Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:37

“Baland va tahdidli ovoz”. Kreml propagandasining Qozog‘istonga ta’siri


Rossiya Ukrainaga tajovuz qilganidan so‘ng G‘arb mamlakatlari o‘z hududida Rossiya OAVlari yoyinini taqiqlab qo‘ydi va Kreml harbiy propagandasiga yangi to‘siqlar qo‘yishga urinmoqda. Qozog‘istonda esa hukumat, aftidan, bunaqa propagandaga befarqdek tuyuladi. Ammo ekspertlar vaziyat mamlakatning axborot xavfsizligiga tahdid solayotganini aytishmoqda.

“Bunaqa yovuzliklar faqat banderachilardan chiqadi”

“Kechasi bo‘g‘izlab ketish, o‘ldirish – banderachilarning odati hammasi. Hozir odamlarni daraxtga bog‘lab qo‘yishyapti. Faqat banderachilardan chiqadi bunaqa ishlar”, degan edi Vladimir Solovyov “Rossiya 1” telekanali yoyinida.

Kreml propagandachisi bu gapni 11-aprel kuni – dunyo OAVlarining Ukraina poytaxti yaqinidagi Bucha shahrida sodir bo‘lgan mudhish voqealar haqidagi xabarlariga javoban aytdi. Rossiya qo‘shinlari chiqib ketganidan so‘ng shahar ko‘chalarida o‘nlab tinch fuqarolarning jasadlari topildi, ko‘p murdalar qo‘llari ortiga bog‘langan holatda edi. Ommaviy qabrlardan ham yuzlarcha o‘lik chiqdi.

Bucha turg‘unlarining tinch aholiga nisbatan qilingan vahshiyliklar haqidagi hikoyalarini hamda voqealar joyidan olingan foto va video materiallarni e’lon qilgan jurnalistlar ushbu dahshatli jinoyatlar ortida aynan Rossiya harbiylari turganiga yetarlicha dalillar mavjudligini aytishmoqda. Moskva esa barchasini inkor etmoqda. Solovyov o‘sha kechki yoyinida Buchadagi vaziyatni “Kiyevning tomoshasi” deb atashgacha bordi.

Rossiya federal OAVlari Ukrainaga qarshi urush hanuz “maxsus harbiy amaliyot” nomi bilan atalmoqda. Ular Rossiya qo‘shinlari yog‘dirgan bomba va snaryadlardan tinch aholi o‘layotganini inkor qilishda davom etyapti, Kreml propagandasiga ishonilsa, bular bari – bebosh ukrain “natsistlari” va “banderachilar”ning ishi.

Urush boshlanganidan beri G‘arbdagi qator mamlakatlar kremlparast kanallar yoyinini man etdi. YouTube ma’muriyati Rossiya kanallari akkauntlarini, jumladan Solovyovning ko‘rsatuvlarini translyatsiya qiluvchi kanallarni blokladi. Solovyov va bir necha hamkasbi AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchradi. G‘arb ularni Ukraina hududiy yaxlitligiga putur yetkazayotgan tajovuzni dastaklashda ayblamoqda.

Rossiyaning ittifoqchisi va qo‘shnisi bo‘lmish Qozog‘istonda federal kanallar avvalgidek bemalol ishlab turibdi. Kabelli televideniye paketlarida bu kanallar bor, qolaversa, ularni shahar va qishloqlardagi son-sanoqsiz sputnik “tarelka”lari ham uzatadi.

Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning avgust holatiga Qozog‘istonda 267 ta chet el OAVlari ro‘yxatga olingan. Shundan 194 tasi – Rossiyaniki. Moskva propagandasining Qozog‘istonga ta’siri urush boshlanganidan beri yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

“Odamlar baland va tajovuzkor ovozga quloq soladi”

Yaqinda o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot ishtirokchilarining uchdan birdan ortiq qismi “Rossiya Ukrainada natsistlarga qarshi maxsus amaliyot o‘tkazayotganini” va “Nur-Sulton Moskva bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirishi kerak”ligini aytishgan.

7-aprelda MediaNet xalqaro jurnalistika markazi 1100 kishi qatnashgan so‘rov natijalarini e’lon qildi. Ayrimlar bu natijalarni tanqid qilishdi, chunki so‘rov telefon orqali o‘tkazilgan edi, biroq markaz rahbari Adil Jalilov tadqiqot qozog‘istonliklar fikrini “aniq ifoda etgan”ini ta’kidlamoqda.

