Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:20

Bloomberg: Turkiya BRIKSga kirish uchun ariza topshirdi


Turkiya bir necha oy oldin iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar birlashmasi bo‘lmish BRIKSga kirish uchun rasmiy ariza topishrgan. Bu haqda Bloomberg agentligi manbalardan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar qildi.

Agentlik suhbatdoshlari Anqara bu qarorni Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga oid muzokaralardagi ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar manzarasida qabul qilganini iddao qilishmoqda. Turkiya 1999-yildan buyon YIga kirishga nomzod mamlakat maqomiga ega.

Bundan tashqari, BRIKSga a’zolikka ariza berilishi Rossiyaning Ukrainaga hujumi ortidan Anqara Moskva bilan aloqalarni uzmaganidan keyin Turkiya va uning NATOdagi hamkorlari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar bilan ham bog‘liq, deya iddao qilishgan Bloomberg manbalari.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’muriyati geosiyosiy og‘irlik markazi rivojlangan iqtisodiyotlardan rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga og‘moqda, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham Turkiya o‘zining global hozirligi kuchaytirib, g‘arblik ittifoqchilar manfaatlari xorijidagi aloqalarni mustahkamlash, ayni paytda NATOga a’zo davlat o‘laroq o‘z majburiyatlarini bajarib borish niyatida, deya qayd etgan Bloomberg.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Erdo‘g‘on vakillari bu masalada agentlikka izoh berishdan bosh tortishgan.

BRIKS birlashmasi Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika tomonidan 2006-yilda tashkil etilgan. 2024-yili guruhga Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Efiopiya va Misr a’zo bo‘lgan. Saudiya Arabistoni ham BRIKSga kirishni rejalayotgan edi, biroq qirollik hali tashkilotga a’zo bo‘lgan emas.

Ozarbayjon, Malayziya va Tailand ham BRIKSga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgani ma’lum. BRIKSga yangi a’zolarni Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda qabul qilish kutilmoqda. Mazkur tabdir joriy yilning 22-oktyabridan 24-oktyabrigacha bo‘lib o‘tadi.

XS
SM
MD
LG