Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Avstraliyada terror targ‘iboti uchun qamalgan tojikistonlik olim ozodlikka chiqdi


Abdusalom Odinazodaning qamoqdan ozod bo‘lganidan keyingi fotosurati
Abdusalom Odinazodaning qamoqdan ozod bo‘lganidan keyingi fotosurati

Avstraliyada “terrorizm targ‘iboti” uchun ozodlikdan mahrum etilgan va 3,5 yil qamoqxonada o‘tirgan tojikistonlik olim Abdusalom Odinazoda ozodlikka chiqdi. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmati xabar qildi.

Odinazoda 2022-yilning 22-dekabrida Avstraliyaning Pert shahridagi uyida qo‘lga olingan edi.

Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda tojikistonlik olim o‘zining qamoq muddati 19-iyun kuni tugaganini ma’lum qilgan.

Odinazoda G‘arbiy Avstraliya universitetida o‘n yildan ko‘proq ishlagan bioximik olimdir. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Abdusalom Odinazoda YouTube videoportaliga “Tojikistonda hokimiyatni ag‘darib tashlash va xalifalik barpo qilish chaqirig‘i bilan” bir necha video joylashtirgani ortidan 2020-yil fevralida Avstraliya politsiyasi nazariga tushgan.

Avstraliya nashrlarining o‘sha paytda yozishicha, tergov boshlanganidan ikki oy o‘tib, Avstraliya federal politsiyasi 54 yoshli olimning uyida tintuv o‘tkazib, qator elektron jihozlarni musodara etgan. Biroq sobiq bioximikka terror targ‘ibotiga oid rasmiy ayblov faqat 2020-yil dekabriga borib e’lon qilingan. Mazkur ayblov bo‘yicha mahalliy qonunchilikda 6 yillik qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

“Ozodi” radiosi bilan suhbatda Odinazoda o‘sha paytda avstraliyalik rasmiylar u tomonidan Internetga joylangan 16 ta videoni tekshirishib, ularda “terror tashviqoti” mavjud degan xulosaga kelishgan. Odinazodaga ko‘ra, sudda u butun aybni bo‘yniga olgan emas, biroq o‘sha paytda shartli “qizil chiziq”dan o‘tib ketganini tasdiqlagan.

Avstraliya okrug sudida Odinazoda ishi bo‘yicha o‘sha paytda bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida “sudlanuvchi o‘z videolarida Afg‘onistondagi “Tolibon” hamda Suriyadagi “Islom davlati”ning ilhomlantiruvchi ta’siri haqida gapirgan”i qayd etilgan. Bu videoroliklar, sudda bildirilishicha, 1,6 million martadan ko‘proq ko‘rilgan, ularni tomosha qilganlarning 78 foizi Rossiya Federatsiyasi, 12 foizi Tojikistonga to‘g‘ri kelgan.

Abdusalom Odinazoda ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini bundan buyon ham davom ettirishini, biroq endilikda “yanada ehtiyotkorroq bo‘lishi”ni aytgan.

Endilikda men “sudlangan” degan tamg‘a bilan universitetdagi ishimga qayta olmayman. Hozirda men davlat tomonidan ishsizlarga beriladigan nafaqa hisobiga kun kechiryapman”, degan u.

Hozirda 56 yoshga kirgan Abdusalom Odinazoda uzoq yillardan beri Avstraliyada istiqomat qiladi va bu mamlakat fuqaroligiga ega. U orada bir muddatga Tojikistonga qaytib, o‘sha yerda ishlagan, biroq keyin yana Avstraliyaga chiqib ketgan.

Olim Tojikistonda “ekstremizm” moddasi bo‘yicha qidiruvga berilgan: tojik rasmiylari 2018-yilda Abdusalom Odinazodaga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining ikki moddasi – Internet orqali ekstremistik faoliyatga chaqirish va konstitutsion hokimiyatni kuch bilan o‘zgartirishga chaqirish bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilishgan.

XS
SM
MD
LG