Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:31

Bloger Asliddin Kamol Dubayda “Toshkent so‘rovi bilan ushlangan”


Asliddin Kamol qariyb ikki yildan beri Dubayda yashab kelmoqda.
Asliddin Kamol qariyb ikki yildan beri Dubayda yashab kelmoqda.

Uch kun avval Dubay aeroportida g‘oyib bo‘lgani aytilayotgan o‘zbekistonlik bloger Asliddin Kamol “O‘zbekiston so‘rovi bilan ushlangan”. Bu ma’lumotni Ozodlikka O‘zbekiston huquq tartibot tizimidagi bir-biridan mustaqil ikki manba tasdiqladi.

Manbalar ta’kidicha, Asliddin Kamol 13-oktyabr kuni Dubay aeroportida mahalliy politsiya tomonidan O‘zbekiston “zapros”i bilan ushlangan va hozirda uni ekstraditsiya qilish protsedurasi boshlangan.

Asliddin Kamolning Toshkentga topshirilishi aniqligini aytgan manbalarga ko‘ra, hozircha blogerga nisbatan rasmiy ayblov ma’lum emas, lekin u tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlari uchun ushlangani ehtimoli katta.

Dubayda qariyb ikki yildan beri yashayotgan bloger Asliddin Kamol Dubay

Asliddin Kamol 8 yilga qamalgan bloger Olimjon Haydarov bilan.
Asliddin Kamol 8 yilga qamalgan bloger Olimjon Haydarov bilan.

aeroportida g‘oyib bo‘lgani xabari 13 oktyabr kuni paydo bo‘lgan.

Jurnalist Ulug‘bek Ashur Asliddin Kamol bilan oxirgi gaplashgan kishilardan.

Asliddin Kamol 13-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:32 da menga videochaqiruv qildi va "Meni Dubayga kiritishmadi. Pasportimni xodimlar olib, meni boshqa xonaga olib ketishyapti" deb gapirishga ulgurdi. Videoda u aeroportda edi”, deya post qoldirdi Ulug‘bek Ashur Facebook tarmog‘idagi sahifasida.

Ulug‘bek Ashur o‘z postida Dubaydagi do‘stlari aeroportga borib, xavfsizlik xizmati xodimlari bilan uchrashgani, ular Asliddin Kamolni ikki soat ushlab turganlaridan so‘ng, tekshirishib, chiqarib yuborishganini aytishgani haqida ham yozdi:

“Lekin buni tasdiqlovchi videotasvirlarni ularga ko‘rsatishmagan... Asliddin Kamol shaharga chiqib ketmagan... Agar shunday bo‘lganida u hammamizga "Men chiqdim, xavotir olmanglar, taksiga o‘tirdim" deb xabar berardi”.

Asliddin Kamol haj ziyoratida.
Asliddin Kamol haj ziyoratida.

Keyingi ikki kun davomida tarmoqlarda Asliddin Kamol g‘oyib bo‘lgani haqida postlar ko‘paydi. Biroq oradan bir kun o‘tib, bu postlarning aksari o‘chirib tashlandi. Bu Asliddin Kamol himoyasiga chiqqan faollarga nisbatan bosim bo‘lgani haqidagi talqinga sabab bo‘ldi.

Ozodlik shunday post yozib keyin o‘chirgan blogerlardan biri bilan bog‘langanida, u postni o‘z ixtiyori bilan o‘chirgani, hech kim unga bosim qilmaganini aytdi.

“Asliddin yo‘qolgan kuni O‘zbekistonda uning jiyani avariyaga uchrab, halok bo‘ldi. Shu sabab Asliddinning ota-onasiga qo‘shimcha dard bo‘lmasin, degan maqsadda postni o‘chirib tashladim”, dedi xavfsizlik sabab ismi ochiqlanishini istamagan bloger yigit.

Asliddin Kamolga yaqin manbalar turli xil talqinlarni bildirishdi.

O‘zini Asliddinning do‘sti deb tanishtirgan yigit uning ushlanishiga vizasi bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lganini aytdi.

AQSHda yashayotgan jurnalist Jahongir Muhammad esa Asliddin Kamol ushlanishida “Toshkentning qo‘li bor”ligini iddao qildi.

