Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

"Baxti Tashkentskiy"sudi: "Daryo" jurnalisti IIBga chaqirildi


Daryo.uz
Daryo.uz

Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va uning sheriklari sudini yoritib borayotgan “Daryo” nashri jurnalisti Otabek Qo‘ldoshev ichki ishlar bo‘limiga chaqirilgan.

“Daryo” nashri xabariga ko‘ra, 22-iyun kuni Yunusobod tuman IIO FMB 3-sonli IIB 405-sonli tayanch punktiga chaqirilgan Otabek Qo‘ldoshevdan tushuntirish xati olingan.

“Daryo” jurnalistiga e’tiroz 3-iyundagi “Baxti Tashkentskiy” sudidan tayyorlagan material ortidan boshlangan. O‘sha sudda sudyaning savollariga javob bergan Baxtiyor Qudratullayev qamoqdan chiqqanidan so‘ng davlat tashkiloti vakillari unga aloqaga chiqib, mamlakatda yoshlar, sportchilar orasida pichoqbozlik ko‘payib ketayotgani uchun “ko‘cha”ni tartibga solishni so‘raganini aytgan edi. “Daryo” nashri sudlanuvchi tomonidan aytilgan bu so‘zlarning isboti o‘laroq sud jarayonida tasvirga olingan videoni yoyinlagan edi.

“Daryo” qaydicha, Otabek Qo‘ldoshev bilan muloqot qilgan profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Xayrulla Do‘stov unga 2024-yilning 3-iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosidagi ochiq sudda yangragan ma’lumotni saytda yoritgani uchun gumonlanuvchi sanalayotganini bildirgan. Shu sabab JIB Shayxontohur tuman sudi raisi Tolibjon Obidov tomonidan taqdimnoma kiritilganini aytgan. Ammo gumonlanuvchi sifatida IIBga chaqirilgan jurnalist shikoyat nusxasi bilan tanishtirilgan emas.

Profilaktika inspektori “o‘sha kungi sudda video olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan” jurnalistga e’tiroz bildirgan.

Shuningdek, IIB xodimlari jurnalist olib chiqqan ma’lumot xorijiy OAVda chiqib ketganini aytgan”, deyilgan nashr xabarida.

“Daryo” jurnalisti e’tirofiga ko‘ra, 3-iyundagi sudda haqiqatan ham sud tergoviga xalal beruvchi ma’lumotlarni ochiqlash mumkin emasligi ta’kidlangan, biroq sudya sud tergoviga xalal beruvchi ma’lumotlar aynan nimalardan iboratligiga aniqlik kiritgan emas.

Avvalroq Ozodlik joriy yilning 3-iyun kuni Yunusobod tuman sudi binosida Baxtiyor Qudratullayev va yana 36 kishining jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlangani haqida xabar qilgan. Ochiq sud majlisining ilk kunidayoq “Baxti Tashkentskiy” ko‘chada tartib o‘rnatish unga “davlat tashkiloti” tomonidan topshirilganini iddao qilgan edi.

Bu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Buning ortidan sudga raislik qiluvchi sud jarayonidan video va audio yozib olishga cheklov kiritgan. Bu borada tarqatilgan rasmiy bayonotda bu qaror “jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvurlar” shakllanmasligi hamda “sudga nisbatan ijtimoiy bosim ehtimoli” tufayli olingani qayd etilib, bunga mahalliy qonunchilik izn berishi va bunday tartib xalqaro amaliyotda ham qo‘llanilishi urg‘ulangan edi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari “Baxti Tashkentskiy”ning sudda yangragan va muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu ko‘rsatmasi yuzasidan biron rasmiy izoh bergani yo‘q.

Sudyaning sud jarayonidan video va audio yozib olishga cheklov kiritish qarori jamoatchilik tomonidan bir qadar tushunish bilan qabul qilingan bo‘lsa, “Daryo” jurnalistining bu borada IIBga chaqirilishi turli e’tiroz va xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG