Surxondaryo viloyatining Boysun tumani “Ko‘lqamish” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-quduqda 1-sentyabr kuni oltingugurt gazi chiqishi kuzatilgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik qaydicha, avariyaga quduqda "burg‘ulash ishlari olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi” sabab bo‘lgan.
“Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan”, deyilgan FVV xabarnomasida.
Ayni paytda vazirlik hodisa chog‘ida fuqarolardan hech kim tan jarohati olmagani va halok bo‘lmaganini, “vaziyat to‘liq nazorat ostida” ekanini urg‘ulagan.
Bu orada Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati avariya sodir bo‘lgan hududga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, aloqador mutasaddi tashkilot va idoralar hamda boshqarmalar mas’ullari yetib borishganini ma’lum qilgan.
“Ayni vaqtda favqulodda holat sodir bo‘lgan hududda havoning ifloslanish darajasini o‘rganish, kelib chiqqan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deyilgan hokimlik xabarnomasida fuqarolardan ortiqcha sarosimaga berilmaslik, ijtimoiy tarmoq faollaridan esa aholi o‘rtasida vahima uyg‘otuvchi materiallarni tarqatmaslik so‘ralgan.