NATOda armiyasining kattaligi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlardan keyin ikkinchi o‘rinni egallab kelayotgan Turkiya Ukrainadagi muhtamal tinchlikparvarlik missiyasi doirasida o‘z qo‘shinlarini yo‘llashga tayyor, deya xabar qildi Bloomberg mavzudan xabardor manbalardan olingan ma’lumotlarga tayangan holda.
Agentlikning ismi oshkor etilmasligi sharti bilan gapirgan suhbatdoshlari Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bu masalani Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan fevral oyi boshida Anqarada o‘tkazilgan alohida-alohida uchrashuvlarda muhokama qilganini qayd etishgan.
Rossiya bilan aloqalarni izga tushirishga urinayotgan AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha tinchlik sa’y-harakatlari doirasida, jumladan yevropalik ittifoqchilarning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini berish va tinchlikparvar kuchlardagi ishtirokini dastaklashini bildirgan, ayni paytda AQSHning o‘zi bu ishlarda bevosita ishtirok etishini istisno qilgan edi.
Turkiyaning muhtamal otashkesim tartibi monitoringida yordam berishga tayyorligi Buyuk Britaniya va Fransiya doxil tegishli rejalarni ishlab chiqayotgan Yevropadagi ittifoqchilar uchun muhim ahamiyatga ega. Biroq, Bloomberg manbalari qaydicha, agar Turkiya vakillari mazkur missiyani shakllantirishga hozirlik bo‘yicha barcha maslahatlashuvlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishmasa, Anqara biror-bir tinchlikparvarlik missiyasining bir qismiga aylanmoqchi emas.
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov 26-fevral kuni Qatarga safari chog‘ida matbuot anjumanida chiqish qila turib, Rossiya tomoni yevropalik tinchlikparvar kuchlarning Ukrainada joylashtirilishi bo‘yicha hech qanday variantni ko‘rib chiqmayotganini bildirgan edi. Lavrovga ko‘ra, ayni paytgacha hech kim Rossiyadan Ukrainada tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish ehtimoli haqida so‘ragan emas, vaholanki, rossiyalik vazir qaydicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida tinchlikparvar kuchlarning joylashtirilishi faqat mojaroning har ikkala tomoni roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkinligini aytgan edi.