BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen Damashqqa tashrifini yakunladi. Mamlakatning yangi rahbariyati bilan uchrashgan BMT maxsus vakili: “Yangi Suriyaning boshlanishini ko‘rish umidi bor”, deya nekbinona taxmini bilan o‘rtoqlashdi. Pedersenga ko‘ra, bu umidni amalga oshirish uchun Suriyada yangi konstitutsiya qabul qilinishi lozim.
“Yevronyus” xabariga ko‘ra, BMT maxsus vakili butun Suriya jamoatchiligi ishonchiga sazovor bo‘lgan siyosiy o‘tish davri zaruratiga e’tibor qaratgan.
Pedersen 18-dekabr kuni jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida, jumladan, yangi konstitutsiya suriyaliklarning barchasi tomonidan qabul qilinadigan yangi ijtimoiy kelishuvni ta’minlashi kerakligini aytgan. O‘tash davri tugaganidan so‘ng, BMT maxsus vakiliga ko‘ra, erkin saylov o‘tkazish lozim bo‘ladi.
Hozirgi paytda Suriyani nazorat qilayotgan isyonchilarning asosiy kuchi “Hay’at Tahrir ush-Shom” guruhi bo‘lib hisoblanadi. Uning BMT vakili Geyr Pedersen bilan muhokama qilingan yo‘nalishlarga rioya qilish-qilmasligi hozircha noaniq bo‘lib qolmoqda. Hukmron guruh muvaqqat ma’muriyat tuzgan, u “qutqaruv hukumati” a’zolari tomonidan tashkil etilgani aytilmoqda.
Amaldagi hokimiyat mamlakatni 2025-yilning mart oyigacha nazorat qiladi, biroq Jo‘loniy nomi bilan tanilgan yangi hukmron Ahmad ash-Shar’a yangi legitim hukumatga o‘tish qay tartibda amalga oshirilishiga oid savolga aniq javob bergan emas, deya qayd etilgan “Yevronyus” maqolasida.