Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:15

Bolgariyaliklar elektrsiz qolgan ukrainlarga generatorlar yetkazib bermoqda


Bolgariyalik ko‘ngillilar.
Bolgariyalik ko‘ngillilar.

Yaqin kunlarda Bolgariyadan Ukrainaga 100 dan ortiq elektr generatorlari yuboriladi. Rossiya armiyasi Ukraina energiya infratuzilmasini nishonga olayotgani uchun millionlab ukrainalik elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi yoki uzilishlardan aziyat chekmoqda.

Generatorlarni sotib olish uchun mablag‘ Manol Peykov tomonidan tashkil etilgan aksiya doirasida to‘plangan. Peykov noshir, tarjimon va markaz-o‘ng qanot partiyalar birlashmasi hisoblanuvchi «Demokratik Bolgariya» alyansining sobiq deputatidir.

Sakkiz kun ichida 2 mingdan ortiq odam 500 mingan ortiq lev ($268 680) xayriya qilgan. Yevropa Ittifoqining eng qashshoq mamlakati bo‘lmish Bolgariya uchun bu katta summadir: mamlakatda o‘rtacha oylik daromad taqriban 900 dollarni tashkil qiladi.

«Men uchun bu aql bovar qilmaydigan narsa», - dedi Peykov mamnuniyat bilan Ozodlik radiosining bulg‘or xizmatiga.

Peykovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rsatilgan xayrixohlik Bolgariyada sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan hamda Bolqon mamlakatida nihoyat faol fuqarolik jamiyati shakllanayotganidan dalolat beradi.

Manol Peykov.
Manol Peykov.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina infratuzilmasiga zarba berayotgani xalqaro va insonparvarlik qonunlarga ziddir. Hujumlar tufayli bugunga qadar Ukraina elektr tarmog‘ining yarmidan ko‘pi zarar ko‘rdi yoki butunlay vayron qilindi.

7-dekabr kuni BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari Martin Griffits BMT Xavfsizlik kengashi yig‘inida so‘zlar ekan, millionlab ukrainalik sovuqda isitish xizmati hamda elektr va suv ta’minotidan muntazam foydalana olmayotganini, ayrimlar esa butunlay bu xizmatlardan mahrum bo‘lganini aytdi.

Shu bois mamlakatda dizel generatorlarga ehtiyoj kattadir. Generatorlar uyali telefon minoralari, restoranlar va, ayniqsa, shifoxonalar ishlashi uchun qo‘llanilmoqda. Peykov boshlagan kampaniyaga o‘xshash mablag‘ to‘plash aksiyalari Gruziya kabi mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘yilgan.

Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirganidan beri Peykov Ukrainadagi voqealarni diqqat bilan kuzatib keladi. To‘plagan ma’lumotlarini esa o‘z Facebook sahifasida ulashmoqda.

Bolgariyada Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqida obyektiv ma’lumot tarqatayotganlar «rusparast qarashlarning doimiy oqimi» bilan kurashishga majbur bo‘lmoqdalar.

Peykov xabar to‘plashdan tashqari Ukrainadagi askarlar uchun dori-darmon, kiyim-kechak va poyabzal, shuningdek, tibbiy bandajlar yig‘ib, Ukrainaga yuborish uchun xayriya aksiyalarini tashkil qilib keladi.

Peykov qaysi buyumlarga ehtiyoj kattaligini aniqlash uchun Bolgariya va Ukrainadagi ko‘ngillilar bilan muntazam muloqot qiladi hamda Internetda ma’lumot izlaydi.

Faolga generator xarid qilish uchun mablag‘ to‘plash g‘oyasini do‘sti bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, do‘sti Ukraina g‘arbidagi Rovno shahri generatorlarga muhtoj ekanligini aytgan.

«Hozir Ukrainada generator yo‘q, shunchaki qolmagan», - dedi Peykov.

«Borlarining barchasi allaqachon biron joyga yuborilgan».

Украинага босқин: 292-кун | АҚШ Украина энергетикасига 53 миллион доллар беради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:56 0:00

Bir necha hafta oldin Yevropa Ittifoqi Kiyevga insonparvarlik yordami o‘laroq 550 ta generator berishga qaror qilgan edi. Joriy oy boshida esa ittifoq qo‘shimcha 40 ta generator yuborilishini ma’lum qildi.

