Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:27

Arxeologik yodgorliklardan g‘isht yasab sotilayotgan Qashqadaryo tarixiy tepaliklardan judo bo‘lmoqda


Yakkabog‘dagi "Dovza tepa"
Yakkabog‘dagi "Dovza tepa"

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidagi dunyo arxeologlari tarafidan muntazam o‘rganib kelingan yettita qadimiy tepalik yo‘q bo‘lib ketish arafasida. Mahalliy aholi tepaliklarga uy qurib olgan. Tadbirkorlar tepalik tuproqlarini ekskavatorlar bilan qazib olib, g‘isht quymoqda. Madaniyat vazirligi esa, Ozodlikka " tepaliklarni saqlash uchun" taftishchi jo‘natilganini bildirdi.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti Yakkabog‘ ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilib, mamlakat tarixiga oid noyob yodgorlik sifatida qayd qilingan Oqtoshtepa¸ Sandaltepa¸ Xabartepa¸ Dovzatepa va Kindiktepa yodgorliklari g‘isht zavodi uchun xomashyo sifatida vayron qilingan.

Bu haqda Ozodlikka Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi huzuridagi «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi raxbari Amirqul Karim ma’lum qildi.

Joriy haftada Yakkabog‘dagi yodgorliklarni borib ko‘rgan Ozodlik mobil muxbiri Kindiktepa va Dovzatepa yodgorliklari g‘isht qilib quyilayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati Ozodlikka taqdim qilgan ma’lumotnomada Yakkabog‘dagi barcha yodgorliklar emas, balki aksar obidalar vayron qilingani e’tirof etiladi.

«To‘g‘ri, ko‘plab moddiy madaniy meros obyektlariga zarar yetkazilgan. Bugungi kunda bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida huquq-targ‘ibot organlari bilan birgalikdagi ishlarimiz izchillik bilan davom etmoqda. Ayni kunlarda Qashqadaryo viloyatining barcha tumanlarida huquq-targ‘ibot organlari bilan birgalikda barcha moddiy madaniy meros obyektlarining ahvoli o‘rganib chiqilmoqda."

Ozodlik mobil muxbiri va safar davomida unga hamrohlik qilgan munaqqid va me’mor Abdumalik Turdiyevning aytishicha, Yakkabog‘dagi yodgorliklarga to‘rt xil tarzda ziyon yetkazilgan:

  • Arxeologik yodgorlik sifatida davlat ro‘yxatiga olingan yerda ekin-tikin qilinmoqda.
  • Qadimiy tepalik yoniga g‘isht sexi qurib, arxeologik yodgorlikdan xomashyo sifatida foydalanilmoqda.
  • Qadimiy yodgorlik tekislanib, ustidan yo‘l o‘tkazilgan.
  • Yodgorlik joylashgan xududdan odamlarga uy qurish uchun uchastka berilgan.

«Bu vayrongarchiliklarning hammasi yodgorliklarni saqlash bo‘yicha departamenning ishlamagani oqibatidir"¸ - deydi Turdiyev.

Ozodlik Yakkabog‘dagi hali to‘la vayron qilinmagan tarixiy obidalar bo‘yicha o‘z kuzatishini olib bordi.

Shunday obidalardan biri Yakkabog‘ning «Oqtosh» qishlog‘ida joylashgan. 160x140 metr maydondagi bu tepalik bo‘yi 13 metrga teng. Madaniy meros obyekti sifatida UZ-Kash-Yak-156 raqami bilan ro‘yxatga olingan. Yodgorlikdan VI asrga oid osori atiqalar topilgan. Ayni kunlarda tepalik himoya xududida odamlar qonunga zid ravishda uy qurib yashamoqda.

Saqlab qolinishi qonunga ko‘ra shart bo‘lgan tarixiy tepaliklardan biri Yakkabog‘ tumanidagi “Dovzatepa” yodgorligidir. Yodgorlik o‘laroq uz-Kash-yak-066 raqami bilan ro‘yxatga olingan. V asrga oid qadimiy yodgorlik. Keyingi 4 yil ichida mahalliy hokimiyat tepalik atrofidan xususiy uylar qurish uchun 40 dan ziyod uchastka ajratib berdi.

Amirqul Karimning aytishicha, “tepalikning himoya hududi ishg‘ol qilingan va Yusuf Rahmonov degan tadbirkor yo‘lni kengaytirish uchun qirqib, tuprog‘idan o‘z inshootlariga g‘isht yasab, foydalanmoqda.”

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy aholi vakiliga ko‘ra¸ “tepalik atrofidagi yer bo‘lib berilayotganda, Madaniy meros inspeksiyasi bu yerlar madaniy meros obyekti emasligi haqida xulosa bergan. “

Tepalikni buzib, g‘isht quyish holati oxirgi marta Dovzatepada bir oy oldin kuzatilgan. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi vakilining ishontirishicha¸ shu kunlarda g‘isht quyish ishlari to‘xtatilgan.

Kindiktepani yeb-yutgan g‘isht zavodi

Joriy haftada Yakkaboqqa borgan Ozodlik mobil muxbiri Kindiktepa yodgorligida “Yuqori sifatli innovatsion qurilish” MChJ g‘isht ishlab chiqarayotganining guvohi bo‘ldi.

Kindiktepadagi g‘isht zavodi
Kindiktepadagi g‘isht zavodi

Hujjatlarda Yakkabog‘ tuman hokimining 2018 - yil 21 - oktabrdagi X-2261/10 -raqamli qarori asosida “Yuqori sifatli innovatsion qurilish” MChJga tepalik yonidagi yer g‘isht zavodi uchun foydalanishga ajratilgani aks etgan.

Bu yerni ajratish chog‘ida ham Madaniy meros inspeksiyasi xulosasi olinmagan.

G‘isht zavodi xodimlari qadimiy tepalikni ulkan skreper mashinasi bilan qirqib, g‘isht chiqarmoqda. Samosvallar peshma-pesh tuproq tashishmoqda.

Me’mor Turdiyevning aytishicha¸bu tarixiy obidani "surunkali vayron qilish "sifatida malakalandi.

Samarqand Arxeologiya instituti xodimi, fan doktori Abdusobir Rayimqulovning yozishicha , V- asr yodgorligi bo‘lgan bu yirik madaniy meros obyekti yonida g‘isht zavodi bo‘lishi obida uchun katta xavfdir.

Ayni viloyatdagi Shahrisabz tarixiy eski shahar qismining haddan ziyod restavratsiya qilingani va zamonaviy qurilishlar bois o‘z me’moriy qiymatini yo‘qotgani ortidan YuNESKO Madaniy meroslari ro‘yxatidagi mavqeyi pasaytirilgan edi.

XS
SM
MD
LG