Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:54

Bishkekda qiz olib qochishga qarshi miting. O‘g‘irlangan qiz va uni o‘g‘irlagan shaxs o‘lik holda topildi


Bishkek va O‘shda norozilik namoyishlariga yig‘ilgan odamlar Ichki ishlar vaziri iste’fosini talab qildi.
Bishkek va O‘shda norozilik namoyishlariga yig‘ilgan odamlar Ichki ishlar vaziri iste’fosini talab qildi.

Bishkekda nikoh qurish uchun olib qochilgan va ikki kundan keyin jasadi topilgan Ayzada Kanatbekova o‘lik holda topilgani ortidan Bishkek va O‘shda bir necha yuz odam Ichki ishlar vaziri iste’fosini talab qilib norozilik namoyishiga chiqdi.

Bishkek ko‘chalaridan birida o‘g‘irlangan 27 yoshli Ayzada Kanatbekovaning jasadi 7 - aprel kuni topilgan. Bishkek shahar Ichki ishlar boshqarmasi habariga ko‘ra, uni o‘g‘irlashda gumonlangan 31 yoshli shaxs qizni bo‘g‘ib o‘ldirgan, keyin o‘zini pichoq bilan o‘ldirgan.

Qizning bedarak yo‘qolgani to‘g‘risidagi xabar 5 - aprelda paydo bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yoshli Ayzada Kanatbekovani Bishkekning Tinistanov va Mederov ko‘chalari kesilishida noma’lum shaxslar olib qochgan.

Ko‘chadagi kuzatuv kameralaridan birida yozilgan qizni olib qochish jarayoni videosi internetda ham tarqalgan. Qiz o‘g‘irlanayotganida yo‘ldan o‘tayotgan odamlar bunga hech qanday reaksiya bildirmagan.

Hozir mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining 175-moddasi (Odamni nikoh qurish maqsadida o‘g‘irlash) bo‘yicha tergov ishlari ketmoqda.

Bishkek militsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 7 - aprelda Chuy viloyatining Alamudun tumani Ichki ishlar bo‘limiga Arashan va Cho‘qmo‘ro‘v qishloqlariga yaqin yerdagi dalada mashina ichida ayol va erkak jasadi topilgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan. Ular Ayzada Kanatbekova va uni o‘g‘irlagan shaxsning jasadi ekani aniqlangan.

Mazkur voqea Qirg‘izistonda katta norozilik uyg‘otdi. Ikki kun mobaynida qizni topolmagan militsiya ishidan norozilar 8 - aprel kuni Poytaxt Bishkek va O‘shda miting o‘tkazdi.

Poytaxt Bishkekda o‘tgan va bir necha yuz odam ishtirok etgan mitingda norozilar Ichki ishlar vaziri iste’fosini talab qildi. Ichki ishlar vazirligi binosi oldiga yig‘ilgan yuzlab norozilar “Vazir iste’foga ketsin”, “Uyat”, “Pozor” deb hayqirdilar.

Ichki ishlar vaziri norozilar oldiga chiqmaganidan so‘ng, namoyishga yig‘ilganlar Hukumat uyi oldiga bordilar. Norozilar oldiga Qirg‘iziston Bosh vaziri Ulug‘bek Maripov chiqdi.

- Mazkur voqea sodir bo‘lgan kundan beri nazoratimizda. Men ham bu voqeadan qayg‘udaman. Eshitib turinglar, chin yurakdan gapirayapman. Holat yuzasidan barcha mas’ullarga to‘la choralar ko‘riladi, xizmat surishtiruvlari olib borilyapti. Bu masalani prezident ham kuzatyapti. Biroz vaqt beringlar, -dedi Bishkekda norozilar oldiga chiqqan Qirg‘iziston Bosh vaziri Ulug‘bek Maripov.

Biroq uning gapidan qoniqmagan namoyish ishtirokchilari uni “Pozor”, degan xayqiriqlar bilan qarshiladi.

Miting ishtirokchilari, vafot etgan qiz Ichki ishlar tizimidagi inqiroz qurboni bo‘lgan deb hisoblamoqda.

- Nega bizda tizim ishlamaydi. Ayzada bu tizimli inqirozning qurboni bo‘lib qoldi. Ayzada xalqimiz befarqligi qurboni bo‘ldi. Kamerada ko‘rinib turibdi, o‘sha yerda o‘tayotgan mashinalarning biri ham to‘xtamadi. O‘tayotgan ayollarning birontasi ham to‘xtamadi. Nega? Chunki ular qizni olib qochishayotganini bilsa ham “mayli baxtli bo‘lsin”, deb o‘yladi. Nima uchun? Ayollar mol emasku. Bugun kelganlar bekorchilar emas, qizlari, ayollari, singilllari himoya qilgan, qo‘rmas odamlar, -dedi miting ishtirokchilaridan biri.

Bu orada Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Ayzada Qanatbekovaning o‘limi yuzasidan Feysbukdagi sahifasida marhumning yaqinlariga ta’ziya bildirdi.
Japarov o‘z postida qirg‘iz militsiyasini qonun talablarini bajarmagani uchun tanqid qildi.

"Ayzada voqeasi uning oilasi uchungina emas, butun mamlakatimiz uchun katta fojia. Qiz olib qochish, qizlarni zo‘rlab ushlab turish orqali ularni istaklariga qarshi nikoh qurishga majburlash har doim fojiaga olib keladi. Bu fojiali voqeaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashganlar qonun doirasida jazolanadi”,- deyiladi prezident sahifasida.

Japarov bir necha yil avval shu kabi olib qochish qurboni bo‘lgan Burulay voqeasini ham eslagan.

Bishkekda o‘g‘irlanib o‘ldirilgan Ayzada Qanatbekova yaqinlari militsiya ishiga norozilik bildirmoqda.

Marhumaning onasi Nazgul Shakenova 5 - aprel kuni Ayzada o‘g‘irlanganidan keyin soat taxminan 13.30larda Bishkekning Birinchi may tuman militsiyasiga ariza yozganini aytadi.

Shundan keyin Ayzadaning o‘zi telefon qilib, xolasi bilan gaplashgan, uning ovozidan qo‘rqib ketgani sezilgan, biroq militsiya o‘z vaqtida tezkor tadbirlarni uyushtirib, qizni topmagan.

Marhum jasadi 8 - aprelda Baliqchi shahrida dafn etildi. Ayzada Qanatbekova 1994 - yili tug‘ilgan. Qirg‘iz-Turk "Manas" universitetining Sport fakultetini 2020 - yilda tamomlagan.

XS
SM
MD
LG