uzoqroq olib ketgan edi.

Badhvar o‘z tvitida zarba yetib boradigan masofada hali ham ko‘plab rus harbiy kuchlari borligini ta’kidladi.

Biroq, ATACMSning muvaffaqiyatli zarbalari ham Ukrainaning jang maydonidagi asosiy muammosini hal qilmaydi, bu borada Qo‘shma Shtatlar va uning NATOdagi ittifoqchilari yordam bera olmaydi: bu yerda askar soni masalasi bor.

Ukraina qo‘shimcha kuch to‘plashni kech boshladi va endi doimiy rus qo‘shinlari hujumlarini qaytarish uchun yetarlicha odam jalb qilish va tayyorlashga qiynalmoqda. Rossiya Ukrainaga qaraganda ko‘proq – kuniga 1500 kishigacha yo‘qotishiga qaramay, Kreml hali ham o‘z kuchlarini to‘ldira oladi.

XS
SM
MD
LG