Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

BMT Xavfsizlik kengashi AQSHning G‘azoga oid rejasini qo‘lladi


BMT Xavfsizlik kengashi 10-iyun kungi ovoz berish chog‘ida G‘azo sektoridagi vaziyatni izga solish bo‘yicha AQSH tomonidan taklif qilingan rejani dastakladi. Mazkur reja G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilarni bosqichma-bosqich ozod qilish va isroillik harbiylarni sektordan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi.

Ovoz berish jarayonini Ozodlik muxbiri kuzatib bordi. O‘zaro urush olib borayotgan Isroil va HAMAS radikal harakati rejani “zudlik bilan” va “qo‘shimcha shartlarsiz” qabul qilishga chaqirilgan rezolyutsiya uchun Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi yoqladi. Rossiya ovoz berishdan tiyildi.

Reja AQSH prezidenti Jo Bayden tarafidan may oyi oxirida taqdim etilgandi. Uning ilk bosqichida HAMAS tomonidan garovga olingan shaxslarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar bilan almashtirish va o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi bosqichda esa garovdalarning to‘liq ozod etilishi, jangovar harakatlarning butunlay to‘xtatilishi va Isroil qo‘shinlarining G‘azodan tamoman olib chiqib ketilishi ko‘zlangan.

Yakuniy bosqichda Isroil armiyasi amaliyoti chog‘ida vayron qilingan sektorni tiklash bo‘yicha xalqaro rejani hozirlash mo‘ljallanmoqda, AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb topilgan HAMAS harakati esa bu bosqichda Isroilga garovdalik paytida halok bo‘lganlarning jasadini topshirishi lozim bo‘ladi.

Matnda BMT Xavfsizlik kengashining mustaqil Falastin davlatini tuzish rejasini dastaklash bo‘yicha sobit ishonchga ega ekanligi yana bir bor urg‘ulangan.

“Shu munosabat bilan G‘azo sektorini Falastin muxtoriyati boshqaruvi ostidagi Urdun daryosi g‘arbiy sohili bilan birlashtirish muhimligi ta’kidlanadi”, deya qo‘shimcha qilingan rezolyutsiyada.

Isroil avvalroq taklif qilingan shartlarga prinsipda rozi ekanini ma’lum qilgan. AQSHning BMTdagi doimiy vakilasi Linda Tomas-Grinfild 10-iyun kuni, agar rejani bajarishga HAMAS ham rozi bo‘lsa, sektordagi jangovar harakatlar bugunning o‘zida to‘xtashi mumkinligini qayd etgan.

HAMAS vakillari “rezolyutsiya qabul qilinganini olqishlashlari”ni bildirganlar, biroq uni zudlik bilan bajarishga kirishishga tayyor ekanlarini yuzasidan biror izoh bergan emaslar.

XS
SM
MD
LG