Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:29

Arseniy Yatsenyuk: “Ukraina qulasa, ortidan Moldova bilan Gruziya ham yiqiladi” (VIDEO)


Arseniy Yatsenyuk, Kiyev Xavfsizlik Forumi rahbari, Ukraina sobiq bosh vaziri (2014–2016).
Arseniy Yatsenyuk, Kiyev Xavfsizlik Forumi rahbari, Ukraina sobiq bosh vaziri (2014–2016).

Putin Rossiyasiga nisbatan yanglish siyosat yuritishning tovoni bor, eng og‘ir tovonni hozir ukrainlar to‘lashmoqda, deb hisoblaydi Ukrainaning sobiq bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk. Uning fikricha, bu urush gruzinlar va moldovanlar taqdirini ham hal etajak.

2014–2016-yillarda Ukraina bosh vaziri lavozimida ishlagan Arseniy Yatsenyuk Ozodlik radiosi gruzin xizmatiga katta intervyu berdi. Unda siyosatchi “qonli va ayovsiz janglar” kutilayotgani haqida ogohlantirdi.

47 yoshli Yatsenyuk, shuningdek, Germaniya Rossiyaga nisbatan xato siyosati uchun tovon to‘layajagini, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada muvaffaqiyat qozongan taqdirda “keyingi nishonlar Gruziya va Moldova bo‘lishi”ni urg‘uladi.

Yatsenyukka ko‘ra, Ukrainaning jangovar matonati, G‘arbning so‘zda va amalda birligi hamda “maqtalgan Rossiya qurolli kuchlarining aslida korrupsiya va qoloqlikka botgani tufayli” muvaffaqiyatsizlikka uchrashi, Moskvaning dastlabki harbiy rejalarini ostin-ustun qilgan.

Biroq siyosatchi ukrainlarni oldinda hali ko‘p dahshatli iztiroblar kutayotganidan ogohlantirdi.

“Hamletona tanlov qarshisidamiz: g‘alaba yoki mag‘lubiyat, yo hayot, yo mamot. Shaxsan men bu urushda Ukraina yutib chiqishiga chin dildan ishonaman, g‘alaba bizniki bo‘ladi... Ammo g‘alaba yo‘li qonli va mashaqqatlidir, ko‘p talafot berishga majbur bo‘lamiz”, deya qo‘shimcha qildi Yatsenyuk Ukraina mudofaasini “adolatli urush” deb atarkan.

Sobiq bosh vazir ta’biricha, Ukraina himoyasi “zamonaviy dunyodagi chinakam qahramonliklarning jonli misolidir”. O‘tgan haftada Rossiya Qora dengiz floti flagmani bo‘lgan “Moskva” raketa kreyserining cho‘ktirilishi voqeasini esa u “Putinning intihosini bildiruvchi xayrli alomat” deb atadi.

18 va 19-aprel kunlari Moskva hamda Kiyev Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi harbiy harakatlarning yangi bosqichini boshlaganini ma’lum qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2014-yildan beri Rossiya dastaklayotgan bo‘lginchilarni Donetsk va Luganskdagi ukrain kuchlaridan ajratib turgan butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab hujum harakatlari faollashgani munosabati bilan ukrain mudofaachilarini kurashni davom ettirishga chaqirdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi 19-apreldagi bayonotida tun bo‘yi 1200 dan ortiq nishonga zarba berilganini va Ukrainaga tegishli MiG-29 uchog‘i urib tushirilganini bildirdi.

Yatsenyuk bu voqealarni Kreml Rossiyada muqaddaslashtirilgan 9-may sanasiga qadar biron arzigulik yutuqqa erishishda umid qilayotgani bilan izohlaydi.

Siyosatchi Putin va uning Ukrainadagi “maxsus harbiy amaliyoti” aksar rossiyaliklar tomonidan ma’qullanayotganiga doir rasmiy raqamlarga bir oz shubha bildirsa-da, Putin bilan uni saylagan odamlar o‘rtasida aytarli farq ko‘rmasligini aytdi.

“Rus xalqi umumiyatla bu urushga tarafdor, umumiyat-la aksilukrain va aksilg‘arb, deb o‘ylayman. Gap faqat Putinning o‘zida emas, chunki Irpen va Buchada begunoh odamlarni qatliom qilgan Putin emas. Bu yovuzliklarni askarlar, rus askarlari qilishyapti”, dedi Yatsenyuk.

BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi va Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi 18-apreldagi bayonotida urush boshlangan 24-fevral sanasidan beri 5 million ukrainalik o‘z vatanini tark etganini ma’lum qildi. BMT Migratsiya boshqarmasi qaydicha, uchinchi mamlakatlar fuqarolari, aksari talabalar va mehnat migrantlaridan iborat 215 ming kishi ham Ukrainadan chiqib ketgan.

BMT, shuningdek, 18-aprel holatiga tinch aholidan jami 2072 kishi qurbon va 2818 kishi yarador bo‘lganini bildirdi.

Yatsenyuk Ozodlik bilan suhbatda Putin va Rossiya harbiylari qo‘llaydigan taktika ularning yaqin harbiy kampaniyalari takrori bo‘lishini bashorat qilarkan, Checheniston urushida – Grozniy, Suriyada – Xalab, 2014-yilda – Ukrainaning Azov dengizi sohilidagi muhim strategik shahri bo‘lmish Mariupol vayron qilinganini misol qilib keltirdi.

