BMT Bosh assambleyasi 23-may kuni Srebrenitsadagi qatliomni xotirlash kunini ta’sis qilish uchun ovoz berdi.
Bunga oid BMT rezolyutsiyasi 84 ta ovoz bilan qabul qilingan, 19 ta davlat rezolyutsiyaga qarshi chiqqan, 68 ta mamlakat ovoz berishdan tiyilgan. Tashabbusga Serbiya davlati va bosniyalik serblar rahbariyati keskin qarshi chiqqan.
Srebrenitsadagi qatliomni xotirlash kunini ta’sis qilish taklifi Germaniya va Ruandadan chiqqan. Qabul qilingan hujjat 11-iyulni xalqaro xotira kuni deb e’lon qiladi. Chora tarafdorlariga ko‘ra, xotira kunining ta’sis etilishi Srebrenitsada bosniyalik musulmonlar qirg‘in qilinganini inkor qilmaslik va esdan chiqarmaslik uchun zarur. Serbiyalik vakillar mazkur qaror ularning hammasiga genotsid (qatliom) uchun mas’ul xalq yorlig‘ini yopishtirib qo‘yishidan xavotir bildirishgan.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich munozaralar chog‘ida, agar qatliomni xotirlash kuni ta’sis etiladigan bo‘lsa, bu qadam “eski yaralarni ochadi va to‘la siyosiy xaosga turtki beradi”, deb aytgan.
Bolqon urushi chog‘ida 1995-yil iyulida Srebrenitsada sodir bo‘lgan voqealar Haagadagi xalqaro sudlar tomonidan genotsid o‘laroq tan olingan – Srebrenitsadagi voqealar chog‘ida bosniyalik serblar bosniyalik musulmon bo‘lgan 8 mingdan ziyod qurolsiz erkak va o‘g‘il bolani qatl etishgandi. Ommaviy qatliom ayblovi bilan serblarning siyosiy liderlari va armiyaning yuqori lavozimli zobitlari sudlangan – ulardan ayrimlariga nisbatan umrbod qamoq jazosi tayinlangan.
Bosniya va Gersegovinada Srebrenitsadagi qatliomni inkor qilish qonun bilan taqiqlangan. Shunga qaramay, 2024-yil aprelida Serbiya Respublikasi parlamenti genotsidni rad etuvchi hisobotni tasdiqlagan, mahalliy serblarning rossiyaparast lideri Milorad Dodik esa ochiqdan-ochiq Srebrenitsadagi jinoyat genotsid bo‘lib hisoblanmasligini bildirgan.