Bishkek militsiyasi 13-may kuni Ogonbayev ko‘chasidagi xorijliklar yashagan hostelga hujumda gumonlangan uch kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2005 va 2006-yilda tug‘ilgan gumonlanuvchilar vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan, ular “bosqinchilik”da gumonlanmoqda.
Militsiya bayoniga ko‘ra, 2024-yilning 13-mayga o‘tar kechasi soat 02:00 da bir guruh yigitlar Bishkekning “Vostok-5” mavzeida xorijlik talabalarni uchratib, ulardan sigaret so‘rashgan. Ur-kaltak boshlanganidan keyin chet ellik talabalar voqea joyida qochib, o‘zlari yashaydigan Ogonbayeva ko‘chasidagi yotoqxona ichiga kirib olishga muvaffaq bo‘lishgan.
“Xorijlik talabalarning orqasida quvib kelgan yigitlar guruhi Ogonbayeva ko‘chasidagi yotoqxonaga bostirib kirib, u yerda yashaydigan xorijliklarga nisbatan kuch qo‘llab, ularning pullari va ashyolarini tortib olgan. Yotoqxonada yashagan xorijlik fuqarolar yig‘ilishib, hujumchilarni haydab chiqarishga urinishgan, ular o‘zaro mushtlashib ketishgan. Mushtlashuv yotoqxona hovlisida sodir bo‘lgan, hujumchilar o‘zlarining bir sherigini tashlab, qochib ketishgan”, deyilgan huquq-tartibotchilar xabarnomasida.
Avvalroq 13-maydagi mushtlashuvda ishtirok etgan to‘rt nafar misrlik ushlangan edi. Ularga “bezorilik” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan, sud ularni uy qamog‘iga chiqargan.
Bir hafta muqaddam hostelda sodir bo‘lgan mushtlashuv videosi ijtimoiy tarmoqlarda 17-may kuni tarqalgan, o‘sha tunning o‘zida Qirg‘izistonda tartibsizliklar sodir bo‘lgan. Bishkekdagi tartibsizlik ishtirokchilari xorijlik talabalar yashagan yotoqxonalardan biriga hujum qilishgan.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi 18-mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa ortidan 41 nafar jabrlanuvchi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganini ma’lum qilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 20-mayga kelib ulardan 11 nafari kasalxonada muolaja olmoqda.