Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:34

"Bola huquqi O‘zbekistonning ichki ishi". Toshkent va Moskva o‘rtasida yangi diplomatik mojaro


“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov va Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Kollaj
“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov va Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Kollaj

Toshkentdagi maktabda rus tili darsida o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 188-maktab o‘quvchisi o‘qituvchi tomonidan kaltaklangani aks etgan videolavha tarqalgandi. Videoda o‘qituvchi o‘quvchining yuzi va boshiga urgani aks etgan.

Poytaxt maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga ko‘ra, voqea 23-sentyabr kuni 6-sinfning rus tili darsida yuz bergan. O‘qituvchi R.O. ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan. So‘ngra o‘qituvchi o‘quvchining qulog‘idan cho‘zgan va yuziga tarsaki tushirgan.

Rossiya Tashqi siyosat mahkamasi so‘zchisiga ko‘ra, Moskva Toshkentdan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berish va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga chora ko‘rishni so‘ragan.

Zaxarova o‘z bayonotida O‘zbekiston bilan “o‘zaro muloqot hamda madaniy-ma’rifiy, ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy robitalarda rus tilining ko‘p asrlik ijobiy ta’siri”ni ham pisanda qilgan.

Mahalliy faollar “Moskva maishiy darajadagi ziddiyatni xalqaro mojaroga aylantirayotgani”ni tanqid qilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskvaning bayonotiga munosabat bildirgani yo‘q. Ayni paytda “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov esa Zaxarovaning bahsli bayonotiga javoban O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni tavsiya etgan.

“Bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi! Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi”, deb yozgan Qodirov.

Oldinroq "Milliy tiklanish" lideri o‘zbek tilini bilmaganlarga qarshi cheklovlar o‘rnatishni taklif qilgan edi.

Siyosatchi “Rossiyaga ishga borayotganlar rus tilini bilishlari shart”, “lekin bu O‘zbekistonda yashayotgan ruslarni o‘zbek tilini bilishlari shart emas degani emas” deb aytgan.

Qodirov bu mulohazalarni Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning “Rossiyaga ishlashga rus tilini biladigan, mamlakat an’analarini hurmat qiladigan kishilar kelishi muhim”ligi haqidagi bayonotiga javoban bildirgan.

Qodirovga ko‘ra, O‘zbekistonda yashayotgan va shu mamlakat fuqarosi bo‘lgan barcha millat vakillari davlat tilini bilishlari zarur.

“Qonunlarimizda bosqichma-bosqich bog‘cha va boshlang‘ich ta’limda boshqa millatli vatandoshlarga o‘z ona tili va qadriyatlarini o‘rganishiga sharoit yaratish bilan bir qatorda, o‘zbek tili majburiy o‘rganadigan til sifatida belgilanishi kerak”, degan Alisher Qodirov.

Navbatdagi mojaro

Rossiya mulozimlari, xususan, Zaxarovaning “O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish”da ayblanishi yangilik emas. 2020-yilda uning O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan bergan bayonoti ham keskin e’tiroz uyg‘otgandi.

O‘tgan yil sentyabrida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlaridan norozilik izhor qilgan edi.

Moskva Sherzod Qudratxo‘janing o‘zbek tilini bilmaydiganlar «bosqinchi» yoki «ahmoq» ekanini o‘zlari hal qilishlari kerakligi haqida aytgan so‘zlarini «o‘ta haqoratli va mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» deb hisoblaydi.

Rossiya TIV ga ko‘ra, bu kabi mulohazalarning mazmuni va ohangi ikki davlat o‘rtasidagi "strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo zid".

Rossiya tomoni "do‘st va ittifoqdosh O‘zbekiston aholisining mutlaq ko‘pchiligi Sherzodxon Qudratxo‘janing fikriga qo‘shilmasligiga ishonishi"ni ta’kidlagan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qudratxo‘janing so‘zlari yuzasidan hech qanday izoh bermagan.

Buning ortidan Rossiyaning MDH, xorijda yashayotgan vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik ishlari bo‘yicha federal agentligi (Rossotrudnichestvo) O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi jamoatchilik kengashi bilan har qanday aloqalarni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qilgan.

Rossiya bilan diplomatik mojaro fonida o‘zbekistonlik qator jamoat faollari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga o‘zining "istalmagan shaxslar" ro‘yxatini shakllantirish taklifi bilan chiqishgandi.

Xususan, rossiyalik propagandachi va yozuvchi Zaxar Prilepinning 2023-yil dekabr oyida O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi bayonoti ortidan Toshkentdagi rus elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga "taklif etilgan". “O‘zbekiston suverenitetiga tahdid” deb baholangan ushbu mojaro bosilmasdan rossiyalik yana bir propagandachi bahsli bayonot bilan chiqishi mahalliy faollarni darg‘azab qilgan edi.

O‘tgan hafta Oliy Majlis Senati 20-sentyabr kungi yalpi majlisida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekistonda nomaqbul deb topishga doir qonunni ma’qulladi.

Mazkur qonunga muvofiq, “O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati” yuritiladi.

Qonun xususan rossiyalik ayrim siyosatchi va tarixchilarining O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligi savol ostiga olingan bayonotlariga javob sifatida talqin qilinmoqda. Ayni paytda uning boshqa talqinlarga ochiqligi, xususan, muxolif va tanqidiy qarashdagi shaxslarga nisbatan ham qo‘llanishi ehtimolidan xavotirlar bildirilgan.

Bolalarga qarshi zo‘ravonlik

O‘zbekistonda maktab va kollej talabalari hamda bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarining o‘qituvchi-muallimlar tomonidan jazolanishi noodatiy hodisa emas.

Maktablarda jismoniy zo‘ravonlik, bolalarni urish, tepish, chimchilash yoki boshqa yo‘llar bilan ularni jazolash tizimli muammolardan ekani aytiladi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida maktablardagi zo‘ravonlik holatlari haqida statistik ma’lumotlar bor-yo‘qligi ma’lum emas. Bu borada biron jiddiy tadqiqot o‘tkazilgani ma’lum emas.

Ta’lim sohasi mutaxassislariga ko‘ra, zo‘ravonlik yoki bolaga jismoniy kuch ishlatish ularning ruhiy salomatligi va bilimlarni o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Калтак еган келин, муштумзўр она ва "самосуд"лар – ЮНИСЕФ Ўзбекистондаги вазиятдан ташвишда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:37 0:00

YUNISEF tadqiqotiga ko‘ra, mamlakatda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning uchdan ikki qismi (62%) zo‘ravonlik bilan tarbiyalash usullariga (jismoniy jazo, psixologik tajovuz) uchragan, 15−19 yoshdagi qizlarning 33 foizi erning xotinini urishga haqli degan fikrda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2021-yilda bolalarga nisbatan 1831 ta jinoyat sodir etilgan, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 20 foizga oshib, 2194 taga yetgan. O‘tgan yilning to‘qqiz oyida 1240 nafar bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan bo‘lsa, shundan 417 tasi jinsiy zo‘ravonlikdir. Ulardan 166 tasi qarindoshlar tomonidan sodir etilgan.

YUNISЕF dunyo davlatlarini maktablarda zo‘ravonlik va qo‘rquv muhitini bartaraf etishga chaqirib keladi.

XS
SM
MD
LG