“Ingliz tilini biladigan, mustaqil OAVlardan muqobil nuqtai nazarni o‘qib boradigan ilg‘or qozog‘istonliklarga butun mamlakat bu urushda Ukrainaga xayrixohdek tuyulishi mumkin. Aslida esa bizning so‘rovimiz aksar qozog‘istonliklar Rossiyani ma’lum darajada qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi”, deydi Adil Jalilov.

Tadqiqot mualliflari “qozog‘istonliklar onggida axborot maydonini Oqo‘rda va rasmiy medialar emas, balki Rossiya OAVlaridagi tajovuzkor ohang va narrativlar shakllantirmoqda”, deya xulosa qilishdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mojaroni ta’riflashda respondentlar orasida ustun fikr mavjud emas. So‘ralganlarning 36 foizi hozirda Ukrainada “Rossiyaning natsistlarga qarshi harbiy amaliyoti” bo‘layotganiga ishonadi; 26 foizi “Ukraina o‘z hududiga NATO qo‘shinlarini joylashtirmoqchi bo‘lgani sababli Rossiya u bilan urushyapti”, deb hisoblaydi; 13 foiz respondent fikriga ko‘ra, “Rossiya Ukrainani o‘ziga qo‘shib olish maqsadida urush olib bormoqda”.

So‘ralganlarning 36 foizi mazkur urushda Rossiyaga, 10 foizi – Ukrainaga xayrixoh, 46 foiz respondent esa betarafligini bildirgan.

Qozog‘iston urushga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi xususidagi fikrlar ham har xil chiqdi. 6 foiz respondent Ukrainani dastaklash va G‘arb bilan hamkorlikni rivojlantirishni yoqlagan bo‘lsa, 14 foiz ishtirokchi turkiy mamlakatlar bilan ittifoqni kuchaytirish tarafdori ekanini aytgan. So‘ralganlarning 12 foizi Qozog‘iston o‘z harbiy salohiyatini oshirishi lozimligini urg‘ulagan. Ammo ko‘pchilik – 36 foiz kishi Rossiya yonini olgan va Moskva boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan munosabatlarni rivojlantirishga targ‘ib qilgan.

Moskva bilan hamkorlikni ma’qullamaydiganlar atigi 10 foizni tashkil qildi. Ular Rossiya bilan ittifoqdan chiqish kerakligini ta’kidlashgan. Nihoyat, 70 foiz respondent Rossiyaga qarshi sanksiyalarga ham, urushga ham befarqligini bildirgan. Ularning fikricha, nima bo‘lganida ham “Rossiya Qozog‘istonning eng muhim strategik hamkori bo‘lib qoladi”.

Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri Qozog‘iston davlat OAVlari Nur-Sultonning shakl-shamoyilsiz, lanj pozitsiyasi sarhadidan chiqa olmayapti.

“Odamlar kimga quloq solishadi, bilasizmi? Ular kimning ovozi baland, agressiv bo‘lsa, o‘shanga quloq solishadi. Urushni faqat manyaklar yoki propaganda manqurt qilib qilib qo‘ygan kishilargina qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Binobarin, mazkur raqamlar Rossiya propagandasining qozog‘istonliklarga ta’siri o‘ta jiddiyligini ko‘rsatmoqda”, xulosa qiladi Adil Jalilov.

“Biz urush propagandasiga qarshimiz”

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Qozog‘istonda federal kanallar yoyinini cheklashga urinishlar bo‘lgan edi.

Qarag‘anda viloyatining Shaxtinsk shahri va unga tutash qishloqlarni internet va televideniye bilan ta’minlovchi “Remstroyservis” telekommunikatsiya shirkati 28- fevral kuni shunday bayonot bilan chiqdi: “Biz urushga va urush propagandasiga qarshimiz! Shu bois Rossiyaning barcha federal kanallari o‘rniga “Xabar24” kanali yoyinini vaqtincha ulab qo‘ydik. Tushunasiz degan umiddamiz”.

Provayderning qarori keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Axborot vazirligi bunaqa farmoyish bermaginini aytib, darhol o‘zini chetga tortdi. Mahalliy aholi qarshiligiga yo‘liqqan shirkat o‘sha kuniyoq “vaqtinchalik noqulayliklar” uchun uzr so‘rab, Rossiya telekanallari translyatsiyasini tikladi.

2-mart kuni Avaaz.org saytida “Qozog‘iston Respublikasi hududida Rossiya telekanallari yoyinini to‘xtatish” talab qilingan petitsiya paydo bo‘ldi. Ayni paytgacha uni 6000 dan ortiq kishi imzolagan.

