Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qirg‘izistonliklar RF hududiga kiritilmayotgani va aeroportlarda uzoq tekshiruvlardan o‘tkazilayotganidan xavotir izhor qilgan. Bu haqda 29-iyul kuni Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
TIV qaydicha, Imangaziyev bu haqda Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiya hududiga kirishi va bu mamlakat hududida yurishiga oid masalalar muhokamasi chog‘ida bildirgan. Ayni paytda Imangaziyev “Qirg‘iziston tomoni Rossiya rasmiylari tomonidan mamlakatda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rilishini tushunish bilan qabul qilishi”ni urg‘ulagan.
TIV xabarnomasida aytilishicha, o‘z navbatida Vakunov ikki tomonlama kun tartibining barcha mavzulari bo‘yicha hamkorlikda ishlashga hozirligini bildirgan.
Rossiyada migrantlarga qarshi tekshiruvlar shu yil mart oyida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” savdo markazida sodir bo‘lgan terror xuruji ortidan kuchayib ketgan. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha oy ichida Rossiya rasmiylari migrantlarga nisbatan qonunchilikni kuchaytirishga qaratilgan bir necha qonun loyihasini qabul qilishgan. Masalan, o‘tgan haftada Rossiya Davlat dumasi politsiyaga xorijlik fuqarolarni deportatsiya qilish vakolatini bergan qonun loyihasini qabul qilgan. Bungacha migrantlar mamlakatda faqat sud yoki Chegara xizmati qarori bilangina chiqarib yuborilar edi.
Bu orada, Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil Rossiyaga migrantlar kelishi so‘nggi o‘n yil ichida eng past darajaga tushgan. Tashkilot qaydicha, 2023-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatga ishlash uchun xorijdan 560 ming kishi kelgan. Bu urushning ilk yilidagi ko‘rsatkichga qaraganda 23 foizga kamdir – 2022-yilda Rossiyaga 730 ming migrant ishlash uchun borgan.
Qirg‘iziston TIV ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda Rossiyadagi qirg‘izistonliklar soni 411 ming kishidan sal ko‘proqni tashkil etgan, qirg‘izistonliklar eng ko‘p ishlaydigan mamlakatlar qatorida esa Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, AQSH va Janubiy Koreya kabilar sanalgan.