Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:33

“Putin agressiyasidan hech kim sug‘urta qilinmagan”. Ekspert Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifi haqida


Entoni Blinken Ostonadagi muzokaralardan keyin matbuot brifingida. Qozog‘iston, 28-fevral, 2023
Entoni Blinken Ostonadagi muzokaralardan keyin matbuot brifingida. Qozog‘iston, 28-fevral, 2023

28-fevral oqshomi Toshkentga yetib kelgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘zbek rasmiylari bilan muzokaralar olib bormoqda. Avvalroq u Ostonada Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashgan va Markaziy Osiyo davlatlari hamda AQSh tashqi ishlar vazirlarining S5+1 formatidagi muzokaralarida qatnashgan.

AQSh davlat kotibi Ukrainadagi urush masalasida qat’iy pozitsiya tutishlari uchun Markaziy Osiyo hukumatlariga bosim o‘tkazishga urinadi, deb hisoblaydi Karnegi fondi ilmiy xodimi Temur Umarov. Ozodlik bilan suhbatda ekspert mintaqa davlatlarining muhtamal reaksiyasi, Ukraina masalasida turli qudratlar tarafidan Markaziy Osiyoga bosimlar qanchalik kuchayishi mumkinligi va mintaqa davlatlari qancha uzoq muvozanat saqlay olishi haqidagi savollariga javob berdi.

“Tarkibiy o‘zgarish bo‘lmaydi”

Ozodlik: Entoni Blinken AQSh davlat kotibi o‘laroq Qozog‘iston va O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyurdi. G‘arb matbuoti u Moskvaning ba’zi an’anaviy hamkorlarini Ukrainadagi urush masalasida AQSh pozitsiyasiga yaqinlashtirishga urinayotgani haqida yozyapti. Nima deb o‘ylaysiz, AQSh mintaqaning ikki eng yirik mamlakatiga biron bir yo‘sinda ta’sir o‘tkazishga harakat qiladimi?

Temur Umarov: AQSh davlat kotiblari lavozimda bo‘lgan chog‘larida bir marta Markaziy Osiyoga, odatan Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelishadi – bu diplomatik an’ana bo‘lib qolgan. Tramp prezidentligida Maykl Pompeo kelgan edi. Biroq hozir, Ukrainada davom etayotgan urush manzarasida G‘arb mamlakatlari yoki boshqa istalgan mamlakatning Markaziy Osiyo bilan bog‘liq barcha harakatlari, chamamda, Rossiyaga qarshi yoki mintaqa davlatlarining Ukraina urushi bo‘yicha pozitsiyalarini o‘zgartirishga qaratilgan.

Россия босқинига бир йил тўлди. Уруш хроникаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:25:53 0:00

Ayni chog‘da tushunishimiz kerakki, AQShning bu boradagi imoniyatlari cheklangan, chunki so‘nggi bir necha o‘nyillikda Vashingtonning mintaqaga qiziqishi susaydi. Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng AQShning mintaqadagi mavjudiyati tarixiy minimumga tushib ketgan bo‘lsa ehtimol. Binobarin, uning qo‘lida Markaziy Osiyo mamlakatlari tutumiga ta’sir o‘tkazish uchun zarur instrumentlar ko‘p emas. Shu bois AQSh davlat departamenti vakilining Markazi Osiyoga tashrifiga odatdagi rasmiyatchilik tashrifi deb qarash kerak. Hamkorlik masalalari va hokazolar muhokama qilinadi. TIV rahbarlari bilan AQSh va Markaziy Osiyo formatida uchrashuv bo‘ladi. AQSh mintaqa mamlakatlarining hududiy butligi, suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlaymiz, deb albatta aytadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari esa AQSh bilan aloqalari muhimligidan bahs etadi. Xullas, men bu tashrifdan hech qanday syurpriz kutmayapman.

Ozodlik: Aytdingizki, AQSh Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng Vashingtonning mintaqadagi mavjudiyati minimumga tushgan. Shunday bo‘lsa ham AQSh Markaziy Osiyo uning uchun hanuz muhimligini ko‘rsatishga urinmayaptimikan, ayniqsa Ukrainadagi urush manzarasida?

