Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Bayden yana COVID-19 xastaligiga chalindi


AQSH prezidenti Jo Bayden
AQSH prezidenti Jo Bayden

AQSH prezidenti Jo Bayden uchinchi marta koronavirus yuqtirib oldi. Xastalik yengil tarzda kechmoqda, deya ma’lum qildi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer avvalroq prezident barcha zarur emlovlardan o‘tganini qo‘shimcha qilarkan.

81 yoshli Bayden 17-iyul kuni Las-Vegasdagi saylovoldi tadbiriga borgan. Chorshanba oqshomida u o‘sha yerda nutq so‘zlashi lozim edi, biroq bu chiqish bekor qilingan.

Baydenning vrachi Kevin O'Konnor matbuotga prezident shamollab qolgani va yo‘talayotganini hamda virusga qarshi Pakslovid preparatining birinchi dozasini qabul qilganini ma’lum qilgan. Kun avvalida u o‘zini yaxshi his qilgan, biroq keyinroq COVID-19 analizi ijobiy natija bergan.

Baydenning Las-Vegasga safarini yoritgan muxbirlar u uchoq trapidan sekin va ehtiyotlik bilan ko‘tarilgani haqida xabar qilishmoqda, deya qayd etgan Bi-bi-si.

Jan-Pyerga ko‘ra, o‘zini o‘zi ihota qilish davrida Bayden Delaver shtatidagi o‘z uyida bo‘ladi, biroq u “o‘z vazifalarini to‘liq bajarish”da davom etadi.

Kechga borib Bayden X tarmog‘i orqali “yaxshi tilaklar” uchun barchaga minnatdorlik bildirib, o‘zining sog‘ayib borayotgani, “Amerika xalqi uchun ishlashda davom etishi”ni urg‘ulagan.

Jo Bayden koronavirusga birinchi marta chalinayotgani yo‘q. O‘tgan safar u infeksiyani 2022-yilning iyul oyida yuqtirib olgandi.

Demokratlar partiyasidan bo‘lgan ko‘plab siyosatchilar va partiya tarafdorlari Jo Baydenni saylov poygasini tark etishga chaqirishyapti. Ular fikricha, 81 yoshli Baydenning ahvoli respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Trampga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borishga, hatto g‘alaba qozongan taqdirda ham yana to‘rt yil samarali faoliyat yuritishga imkon bermaydi. Jo Bayden hozircha saylov poygasidan chiqish chaqiriqlariga rad javobini berib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG