BMT Xavfsizlik kengashi 24-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga uch yil to‘lishi munosabati bilan AQSH tomonidan hozirlangan rezolyutsiyani qabul qildi. Reuters qaydicha, rezolyutsiya AQSHning mojaro bo‘yicha neytral pozitsiyasini aks ettiradi, chunki prezident Donald Tramp tinchlik o‘rnatishda vositachi bo‘lishga urinmoqda.
BMT XKda Rossiya veto huquqiga ega bo‘lgani uchun kengashning 15 a’zosi Ukrainadagi urush bo‘yicha haligacha hech qanaqa chora ko‘ra olmagan.
AQSH rezolyutsiyasi 10 mamlakat tomonidan yoqlangan. Fransiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Gretsiya va Sloveniya ovoz berishdan tiyilgan.
“Bu rezolyutsiya bizni tinchlik yo‘liga olib chiqadi. Bu biz faxrlanishimiz kerak bo‘lgan birinchi, lekin muhim qadamdir. Endilikda biz undan Ukraina, Rossiya va xalqaro hamjamiyati uchun tinch kelajak barpo etishda foydalanishimiz kerak”, deya bildirgan AQSHning BMTdagi elchisi v.b. Doroti Shi Xavfsizlik kengashida qilgan chiqishida.
Rezolyutsiyaning qisqa matnida “Rossiya-Ukraina mojarosi” qurbonlari yuzasidan qayg‘u izhor etilib, BMTning maqsadi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘lib hisoblanishi tasdiqlangan. Rezolyutsiya tez orada mustahkam tinchlik o‘rnatilishiga chaqiradi.
Reuters Trampning vositachilik harakatlari yevropalik ittifoqchilar va Ukrainani o‘zlarini tinchlik muzokaralaridan chetlatishlari mumkinligiga oid xavotirga tushishlariga sabab bo‘lganiga e’tibor qaratgan.
Britaniyaning BMTdagi elchisi Barbara Vudvord kengashda Ukrainadig tinchlik shartlari ahamiyatga egaligi va u “tajovuz oqlanmasligi haqida signal bo‘lishi” lozimligini aytgan.
“Mana nima uchun kengash a’zolari urushga Ukraina tomonidan ham, Rossiya tomonidan ham teng qaray olishmayapti. Agar biz barqaror tinchlikka yo‘l topishni istasak, kengash urush manbasini aniq belgilab olishi lozim”, degan Barbara Vudvord.
Avvalroq 193 ta a’zo mamlakatdan iborat BMT Bosh Assambleyasi AQSHning xalqaro tashkilot pozitsiyasini yumshatishga oid taklifini rad etgandi. BMTning bu eski pozitsiyasi Ukraina suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligini dastaklashdan iborat bo‘lgan.