Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:21

Bayden global miqyosda geylar huquqlarini himoya qilishga chaqirdi


O‘zbek gey faollari Nyu Yorkdagi paradda.
O‘zbek gey faollari Nyu Yorkdagi paradda.

AQSh prezidenti Jo Bayden butun dunyo bo‘ylab lesbiyanka, gey, biseksual,
transgender, kvir va interseks (LGBTQI) odamlarning huquqlari himoyasini kengaytirishga qaratilgan farmonni imzoladi.

Bu haqda Reuters agentligi xabar qildi.

"Barcha insonlarga hurmat va ehtirom bilan muomala qilish kerak va kim bo‘lishidan va kimni sevishidan qat’i nazar, har bir inson qo‘rqmasdan yashash imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak", deyiladi farmonda.

Hujjat Bayden 2011 - yilda vitse-prezident bo‘lib ishlayotgan paytida chiqarilgan ko‘rsatmaga tayanadi.

"Qo‘shma Shtatlar eng muhim qadriyatlarimizni ochiqchasiga himoya qilgan holda va qat’iyat bilan ushbu kurashning boshida turishi kerak", deyiladi farmonda.

Prezidentning ushbu farmoni asosan ramziy ma’noga ega. Bayden saylovoldi kampaniyasi davomida o‘z ma’muriyati dastlabki 100 kun davomida LGBTQ huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilishini va geylar huquqlarini ustuvor vazifaga aylantirishini va’da qilgan edi.

Hujjat xorijda ishlaydigan AQSh agentliklarini LGBTQ chet el hukumatlari tomonidan jinoyatga tenglashtirilishiga qarshi kurashishga chorlaydi.

Shuningdek, farmonga binoan, Davlat departamenti o‘zining inson huquqlari bo‘yicha yillik hisobotiga LGBTQga qarshi zo‘ravonlik, kamsitishlar va ushbu masala bo‘yicha qonunlar haqida ma’lumot kiritishi kerak.
Farmon, shuningdek, boshpana izlayotgan LGBTQ shaxslar o‘zlarini himoya qilishlari uchun sharoit yaratishni hamda ushbu masala bo‘yicha AQSh federal xodimlari uchun treninglar ko‘lamini kengaytirishni talab qiladi.
Chet el hukumatlari LGBTQ shaxslarning huquqlarini cheklab qo‘ygan holatlarda AQSh agentliklari tegishli chora ko‘rishi, shu jumladan, moliyaviy sanksiyalar va viza cheklovlarini joriy qilishi mumkin bo‘ladi.
Bayden farmon haqida Davlat departamentida so‘zlagan nutqi davomida e’lon qildi.

"LGBTQI masalalari bo‘yicha yetakchiligimizni qayta tiklash va buni xalqaro miqyosda amalga oshirish uchun agentliklarga qaratilgan prezident farmonini imzoladim", - dedi Bayden.

"Diplomatiya va xorijiy yordam orqali ushbu shaxslarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlaymiz, jumladan, bu holat jinoiylashtirilishiga qarshi kurashish va LGBTQ qochqinlar va boshpana izlayotganlarni himoya qilish orqali", - deya qo‘shimcha qildi prezident.

Bayden allaqachon LGBTQ odamlarni diskriminatsiyadan himoya qilish choralarini qo‘llaydigan farmonni imzolagan.

Payshanba kuni Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Bayden birinchi 100 kun ichida tenglik to‘g‘risida qonun imzolash va’dasidan voz kechmaganini, ammo qonun qabul qilinishi uchun dastavval Kongress chora ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

O‘zbekistonda gomoseksualizm

O‘zbekiston gey va lesbiyankalar sayohat qilishi uchun eng xavfli davlatlardan biri sifatida ko‘riladi.

Qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasiga ko‘ra, postsovet o‘lkalar orasida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.​

O‘zbekistonda geylarning gomofoblar tajovuziga uchragani va samosud qilinib, tahqirlangani haqida Ozodlik ko‘p bora xabar bergan.

2017 - yil sentabrida Farg‘onada qip-yalang‘och yechintirib qo‘yilgan yigitni gomofoblar pivo butilkasiga o‘tirishga majburlayotgani aks etgan video tarmoqlarni larzaga solgandi.

17 daqiqalik videoda kaltak zarbi, haqorat va tahdidlardan dahshatga tushib, dir-dir qaltirayotgan yigitni zo‘ravonlar geylikni tan olishga majbur qiladi, unga "yoqib yuborish yoki so‘yib tashlash" bilan po‘pisa qilib, orqasi bilan pivo shishasiga o‘tirishga majburlashadi.

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov besoqolobozlik haqida gapirib, uni jirkanch va o‘zbek madaniyatiga zid, deb atagandi.

Ikki yil avval AQShda yashovchi bir guruh o‘zbekistonlik LGBT vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, vatandagi geylarga teng huquq va erkinlik berishni so‘rashgan.

Faollar O‘zbekiston vakolatxonalari oldida: "Janob Mirziyoyev, sevgi jinoyat emas. O‘zbekistonda gomoseksualizmni jinoyatlar ro‘yxatidan chiqaring!" deb namoyishlar o‘tkazgandi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida "besoqolbozlik" sifatida tasniflangan gomoseksualizm o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyat sanaladi va gomoseksualizm bilan shug‘ullangan fuqarolar 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG