Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:54

Berlinda prezident Rahmon kortejiga tuxum otgan faollarning qarindoshlari hibsga olindi


Germaniya kansleri Olaf Shols Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni kutib olmoqda. Berlin, 29-sentabr, 2023
Germaniya kansleri Olaf Shols Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni kutib olmoqda. Berlin, 29-sentabr, 2023

Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, 28-30-sentabr kunlari Berlinda o‘tkazilgan norozilik aksiyasi ortidan Tojikistonda xorijdagi muxolifat faollarining ellikka yaqin qarindoshlari hibsga olingan va so‘roq qilingan.

"Hibsga olinganlardan ayrimlari ma’lum vaqtdan so‘ng ozod qilingan, ammo ularning ko‘pchiligi hamon hibsda", deyiladi tashkilot 6-oktabr kuni e’lon qilgan bayonotda.

Unda aytilishicha, Berlindagi muxolifat faollari tojik prezidenti kortejiga tuxum otgan kunning ertasiga, 30-sentabr kuni huquq-tartibot idoralari norozilik aksiyasi ishtirokchilarining qarindoshlaridan 47 kishini ushlagan.

Ozodlikning Olmaotadagi muxbiri Kris Rikltonning yozishicha, Berlinda tojik muxolifatchilari otgan tuxumlar prezident Emomali Rahmon mashinasiga tekkan yoki yo‘qligidan qat’i nazar, rasmiylarning qarshi javobi keskin bo‘ldi.

Мирзиёев Германияга нима учун борди? - Берлиндан махсус репортаж
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:40 0:00

Ozodlik radiosining tojik xizmatiga ko‘ra, Tojikistonda dam olish kunlari boshlangan reydlardan so‘ng, Rahmonning Germaniyada kayfiyatini buzgan ayrim namoyishchilarning 20 dan ortiq qarindoshi huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan.

“Xavfsizlik kuchlari uyimizga kelib, avvaliga keksa onamni olib ketmoqchi bo‘lishdi, keyin o‘rniga jiyanimni olib ketishdi”,- deydi Tojikiston iltimosiga binoan 2019-yilda hibsga olinib Belarus tergov izolyatorida 43 kun o‘tirgan va hozir Germaniyada yashovchi tojik faoli Farhod Odinayev.

“Onamdan nima uchun (chet eldagi muxolifat) “Millat peshvosi” mashinasiga tuxum otganini so‘rashgan”, - deydi Odinayev Ozodlik radiosiga.

Yana bir muxolifatchi Sharofidin Gadoyev onasining unchalik omadi kelmadi.

Gadoyevning aytishicha, 72 yoshli Oyshamo Abdullaeva 1 oktyabrь kuni ertalab hibsga olingan. 29-sentabr kuni Rahmon kortejiga tuxum hujumi nega uyushtirilgani haqida Gadoyevning ham oila a’zolari so‘roqqa tutilgan.

“Ular onamni olib ketishayotganida, jahl bilan nega o‘g‘ling [Rahmonni] diktator dedi, nega Berlinda prezident mashinasiga tuxum otdi, [nega] tinchgina yashay olmaydi?” deb so‘rashgan», – deydi Gadoyev.

Tojikiston politsiyasi va xavfsizlik kuchlari hibsga olinganlar haqida hozircha izoh bermadi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Abdullayeva 3-oktabr kuni erta tongda qo‘yib yuborilgan o‘ndan ortiq odamdan biridir.

Muxolifat faollarining kamida yetti nafar qarindoshi (barchasi erkaklar) hamon hibsda.

"Hatto uzoq qarindoshlar" ham azob chekyapti.

Rahmon rejimi uzoq vaqtdan beri mamlakat ichidagi har qanday jiddiy siyosiy norozilikni bostirib kelmoqda. Muxolifatdagi Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi yetakchilari 2016-yilda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib uzoq muddatlarga qamalgan.

Bugun mamlakat ichida hech bir tanqidga toqat qilinmaydi.

Yevropada siyosiy faol diasporaning paydo bo‘lishi ichki qatag‘onlar kuchayishining tabiiy oqibati bo‘ldi va hukumat Berlin, Vena va Varshava kabi Yevropa shaharlarida yashovchi tanqidchilarni tutib keltirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda...

Germaniya kansleri Olaf Shols va prezident Frank-Valter Shtaynmayer mintaqaning besh yetakchisini qabul qilgan vaqtda Berlinda ovchilar va o‘ljalar yuzma-yuz keldi.

Keyin esa Rahmonning prezident kortejiga bir yigitning tuxum uloqtirgani videosi paydo bo‘ldi.

Tojikiston rasmiylari uzoq vaqtdan beri xorijda joylashgan muxolif guruhlarni ekstremist deb ko‘rsatib keladi.

Aynan shu guruhlardan biri, “24-guruh” tuxum hujumi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Rahmonning mashinasini Shols kutib olgandan keyin olingan suratdan ularning ba’zi hujumlari muvaffaqiyatli chiqqanini ko‘rish mumkin.

Guruh a’zosi nemis politsiyasi tomonidan bir necha daqiqa ushlab turilib, qo‘yib yuborilgan, deyiladi “24-guruh” bayonotida.

Bu guruh a’zolaridan biri Dilshod Sharifovning kamida yetti nafar qarindoshi hibsga olingan.

Tojik faollari oilalarining davlat tomonidan ta’qib qilinishi uzoq vaqtdan beri kuchayib borayotgan tendensiya bo‘lib, Berlindagi kabi namoyishlar muxolifatni nishonga olish uchun bahona bo‘lib keladi, deydi Markaziy Osiyo bo‘yicha huquqshunos Stiv Sverdlov.

“Xorijdagi tinch namoyishlar yoki xalqaro konferensiyalar chog‘ida hukumatning inson huquqlarini poymol etishiga qarshi chiqqan tojik faollarning keksa ota-onalari, aka-ukalari va hatto bolalari ham tajovuzkor so‘roqqa tutiladi, ishdan haydaladi va ko‘p hollarda o‘z qarindoshlarini qoralashga majbur qilinadi”, deydi Sverdlov Ozodlik bilan suhbatda.

Германияга сафар. Муқобил савдо йўллари ва муқобил сиёсат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:53 0:00

"Sen yoki oilang"

So‘nggi yillarda Tojikiston transmilliy qatag‘onning eng ashaddiy tarafdorlaridan biri sifatida ko‘rinmoqda. Inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti Freedom House ta’biri bilan aytganda bu "diasporalar va surgundagilar orasidagi norozilikni qotillik, noqonuniy deportatsiya va o‘g‘irlab ketish orqali bostirish uchun chegaralarni kesib o‘tish"dir.

Sverdlov va Janubiy Kaliforniya universiteti inson huquqlarini himoya qilish guruhi tayyorlagan hisobotga ko‘ra, Tojikistonning Rossiya va Belarus kabi ittifoqchilari u yoqda tursin, G‘arbiy Yevropa ham boshpana izlovchi tojikistonliklar uchun doim ham xavfsiz boshpana emas.

“Tojikistonda majburiy yo‘qotilganlar” nomli hisobotda tojik xavfsizlik kuchlari tomonidan aksariyati xorijda hibsga olingan o‘nlab faollar ishi tilga olinadi.

Hizbulloh faoli Shovalizoda Avstriya sudi uning 2020-yilda boshpana so‘rovini rad etganidan so‘ng deportatsiya qilinib, darhol uy qamog‘iga olingan.

Keyinchalik Vena Oliy sudi bu qarorni noqonuniy deb bekor qildi, biroq bu vaqtda Shovalizoda Tojikistonda 20 yillik qamoq jazosini kutayotgan edi.

Keksa onasi Tojikistonda hibsga olingan Gadoyev ham Rossiyaga borganida o‘g‘irlab ketilgan va Tojikistonga olib ketilganidan keyin qattiq kaltaklangan va ruhiy tahdidlarga uchraganini da’vo qilmoqda.

Gadoyev ishiga kutilmaganda katta e’tibor qaratilgani uchun hukumat unga o‘zi yashab kelgan Niderlandiyaga qaytishiga ruxsat bergandi.

Germaniya va Markaziy Osiyo yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan bergan bayonotida inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti Rossiyaning Ukrainadagi urushi va G‘arbning Rossiya qo‘shni davlatlar orqali G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tayotgani borasidagi xavotirlar “bu strategik muhim masalaga yangicha e’tibor qaratishga sabab bo‘lgani”ni aytdi.

“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida yuzaga kelgan zarba to‘lqinlari Markaziy Osiyo yetakchilarini boshqa ittifoqchilar, jumladan, Yevropa bilan ham yaqinroq aloqalarni izlashga undadi. Germaniya bu yangi kelishuvdan maksimal darajada foydalanishi kerak, lekin butun mintaqa xalqlari huquqlarini himoya qilishni shart qilgan holatda”, deb yozgan Xyu Uilyamson.

Biroq “Demokratiya va qonun ustuvorligi” so‘zlari Shols idorasining olti sahifalik hisobotining ikkinchi sahifasida aytildi, unda kansler va besh yetakchi o‘rtasida “ochiq va konstruktiv fikr almashuv” bo‘lgani qayd etilgan, xolos.

XS
SM
MD
LG