Temur Umarov: AQSh turfa usullar bilan buni ko‘rsatishda davom etadi. U o‘zini dunyoning eng e’tiborli va qudratli mamlakati deb biladi. Xuddi shu sababga ko‘ra davlat kotibi Blinken va boshqalar nafaqat Markaziy Osiyoga, balki AQShdan juda uzoq va milliy manfaatlaridan chetda joylashgan mamlakatlarga ham kelib turishadi.

Darhaqiqat, Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘z ahvoli haqidagi tasavvurlarini bir oz o‘zgartirib, mintaqani AQSh uchun dolzarbroq hududga aylantirdi, ammo mintaqaga qaytadan kiradigan darajada aktual qila olgani yo‘q. Urush boshlangani uchun Markaziy Osi-AQSh munosabatlarida hech qanaqa tarkibiy o‘zgarish yuz bermaydi. Hamkorlikning yangi formatlarini, ushbu mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy aloqalar gurkirab rivojlanishi yoki harbiy hamkorlik kuchayishini ko‘rmaymiz. Bugungi kunda barcha kular Ukrainaga safarbar etilganini hisobga olganda AQSh Markaziy Osiyoga taklif etishi mumkin bo‘lgan resurslar xiyla cheklangan. Qo‘shma Shtatlar qandaydir gumanitar yordam, qishloq hududlarini rivojlantirish, kambag‘al oilalar uchun ta’lim dasturlari yoki nari borsa bir million dollarlik bag‘araz yordam taklif qilsa hayron bo‘lmasdim. Lekin biron arzigulik yoki shov-shuv bo‘larlik narsa taklif qilinishiga shubham bor.

AQShni cheklab turgan birgina narsa – uning Ukrainada Rossiya bilan kurashga o‘ralashib qolganidir. Shu bois ular mazkur masalada bir qadar qat’iy pozitsiyani tutishi uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga bosim qilishga urinishmoqda. Ya’ni, mintaqaga “sizlar ham Rossiyaga qarshi aniq pozitsiyada turing”, deb undashyapti.

Moskva Karnegi markazi eksperti Temur Umarov
Moskva Karnegi markazi eksperti Temur Umarov

Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun nihoyatda murakkab strategik masala bu. Mintaqa davlatlari Rossiyaga qattiq qaramligi tufayli shunchaki, AQShning bir og‘iz gapi bilan aksilrossiya pozitsiyasiga o‘tolmaydi. Bilishadiki, Rossiya mintaqada o‘tkinchi emas. Xitoy ham shunday, chunki o‘rtada umumiy chegaralar bor. Lekin AQSh bilan bog‘liq hamma narsa qisqa muddatli vazifalar – ular hal etilishi bilan Vashington yana Markaziy Osiyo bilan jiddiy qiziqmay qo‘yadi. Ya’ni Markaziy Osiyo Rossiyaga ters pozitsiyaga o‘tgani evaziga xavfsizlik kafolatlarini ololmaydi, AQSh bilan aloqalari ko‘zga ko‘rinarli darajada yaxshilanishiga erisholmaydi. Blinken ana shu echimsiz masala bilan to‘nash kelmoqda. Agarda AQSh ma’muriyati buning echimsiz masala ekanini va Markaziy Osiyo mamlakatlarini yaqqol aksilrossiya pozitsiyasini tutishga majburlashga urinishlar behudaligini tushunsa, bu gaplar ochiq aytilmaydi, balki parda ortidagi suhbatlarda aytiladi. Xalqqa esa AQSh bilan Markaziy Osiyo hamkorlikni davom ettiradi, deyiladi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston qachongacha muvozanat saqlay oladi?

Ozodlik: Markaziy Osiyo mamlakatlari qo‘llaridan kelgancha betaraf qolishga harakat qilishmoqda. Ammo yaqinda Belarusning avtoritar lideri Aleksandr Lukashenko KXShT bosh kotibi Imangali Tasmagambetov bilan uchrashuvda “hech kim bir chekkada biqinib tura olmaydi” deb aytdi va “KXShT ichida birlikni kuchaytirish”ga chaqirdi. Bir tomondan, an’anaviy o‘yinchi bo‘lmish Rossiya Lukashenko tili bilan “tarafingni aniq qil” deb talab qilyapti, ikkinchi tomonda esa – G‘arb va uning ham o‘z manfaatlari bor. Mintaqa mamlakatlariga bosim zo‘raymoqdami?