Qazaqstan N. degan shartli nom bilan qayddan o‘tgan petitsiya muallifiga ko‘ra, “ko‘lami va shafqatsizligi bo‘yicha misli ko‘rilmagan zo‘ravonlikni oqlash maqsadida qasddan yaratilayotgan ulkan yolg‘on axborot oqimi qozog‘istonliklarning ijtimoiy fikriga nihoyatda kuchli ta’sir o‘tkazib, davlatning axborot xavfsizligiga tahdid tug‘dirmoqda”.

Muallif yozishicha, “aholining, ayniqsa postsovet makondagi rusiyzabonlarning miyalarini yuvish quroliga aylangan Rossiya telekanallarining xatti-harakatlari nafaqat kasb odobi va umumbashariyat axloq qoidalariga, balki Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga ham xilofdir”.

“Konstitutsiyaning 20-moddasi 3-bandiga ko‘ra urushga, shafqatsizlik va zo‘ravonlikka targ‘ib qilish taqiqlangan. Shuningdek, Rossiya OAVlarining xatti-harakatlari Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 161-moddasi 1-bandiga (Bosqinchilik urushiga targ‘ib qilish yoki ommani urush boshlashga chaqirish) ham zid”, deb yozadi muallif.

Qozog‘iston axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri Asqar Umarov 12-aprel kuni Ozodlikning qozoq xizmatiga bergan izohida chet el OAVlari dasturlarining translyatsiya qilinishi telekanal bilan provayder o‘rtasidagi “huquqiy munosabatlar” sohasiga oidligini aytdi.

“Ustidan shikoyat bo‘lmasa yoki qonunlarimizni buzishmasa, biz Qozog‘istonda chet el OAVlarini yopib qo‘ymaymiz. Shikoyat tushsa, biz uni individual tartibda ko‘rib chiqamiz”, dedi vazir.

Umarov petitsiyada keltirilgan talablar haqidagi savolga lo‘nda va mavhum javob berdi: “Propagandaga ergashgan ergashadi”. Uning aytishicha, vazirlik OAVlarni uzluksiz “monitoring qiladi”. Biroq Umarov Ozodlikning urush boshlanganidan beri telekanallar tomonidan qonunchilikning buzilishi holatlari bo‘lgan-bo‘lmagani haqidagi savolini javobsiz qoldirdi.

Qozog‘istonning axborot xavfsizligiga tahdid

Siyosatshunos Shalkar Nurseit rasmiy Nur-Sulton petitsiya talablarini bajarishiga ishonmaydi.

“Ayni paytda men Qozog‘iston hukumati Rossiya telekanallari yoyinini cheklashdek dadil siyosiy qaror qabul qilishga qodir deb o‘ylamayman. Chunki siyosiy elitamiz Kremlga qaram. Bizning hukumat siyosiy iroda ko‘rsata oladigan hukumatga o‘xshamaydi”, deydi ekspert.

Siyosatshunos Moskva propagandasining mamlakat fuqarolariga kuchli ta’sirini Qozog‘iston va Rossiyaning “chuqur tarixiy, geografik, siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari” bilan izohlaydi.

“Bizning fuqarolarimiz mentalitet jihatidan Xitoy yoki G‘arbga qaraganda shimoliy qo‘shnimizga yaqinroq. Bir zamonlar ular yagona mamlakatda yashashgan. Sovet davrida katta bo‘lgan odamlar mehnat bozorida hamon faol. Rossiyaparastlik kayfiyati kecha yoki o‘tgan yili paydo bo‘lib qolgani yo‘q, u uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mediaiste’molchilik natijasida shakllangan. Rossiya mahsulotlari – yangiliklar, seriallar va turli dasturlar fuqarolarimizning qadriyatlarini shakllantirmoqda”, tushuntiradi Shalkar Nurseit.

MediaNet markazi rahbari Adil Jalilov vaziyatni “eng kamida mamlakatimiz axborot xavfsizligiga tahdid” deya baholaydi.

“Qozog‘istonliklarga muqobil axborot manbaiga ega bo‘lish imkonini berish kerak. Aholining katta qismi Mariya Zaxarova, Lavrov, Putin va Rossiya propagandachilarining baland, tajovuzkor ovozlariga quloq solishmoqda. Rossiya bilan ittifoqchimi, yo‘qmi, qat’i nazar – bunaqasi har qanday mamlakat uchun anomal holatdir”, deydi Jalilov.

XS
SM
MD
LG