Armanistonda Rossiyaning “Birinchi kanal”i yoyini to‘xtatib qo‘yilgan. Armenpress agentligining yuqori texnologiyali sanoat vaziri Mxitar Ayrapetyan so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, telekanal yoyinining to‘xtatilishi qarz masalasi bilan bog‘liq.
Ayrapetyanga ko‘ra, “Birinchi kanal”ning xorijdagi yuridik shaxsi bo‘lgan 1st Channel World Network ikki yarim oydan buyon yig‘ilgan qarzlarini to‘lamay, “shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarmagan”, shuning uchun ham uning jamoatchilik multipleksidagi yoyini vaqtincha to‘xtatilgan.
Mart oyida Armaniston rasmiylari multipleksda kremlparast boshlovchi Vladimir Solovyov muallifligida “RTR-Planeta” telekanalida chiqadigan ikkita dastur yoyinini taqiqlab qo‘ygan edi. Mazkur qaror “mintaqada qayd etilgan doimiy huquqbuzarliklar asosida” qabul qilingani aytilgan.
Solovyovning dasturi blokirovka qilinguniga qadar Armaniston TIV Rossiya elchixonasiga ommaviy telekommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida tuzilgan shartnoma buzilgani haqida nota yo‘llagan. O‘sha paytda Ayrapetyan gap qanaqa huquqbuzarlik haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan, biroq “noxush hodisa Rossiya kanallaridan birida 25-fevral kuni kuzatilgan”ini aytgan. Ozodlikning arman xizmati o‘shanda 25-fevral kuni “Vecher s Vladimirom Solovyovim” dasturida bir necha bor Armaniston va uning rahbariyati tilga olinib, qator tahqirlovchi iboralar yangragani haqida yozgandi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan France 24 telekanaliga bergan va fevral oyida yoyinlangan intervyuda kuzda Rossiya vakillari armanistonliklarni ko‘chalarga chiqib, hukumatni ag‘darib tashlashga chaqirgani, Rossiya telekanallari esa olti yildan buyon muntazam ravishda hukumat va shaxsan unga qarshi propaganda olib borayotganini bildirgan edi.