Temur Umarov: Shak-shubhasiz, bosim borgan sari kuchayadi, chunki mintaqa ikki o‘t orasida joylashgan. Markaziy Osiyo davlatlari barcha bilan do‘stona aloqalar qiladi. Bu ular ko‘p vektorli tashqi siyosatning nojo‘ya ta’siridir. Hamma bilan do‘st bo‘lgandan keyin hamma kelib tilaganini so‘raydi. Kimdir yumshoq, diplomatik ohangda so‘raydi, kimdir esa Lukashenkoga o‘xshab dag‘dag‘a qiladi.

Lukashenko birinchi marta bunaqa qilayotgani yo‘q. Bir gal u O‘zbekistonga ham pisanda qilgan, mamlakat ichida g‘avg‘o bo‘lmasligi uchun KXShTga kirishni o‘ylab ko‘ringlar, deb. Lekin bu borada Lukashenko g‘irt pragmatik bo‘lib, voqealarga o‘z nuqtai nazaridan qaraydi. Belarus Rossiyaga batamom qaram bo‘lib qolganini tushunish kerak. 2020-yil avgustda Lukashenko rejimini qulatayozgan ommaviy norozilikdan so‘ng tobe bo‘lib qolgan edi. So‘ngra urush boshlandi va Lukashenko o‘z-o‘zidan bosqinchi mamlakat yonida turdi. U o‘zini juda ham noqulay sezmoqda, chunki Moskvaga qarshi bironta argumenti yo‘q hozir.

Ilgari, namoyishlardan oldingi yillarda Lukashenko “Moskva falon shartimni bajarmasa, Yevropa men bilan jon-jon deb hamkorlik qiladi”, deb bemalol ayta olardi. Lekin siyosiy rejimi taqdiri Rossiya qo‘lida qolganidan beri u bunaqa manyovrlar qila olmayapti. Yagona yo‘l – bu balolarga iloji boricha ko‘proq mamlakatlarni tortib, o‘ziga o‘xshagan satraplarni ko‘paytirish. Shunda Belarus ularning yonida ajralib turgan va Rossiyaning orqa hovlisi bo‘lishdan ko‘ra balandroq maqomga loyiqligini ko‘rsatgan bo‘lur edi. Shunday ekan, Lukashenkoning hamma gaplarini Kremlning mujdasiga yo‘yavermang, chunki bu uning o‘z pozitsiyasi bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Tashqi siyosatni hech bir mamlakat hislari bilan yuritmaydi. Barcha o‘z jamiyati yoki siyosiy rejimi uchun mumkin qadar ko‘proq foyda ko‘zlab ish qiladi. Binobarin, har bir yangilik, har bir voqea dunyoda vaziyatni o‘zgartirayotgan ekan, Qozog‘iston hamisha muvozanat saqlaydi. Mamlakatning tashqi siyosati juda moslashuvchan, qancha kerak bo‘lsa shuncha tob bera oladi.

Ozodlik: Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu mintaqa mamlakatlarining Rossiya bilan ko‘pyillik aloqalari borligini va bu aloqalar hali-beri to‘xtamasligini aytar ekan, “lekin biz ular bilan ular o‘ynay oladigan rol haqida so‘zlashamiz”, deya ishora qilgan edi. Nima deb o‘ylaysiz, qanaqa rol nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin??

Temur Umarov: Markaziy Osiyo mamlakatlarining Ukrainadagi urushga qandaydir ta’sir qilish imkoniyatlari yo‘q hisob. Ya’ni, ular Vladimir Putinni yoki Vladimir Zelenskiyni mavjud voqelikda o‘z fikrini o‘zgartirishga majbur eta olishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘lkada buning uchun zarur instrumentlar juda kam. Ularning qo‘lidan keladigani – yuz berayotgan voqealarga ko‘ra ish tutish.

Masalan, Rahmon ushbu vaziyatda Rossiyadan unga ko‘proq e’tibor berishni so‘rayapti, Rossiyadan foydalanib qolishga urinyapti, ayni chog‘da urush haqida lom-mim degani yo‘q.