“Rossiya harbiylarining Kiyev viloyatidagi, Mariupoldagi, Chernigov va Xarkovdagi taktikasi mutlaqo aniq – o‘ldirish, yoqish, yo‘q qilish. Shu bois ham Ukraina armiyasiga mudofaa va hujum uchun og‘ir qurollar yetkazib berish hayotiy zaruratdir”, dedi Yatsenyuk.

Siyosatchi “G‘arb siyosatidagi ulkan o‘zgarishlar”ni olqishladi, shuningdek AQSh, Buyuk Britaniya va Yevroittifoqning Kievga ko‘rsatayotgan yordamini yuksak baholadi.

“Bu Putin uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Mana shu yerda jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. U G‘arbning zaifligiga va agressiyaga ojizona va samarasiz javob qaytarishiga qattiq ishonardi. Biroq G‘arb Rossiyaga nisbatan siyosatini tubdan o‘zgartirib, voqealarda burilish yasadi”, ta’kidladi rossiyaparast Yanukovich hukumati qulaganidan so‘ng Ukrainada katta siyosat sahnasiga chiqqan Arseniy Yatsenyuk.

Uning aytishicha, bu o‘zgarishlar “orqaga qaytmasligiga” ishonishni istaydi, ammo tajribali siyosatchi o‘laroq ayrim voqealardan shubhalanmoqda. Ayni o‘rinda Yatsenyuk Vengriyaning Rossiyaga qarshi umumyevropa sanksiyalariga qo‘shilmay va Rossiya uglevodorodlariga qaramlikdan qutulishga urinmayotganiga, shuningdek Fransiya prezidentligiga saylovda “putinparast nomzod” Marin Le Pen qo‘llab-quvvatlanayotganiga e’tibor qaratdi.

Irpen
Irpen

U Germaniya-Ukraina munosabatlariga to‘xtalarkan, Kiyevga tashrif buyurish istagini bildirgan Germaniya prezidenti Valter Shtaynmayerga betakalluf muomala qilgani uchun Zelenskiy hukumatini koyidi.

“Germaniyaning siyosati keskin o‘zgardi, bu avvalo Germaniyaning o‘zi uchun, qolaversa Ukraina uchun yaxshi. Rossiya bilan qalin iqtisodiy, siyosiy va moliyaviy aloqalar uni kuchaytirmadi, qaytaga zaiflashtirdi. Merkel va Shtaynmayer Rossiyaga noto‘g‘ri baho berganlarini ochiqcha tan olishdi. Shu bois Germaniya prezidentining Kiyevga tashrifi ikki mamlakat uchun foydali bo‘lur edi”, dedi Yatsenyuk.

Sobiq bosh vazir fikricha, yaqin istiqbolda Germaniya jamoatchiligi Merkel yo‘l qo‘ygan siyosiy xatolar jabrini tortadi, ammo bu qiyinchiliklar “Ukraina va ukrain xalqi to‘laydigan tovon oldida hech narsa emas”.

Ukrainalik harbiy Kiyev viloyati Andreyevka aholi punktida rus armiyasiga tegishli tank ustida. 5-aprel¸ 2022-yil
Ukrainalik harbiy Kiyev viloyati Andreyevka aholi punktida rus armiyasiga tegishli tank ustida. 5-aprel¸ 2022-yil

Yatsenyuk sobiq sovet respublikalari – Gruziya va Moldova hukumatlarining ushbu urushga nisbatan betaraf pozitsiyasini “mutlaqo noto‘g‘ri qaror” deb atadi.

“Ular Rossiya qanaqa o‘yin qilayotganini juda yaxshi bilishadi. Bizning qadriyatlarimiz bir – Moldova ham, Gruziya ham Yevropaga intilmoqda. Barchamiz uchun juda og‘ir bo‘lmish ushbu kunlarda chinakam birlikni va yagona frontda ekanimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak edi. Zero, agar Ukraina qulasa, Moldova bilan Gruziya ham qulaydi. Vassalom”, dedi Yatsenyuk qat’iyat bilan.

U mazkur ikki mamlakatni va boshqalarni Putinga ishonmaslikka chaqirib, Rossiya hech qachon so‘zida turmasligini uqtirdi.

Putin urushni boshlashdan bir necha kun oldin o‘z chiqishida Ukrainani Rossiyaning ajralmas qismi deb atagan, ukrain millati va madaniyatini shubha ostiga qo‘yib, mamlakat alhol “haqiqiy davlatchilik”ni shakllantira olmaganini iddao qilgandi.

Hujumga bir necha soat qolganida esa u “Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish uchun maxsus harbiy amaliyot” boshlashini e’lon qildi. Moskva 2014-yilda prezident Viktor Yanukovich ag‘darilganidan so‘ng tuzilgan ukrain hukumatining obo‘sini to‘kish maqsadida ko‘p yillardan beri uni millatchilikda va militarlashuvda ayblab keladi.

“Urushish uchun Rossiyaga hech qanaqa bahona kerak emas. Ular xohlagan vaqtda istalgan bahona bilan urush boshlayverishadi”, dedi Yatsenyuk.

XS
SM
MD
LG