Tarmoq faoli Mirrahmat Mo‘minov Asliddin Kamolning g‘oyib bo‘lishini keyingi kunlarda Dubaydagi o‘zbekistonliklarga nisbatan bosim kuchaygani bilan bog‘ladi.

“BAAda so‘nggi ikki hafta ichida minglab o‘zbeklarning vizalari otmen bo‘libdi. Bosh sabablardan biri qora ro‘yxatga kiritilgani bois. Shu sababdir balkim, aloqa vositasi yo‘qdir? Biroz avval Sayfulloh Nosir akada ham shu kabi holat bo‘lgandi. U kishi ham Dubay aeroportida ikki kun yo‘qolib qolgandilar”, deya yozdi Mirrahmat Mo‘minov tarmoqdagi izohida.

Ozodlikning Asliddin Kamol borasida Dubay politsiyasidan ma’lumot olishga urinishlari biror samara bermadi.

Dubaydagi O‘zbekiston elchixonasiga Asliddin Kamolning yaqinlari rasman murojaat qilishgan. Bu haqda Ozodlikka gapirgan manbaga ko‘ra, konsullik Asliddin Kamol masalasini o‘rganayotgani va 16-oktyabr kuni kechqurungacha rasmiy javob berilishini bildirishgan. Biroq hozircha na elchixona va na konsullik tomonidan Asliddin Kamol taqdiri borasida biror ma’lumot berilgani yo‘q.

Yuridik ma’lumotga ega Asliddin Kamol bloger sifatida tanqidiy postlari bilan tanilgan. U 2023-yil avgustida 7 yil-u 3 oyga qamalgan bloger Abduqodir Mo‘minov bilan hamkorlik qilgan.

Asliddin Kamol aynan Abduqodir Mo‘minov hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay o‘z xavfsizligi sabab Dubayga ketishga majbur bo‘lgan. Biroq u Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston havfsizlik kuchlari uni Dubayda ham tinch qo‘ymayotganini aytgan edi.

“Buyog‘i endi ochiq ko‘zbo‘yamachilik bo‘lib ketdi, menimcha hamma bilib ham bo‘ldi bularni kimligini. Men sahifalarimni o‘chirishni reja qilyapman, bosimlar kuchayib ketgani sabab. Endi menimcha yozishdan, gapirishdan foyda bo‘lmay qoldi”, degandi Asliddin Kamol joriy yil iyulida Ozodlik muxbiriga.

Asliddin Kamol 7 yil-u 3 oyga qamalgan bloger Abduqodir Mo‘minov bilan.
Asliddin Kamol 7 yil-u 3 oyga qamalgan bloger Abduqodir Mo‘minov bilan.

Dubaydagi o‘zbek faollari bilan bog‘liq xavotirli xabarlar Turkiyadagi o‘zbekistonlik faollar bosimga uchrayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Keyingi ikki yil davomida Turkiya xavfsizlik xizmati ushbu mamlakatdagi o‘zbek faollariga bosim o‘tkazgani, ularni mamlakatdan chiqarib yuborgani faktlari anchagina.

So‘nggi paytlarda o‘zbek faollarining Turkiyaga kiritilmasligi holatlari esa ko‘payib bormoqda.

Vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, Turkiya xavfsizlik xizmati bu harakatlarni “O‘zbekiston tomoni taqdim qilgan ro‘yxat asosida amalga oshirmoqda”.

Keyingi paytda O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi bloger, jurnalist va tarmoq faollariga nisbatan bosimlar kuchaydi. Prezidentni haqorat qilgani uchun 10 dan ortiq odam qamoqqa tashlandi. Karimov davridagi kabi qo‘rquv muhiti qaytdi.

Ozodlik Mirziyoyev prezidentligi davrida hibsga olingan, qamoqqa tashlangan va bosimga uchragan 100 dan ortiq jurnalist, bloger va faollarning ishini hujjatlashtirdi.

Agar siz ozod so‘z uchun jazolangan yoki bosimga uchragan bo‘lsangiz, Ozodlikka xabar bering. Ozodso‘z loyihasi muntazam yangilab boriladi.

XS
SM
MD
LG