O‘sha paytda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel:

«Rossiya Ukraina energiya infratuzilmasiga hujum qilish va qishdan tinch aholiga qarshi qurol sifatida foydalanish orqali ukrainaliklarni ruhiy tushkunlikka tushirishga urinmoqda», -degan edi.

Gruziyada ham xuddi shunday aksiya uyushtirildi. «Yorug‘likni ulash» kampaniyasi hamon davom etmoqda. Ozodlik gruzin xizmating xabar berishicha, aksiya tashkilotchilari dekabr oyi o‘rtalariga qadar Ukrainaga bir necha yuz generator yuborishga umid qilishmoqda.

Peykovning so‘zlariga ko‘ra, boshida u aksiya davomida qancha pul to‘planishini bilmagan, ammo natijalar uni hayratda qoldirgan.

«Yetti uxlab tushimga kirmagan natija bo‘ldi», - dedi u.

Dastlab mablag‘ to‘plash kampaniyasini yetti kunda tugatishni rejalashtirgan. Ammo xayriya oqimi to‘xtamagani sababli Peykov aksiyani yana bir kunga, 5-dekabr kuni tushlikka qadar uzaytirgan.

O‘sha paytgacha 534 710 bolgar levi to‘plangan. Peykovning aytishicha, 2 mingdan ortiq odam xayriya qilgan.

«Bu juda ajoyib», - dedi u hayajonini yashirmay.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eng katta xayriya taxminan 30 ming lev, eng ozi esa 1 yevroni tashkil qilgan.

«Ammo qalbimda ularning barchasi bir xil qiymatga ega», deb yozdi Peykov o‘z Facebook sahifasida.

Kampaniya tugagandan so‘ng, Peykov batafsil hisobot e’lon qildi. Unda e’tirof etilishicha, 5-dekabrga qadar jamlangan pulga 118 ta generator xarid qilingan. Ularni Ukrainaga jo‘natish kelgusi haftadan boshlanadi.

Bitta generator allaqachon Ukrainaga yetib borgan. Birinchi generator Ukraina janubidagi Bolgrad shahriga yuborilgan. Shaharda ko‘p sonli etnik bolgarlar yashaydi. Generator mahalliy kinoteatr uchun energiya ishlab chiqarmoqda. Peykovning so‘zlariga ko‘ra, bundan maqsad energiya taqchilligidan aziyat chekayotgan odamlarga biroz normal hayot bag‘ishlashdir.

Generatorni bolgradlik etnik bolgar Tatyana Staniyeva olib ketgan. Staniyeva Sofiyaga vatanida har yili uyushtiradigan kinofestivalda namoyish qilingan filmlarni ko‘rsatish uchun borgan bo‘lgan.

Staniyeva Bolgradda g‘olib filmlarni namoyish qilishga umid qilgan, lekin teatr sovuq bo‘lsa, hech kim kelmasligini yaxshi bilgan.

Uyga otlangan Staniyeva Peykovning kampaniyasi haqida xabar topgan va Bolgraddagi teatr uchun generator bera olishi yoki yo‘qligini so‘rash uchun u bilan bog‘langan.

Peykov Staniyevaning qaytish yo‘lida joylashgan Ruse shahrida generator borligini aytgan.

Film namoyishlari tugagach, Staniyeva generatorni shahridagi muhtoj muassasalardan biriga sovg‘a qilishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, u Peykovni Odessa viloyatidagi boshqa etnik bolgarlar bilan tanishtirgan.

Ushbu aloqalar yordamida Peykov Bolgradga, jumladan, 1858-yilda tashkil etilgan o‘rta maktabga generator yuborishni rejalashtirmoqda.

Peykov Xersondagi shifoxonalarga ham generator yuborilishini aytdi.

Peykovning ta’kidlashicha, demokratik davlatlarda asosan prezidentlar yoki bosh vazirlar emas, balki fuqarolik jamiyati yetakchilik qiladi. Uning fikricha, Bolgariya kuchli fuqarolik jamiyati bo‘lmagani uchun qiyinchiliklarga duchor bo‘lib keladi.

XS
SM
MD
LG