Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish 30-iyun kuni O‘zbekistonga yetib kelgan.
O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga muvofiq, Guterrishni Toshkent aeroportida bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib olgan.
“Qisqa suhbatdan so‘ng BMT Bosh kotibi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri hamrohligida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi”, deyilgan xabarnomada.
Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Markaziy Osiyo davlatlariga safar doirasida joriy yilning 30-iyun − 1-iyul kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishi e’lon qilingan.
Tashrif chog‘ida Guterrishning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazishi, muzokaralar kun tartibidan O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari, shuningdek, global siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari o‘rin olgani bildirilgan.
“Tashrif davomida BMT Bosh kotibi qator sanoat va ijtimoiy soha obyektlarini ham borib ko‘radi, ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar o‘tkazadi”, deyilgandi prezident matbuot xizmati tomonidan 29- iyun kuni tarqatilgan xabarnomada.