Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaga yordam tariqasida umumiy hisobda 100 ming nafargacha o‘z harbiysini yo‘llashi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi “Katta yigirmalik” mamlakatlaridagi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar qildi.
Agentlik suhbatdoshlari bu yerda gap dastlabki hisob-kitoblar haqida ketayotgani va hatto bu ma’lumot tasdiqlangan taqdirda ham, 100 ming kishilik kontingent bir vaqtning o‘zida Rossiyaga yo‘llanmasligini ta’kidlashgan.
Avvalroq “Amerika ovozi”ning koreys xizmati bilan suhbatda Ukrainaning Janubiy Koreyadagi elchisi Dmitriy Ponomarenko shunga yaqin raqamdan bahs etgan edi. Diplomatga ko‘ra, Kursk viloyatidagi KXDRdan bo‘lgan 15 ming harbiy har oyda rotatsiya qilinadi.
Rossiya bilan Shimoliy Koreya yaqinda RF va KXDR o‘rtasida keng qamrovli strategik hamkorlikka oid shartnomani ratifikatsiya qilishgandi. Shartnoma matniga muvofiq, tomonlardan biriga qurolli hujum qilingan taqdirda, ikkinchi tomon unga zudlik bilan harbiy va boshqa yordam ko‘rsatish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Shuningdek, tomonlar bir-biriga qarshi bo‘lgan uchinchi mamlakatlar bilan shartnomalar tuzmaslik hamda boshqa tomon suvereniteti buzilishi uchun o‘z hududidan foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan kelishuvga erishishgan.
AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreya xavfsizlik sohasida uch tomonlama hamkorlik bo‘yicha kotibiyat tuzilgani haqida bildirishgan. Limadagi sammitda uch davlat rahbarlari Shimoliy Koreya va Rossiyaning Ukrainadagi urushni kengaytirish qarorini qoralashgan.
Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning kengayishi NATO tomonidan ham qoralangan. Harbiy ittifoq bayonotida shimoliy koreyalik askarlarning Rossiyaga yo‘llanishi xavfli eskalatsiyaga sabab bo‘lishi hamda BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga zid kelishi aytilgan.