Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Bastrikin: Moskva migrantlarni urushga yo‘llash orqali ular sonini qisqartirmoqda


Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin

Mehnat muhojirlari Rossiyadan ketishlari uchun Moskva ularni Ukraina urushiga yo‘llamoqda. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Peterburg xalqaro yuridik forumida ma’lum qildi. Mulozimning e’tiroficha, armiyaga 10 ming chog‘li migrant olingan.

Bilasizmi, biz shunday yo‘l topdikki, buning natijasida migrantlar asta-sekinlik bilan Rossiyani tark eta boshladi. Biz Konstitutsiyadagi va qonunlarimizdagi fuqarolik olgan shaxslar harbiy qaydga turishi shartligi va zarurat tug‘ilgan taqdirda, ularning maxsus harbiy amaliyotda ishtirok etishi lozimligiga oid moddalarni qo‘llay boshladik”, deya iqtibos keltirgan RBK nashri Bastrikinning so‘zlaridan.

Mulozimga ko‘ra, harbiy qaydga qo‘yish ishlari bilan Tergov qo‘mitasi tergovchilari shug‘ullanmoqda (bu ish TQ vazifasiga kirmaydi — tahr.).

Biz fuqarolik olgan shunday kishilardan 30 mingdan ziyodini tutdik, harbiy qaydga turishni istamaganlarni esa qaydga oldirdik”, degan Bastrikin.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga keng ko‘lamda bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan buyon Markaziy Osiyo mamlakatlaridan muntazam ravishda Rossiyaga ishlashga borgan mehnat migrantlari urushga yo‘llanayotgani haqida xabarlar kelib turibdi. Mintaqa mamlakatlari hukumatlari o‘z fuqarolariga bu kabi urushda ishtirok “yollanish” o‘laroq baholanishi mumkinligini eslatib kelishadi.

Rossiya Tergov qo‘mitasiga 2011-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Aleksandr Bastrikin bir necha bor migrantlarga qarshi chiqish qilib, migratsion qonunchilik kuchaytirilishini dastaklab kelgan.

Tergov qo‘mitasi rahbarining so‘nggi bayonoti Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” zaliga hujum ortidan Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga qarshi bo‘lib o‘tayotgan kampaniya manzarasida berilgan. Rossiya rasmiylari mazkur teraktda bir necha tojikistonlikni ayblab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG