Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:25

Bloomberg: YI va AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ishlab chiqyapti


Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga nisbatan davom etayotgan tajovuzi tufayli Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Nashr manbalariga ko‘ra, yangi sanksiyalar Rossiyaning yashirin flotiga qarshi qaratiladi.

YI yangi cheklovlarni yil oxirigacha tasdiqlash niyatida. Ularni qabul qilish esa Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga uch to‘ladigan 2025-yil 24-fevraliga belgilangan.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, sanksiyalar paketi Rossiya nefti savdosiga aloqador shaxslarga qarshi jarimalarni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Bryussel Rossiyada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, oziq-ovqatlar va o‘g‘itlarga nisbatan boj to‘lovlarini oshirmoqchi, deyilgan xabarda.

Avvalroq Bloomberg manbalari AQSH ham Rossiya va Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar qabul qilish ustida ishlayotgani haqida ma’lum qilishgandi. Ularga ko‘ra, Vashington yangi paketni saylangan prezident Donald Tramp iqtidorga kelguniga qadar tasdiqlashga ulgurmoqchi. Tramp Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi harbiy ziddiyatni tezda hal qilishni istashini bildirgan edi. G‘arb mamlakatlari Tramp takliflarining bir qismi Kiyev uchun manfaatli bo‘lmasligi mumkinligini istisno qilishmayapti.

Donald Tramp avval bir necha bor urushni 24 soat ichida bitirishi mumkinligi haqida bayonot bergan, biroq bu boradagi konkret rejasini ochiqlamagan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi so‘nggi (o‘n to‘rtinchi) sanksiyalar paketini joriy yilning iyul oyida qabul qilgandi.

XS
SM
MD
LG