Qozog‘iston esa har qanday harbiy harakatlarni dastaklamasligini, tinchlik va xalqaro qonunlar rioya etilishi tarafdori ekanini ro‘y-rost aytyapti. Lekin amalda u ham Rossiya iqtisodiyoti faoliyatining yangi shart-sharoitidan o‘ziga naf chiqarishga, ya’ni Rossiya bilan savdoni oshirishga intilmoqda, chunki ko‘p import tovarlar kelmay qo‘yganidan so‘ng Rossiya bozorida ulkan talab paydo bo‘lgan.

Nazarimda, Luning bu gapi mintaqadagi voqelikning xolis tahlili emas, balki siyosiy bayonotdir.

“Mintaqa uchun muhimi – Rossiya hujum qilgan taqdirda yolg‘iz qolmasligini bilish”

Ozodlik: Blinken “Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy butunligiga sodiqligini tasdiqlash maqsadida” S5+1 formatidagi uchrashuvda qatnashadi. Bu ta’rif nimani anglatadi? Rossiyaga yo‘llangan messejmi bu?

Temur Umarov: Rossiya “Ukraina aslida bolьsheviklar va Lenin tomonidan yaratilgan va yashashga haqsiz sun’iy davlat” degan iddao bilan urush boshlagani Markaziy Osiyo mamlakatlarini qo‘rqitib yubordi. Chunki bu usulni istalgan sobiq sovet respublikasiga nisbatan qo‘llab, harbiy bo‘lmaganida ham boshqa bir shakldagi amaliyotni boshlab yuborish mumkin. Shunday ekan, AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlariga Rossiya tarafidan agressiya bo‘lgan taqdirda ularning tarafdorlari borligini anglatmoqchi va bu juda muhim.

Si Szinpin ham Samarqandda o‘tgan ShHT sammitidan oldin Qozog‘istonga kelganida xuddi shunday qilgan edi, Yevropa Ittifoqi bayonotlarida ham shu gap. Ukrainada urush boshlanganidan beri bu har qanday diplomatik uchrashuvning majburiy bandiga aylandi.

Ozodlik: AQSh bilan Xitoyning Markaziy Osiyo borasidagi bayonotlari va maqsadlarida qanday farq bor?

Temur Umarov: AQSh va Xitoyning bayonotlari ularning Rossiya bilan munosabatlari qandayligiga ko‘ra farqlanadi. AQShning yuqoridagi bayonoti Rossiyaga nisbatan tahdid kabi jaranglaydi. Chunki Rossiya Ukraina bilan emas, balki NATO bloki, birinchi galda AQSh bilan urushayotganini da’vo qiladi.

Xitoy nuqtai nazaridan esa bu shunchaki, faktlarni qayd qilishdek gap. Chunki hududiy yaxlitlik, suverenitet va mustaqillikni hurmat qilish rostdan ham xalqaro tamoyil, barcha mamlakatlar BMTga a’zo bo‘layotganida uni tan oladi. Bu osmon ko‘k, o‘t yashil, degan bilan baravar.

Biroq urush kontekstida, ushbu muqaddas prinsiplar bir mamlakat tomonidan shubha ostiga olingan paytda bularning bari Rossiyaga qarata tahdid yoki ko‘zqisish deb ko‘riladi. Ya’ni, AQSh aytadigan bo‘lsa – tahdid, Xitoy aytadigan bo‘lsa – ko‘zqisish.

“Putin bir kuni “Qozog‘iston bizga dushman” degan fikr bilan uyg‘onishi hech gap emas”

Ozodlik: Yaqinda Kommunikatsiyalarni rivojlantirish Milliy tadqiqot instituti 14 mamlakatning Rossiya bilan “do‘stlik indeksi”ni e’lon qildi. Reytingda O‘zbekistoon yuqori o‘rinlardan birida. Shu reytingning o‘tgan yilgi lideri bo‘lmish Qozog‘iston esa, bu yil Rossiyaga hanuz do‘st, ammo “tebranib turadiganlar” sirasiga kiritildi. Sizningcha, nega?

Temur Umarov: Bu juda g‘alati indeks. Ular Markaziy Osiyo mamlakatlarining Rossiyaga do‘stligini qanday baholashda qanday metodikadan foydalangani bilan qiziqib ko‘rdim. Mazkur reyting bilan voqelik bilan o‘rtasida biron aloqa bor, deb o‘ylamayman. Ammo bu simptom, mamlakat rahbariyati dunyoning barcha mamlakatlarini do‘stu dushmanga ajratishni boshlaganida shunday bo‘ladi.

