Bangladeshda o‘tgan hafta boshlangan talabalarning ommaviy norozilik namoyishi chog‘ida 170 dan ziyod kishi halok bo‘lib, 2500 dan ko‘proq odam hibsga olindi. Bu haqda 23-iyul kuni Fransiya xalqaro radiosi France-Presse agentligi ma’lumotiga tayangan holda xabar qildi.
Talabalar namoyishi boshlanishiga Bangladeshda yoshlar orasida ishsizlik darajasi juda yuqori bo‘lganiga qaramay, davlat xizmatchilarini ishga olishda maxsus kvotalar tizimi kiritilgani sabab bo‘lgan. AFP qaydicha, bu galgi norozilik chiqishlarida namoyishchilarga qarshi bosh vazir Shayx Hasina va uning partiyasi hukmronlik qilib 15 yil ichida eng shiddatli kuch qo‘llangani kuzatilgan.
22-iyul kuni norozilik chiqishlarini boshlagan talabalarning asosiy guruhi aksiyalar 48 soatga to‘xtatilganini e’lon qilgan. “Talabalar diskriminatsiyaga qarshi” deb nomlangan bu guruh lideri Nohid Islom AFP muxbiri bilan suhbatda faollar “bu qadar ko‘p qon to‘kilishi evaziga” islohot qilinishini istamayotganini aytgan. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, joriy haftada poytaxt Dakka va Bangladeshning yirik shaharlarida nisbiy osoyishtalik yuzaga kelgan.
Bangladesh poytaxtida 23-iyul kuni ko‘chalardagi asosiy chorrahalarga nazorat-o‘tish maskanlari o‘rnatgan harbiylar soni sezilarli darajada oshirilgan, deya xabar qildi AFP muxbiri voqea joyidan.
Bangladeshda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yoshlarning 18 million nafari ishsiz bo‘lib hisoblanadi.