O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 22-fevral kuni Toshkent shahrida Tolibon shakllantirgan afg‘on hukumati rahbarining o‘rinbosari v.b. Mullo Abdul G‘ani Barodar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Xabarnomada so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgani, 2024-yilda “Termiz xalqaro savdo markazi” ochilgani ikki tomonlama savdoni rivojlantirishga xizmat qilayotgani urg‘ulangan.
“Uchrashuvda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi”, deyilgan xabarnomada.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston bosh vazirining o‘rinbosari v.b. Mullo Abdul G‘ani Barodar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lgan 22-23-fevral kunlari vazirlar darajasida qator mulozimlar bilan uchrashgan, shuningdek, Toshkentdagi qator ishlab chiqarish obyektlarida bo‘lishgan.
O‘zbek rasmiylari “Tolibon” harakati vakillari 2021-yil 15-avgustida Kobulni egallab olganidan buyon ular bilan orani buzmaslikka urinib kelishadi. Rasmiy Toshkent toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan bir oy o‘tar-o‘tmas Afg‘onistonga ilk insonparvarlik yordamini yo‘llagan.
O‘shandan buyon o‘tgan uch yarim yil mobaynida Toshkent toliblarga bir necha bor gumanitar yuk jo‘natgani ma’lum. Ana shunday insonparvarlik yordamlarining oxirgisi Afg‘onistonga o‘tgan yil dekabr oyi oxirida yuborilgan edi.