Bular bari Rossiyaning badtar yakkalanib qolishiga – nafaqat Tashqi ishlar vazirligi e’lon qiladigan manavinday ro‘yxatlar bilan, balki fundamental jihatdan, jamiyat miqyosida yakkalanib qolishiga olib boradi. Jamiyat ham endi mamlakatlarni do‘st va dushmanlarga ajratadi. Eng yomoni, ekspertlar ham bu haqda yozishmoqda. Masalan, siz tilga olgan institut o‘zini ekspert tashkilot chog‘laydiyu jamiyatga xolis axborot berish o‘rniga tamom teskarisini qilyapti.

Ozodlik: Tashqi ishlar vaziri muovini Mixail Galuzin TASSga bergan intervyusida AQSh va YI Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni faollashtirib, ulardan Ukrainadagi “maxsus amaliyot”ni qoralashni talab qilayotganini aytdi. Ya’ni, Moskva mintaqa mamlakatlarini AQSh bilan yaqinlashuvdan ogohlantirdi. Qanaqa reaksiya bo‘lishi mumkin?

Temur Umarov: Buning ortidan qandaydir jazo choralari qo‘llanadi, deb o‘ylamayman. Gap shundaki, Vladimir Putin va Rossiya Xavfsizlik kengashi mantiqqa g‘irt ters ish tutadigan bo‘lib qolgan. Odamlar o‘z rahbariyatining harakatlarini oldindan taxmin qila olmay halak bo‘lishyapti. Rossiya tashqi siyosatiga oid qarorlar Rossiya TIVda qabul qilinmasligini avvaldan bilardik. Bunaqa qarorlar Kremlda, prezident administratsiyasida va shaxsan prezident tomonidan qabul qilinadi. TIV esa ulardan xalqaro qonunlarga sal-pal yopishadigan bir nima yasaydi, xolos.

Endi bo‘lsa mamlakatlar, aniqrog‘i, turli vazirliklarning xodimlari, turli kanallar, turli ekspertlar Rossiyaning Vladimir Putin tasavvuridagi institutlashgan tashqi siyosatini anglashga tirishmoqdalar. Shu bois ham mintaqa mamlakatlariga “hech kim G‘arb bilan gaplashmasin, Ukrainani qo‘llamasin”, degan gaplar aytilyapti. Hamma urushni “maxsus harbiy amaliyot” deb atashi kerakmish. Xuddi yuqoridagi sababga ko‘ra, Roskomnadzor chet el OAVlariga “maxsus harbiy amaliyot”ga doir “feyk”lar tarqatmaslik haqida xabarnomalar yuborishni tabiiy deb hisoblamoqda.

Shu bois ham TIV Markaziy Osiyo mamlakatlariga “u bilan do‘st bo‘l, bu bilan do‘stlashma”, deb aql o‘rgatishni o‘ziga ravo ko‘rmoqda. Shuning uchun ham ekspert tashkilotlar o‘zlarini dunyo mamlakatlarini do‘stu dushmanga ajratishga haqli deb bilishyapti. Biroq qarorlar bu muassasalarda qabul qilinmasligi sababli, bunaqa bayonotlar, reytinglar ortidan hech nima bo‘lmaydi, Vladimir Putin va Kreml ko‘ngli tusaganini qilaveradi.

Deylik, Vladimir Putin bugun ertalab uyg‘onadi va to‘satdan “Qozog‘iston ham aslida bizga do‘st emas yoki etarlicha do‘st emas yoxud u ham allaqanday Aksilrossiya” degan fikrga keladi va o‘tgan yilning 24-fevralida qilgan ishini takrorlaydi. Bundan hech kim sug‘urtalanmagan. Men bu muhtamal stsenariy demayman, bunaqa bo‘lishi ehtimoli kam, lekin Putinning ichidagini topish juda qiyin bo‘lib ketdi. Ammo, shunisi aniqki, ayni paytda Rossiya TIVning bayonotlari Rossiyaning real xatti-harakatlarida aks etishi amri mahol.

XS
SM
MD
LG