Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:26

AQSHning Iroqdagi bazasiga raketa zarbasi berildi


Isroilning "Temir gumbaz" mudofaa tizimi 4-avgust kuni mamlakat shimolida Livan janubidan uchirilgan raketalarni urib tushirdi
Isroilning "Temir gumbaz" mudofaa tizimi 4-avgust kuni mamlakat shimolida Livan janubidan uchirilgan raketalarni urib tushirdi

Beshinchi avgust oqshomida Iroqdagi "Al-Asad" havo bazasidagi AQSH va koalitsiya kuchlariga qarshi raketa hujumi uyushtirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha amerikalik xizmatchi yaralangan.

Hujum tafsilotlari, qurbonlar va yetkazilgan zarar miqdori hozircha ma’lum emas.

Eronning Iroqda joylashgan proksi jangari guruhlaridan biri AQSH havo bazasiga hujumdan bir necha kun o‘tib, Iroqning Anbar viloyatidagi harbiy bazaga hujum uchun mas’uliyatni bo‘yniga oldi.

Iroqda Eronga xayrixoh bo‘lgan kamida to‘rtta ekstremist guruhlar mavjud.

Hujum HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) siyosiy rahbari Ismoil Haniyaning Tehronda o‘ldirilishi ortidan Eronning qasos zarbalaridan xavotirlar kuchaygan bir paytda sodir bo‘ldi.

Eron va Livandagi "Hizbulloh" jangari guruhi Tehron va Bayrutdagi hujum uchun Isroildan qasos olishga va’da bergan.

Eron Isroilni jazolash Yaqin Sharqdagi keyingi beqarorlikning oldini olishini, ammo Haniya o‘limidan keyin kuchaygan taranglikni yanada zo‘raytirish niyati yo‘qligini bildirdi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Isroil allaqachon "Eronning yovuzlik o‘qiga qarshi ko‘p jabhali urushda" kurashayotganini aytar ekan, Eron va uning ittifoqchi hamkorlarini Isroilga hujum oqibatlaridan ogohlantirdi.

Islom inqilobi posbonlari korpusiga aloqador "Tasnim" axborot agentligi Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanoniyning bayonotini e’lon qildi.

"Biz Eron tajovuzkor davlat Isroilni xalqaro huquq doirasida jazolashga haqli, deb hisoblaymiz. Eron o‘z xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro prinsiplar asosida jiddiy va to‘xtatuvchi choralarni ko‘radi", deyilgan bayonotda.

Kanoniy Eron Isroilni jazolash bilan barqarorlikka erishilishiga ishonishini qo‘shimcha qilgan.

Isroil Haniyaning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan emas.

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi AQSHni hujumni qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, Haniya qarorgohi 7 kilogramm jangovar kallakli raketa bilan nishonga olingan.

The New York Times gazetasi ismi oshkor etilmagan manbalarga tayangan holda, Haniya o‘zi joylashgan Tehrondagi mehmonxonaga ikki oy oldin yashirincha joylashtirilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgani haqida yozdi.

Bu orada Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu yangi tayinlangan prezident Ma’sud Pezeshkiyon bilan uchrashish uchun Tehronga bordi.

Eron davlat matbuotiga ko‘ra, Pezeshkiyon Shoyguga Tehron o‘zining "strategik hamkori" bilan munosabatlarni kuchaytirish qarorida qat’iy ekanini aytib, Rossiyaga dastak uchun minnatdorlik ham bildirgan.

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Tehron Isroilga hujum qilsa, Vashington Isroilni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

AQSH davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerga ko‘ra, Vashington diplomatik kanallar orqali Tehronga mintaqadagi vaziyatning keskinlashuvidan "hech kim manfaatdor emas" degan signallar yuborgan.

AQSH va Eron o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q va tomonlar ko‘pincha uchinchi davlatlar orqali bir-biriga xabar yo‘llaydi.

Butun dunyoda vaziyatni taranglashtirmaslikka oid chaqiriqlar davom etar ekan, Tehron Haniyaning o‘ldirilishi yuzasidan Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) favqulodda yig‘ilishini chaqirgan.

XS
SM
MD
LG