Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

BP: Namanganda mahkum vafoti bilan bog‘liq holat tekshirilmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Namangan viloyatidagi qamoqxonada mahkum vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshirish harakatlarini o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

BP xabarnomasida narkotik savdosi uchun sudlanib, Popdagi qamoqxonada jazo o‘tayotgan mahkum 23-may kuni ishlab chiqarish sexi xududida o‘zini osishi natijasida vafot etgani aytilgan. Shamsutdinovga ko‘ra, “murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan”. Ayni paytda BP vakili holat yuzasidan tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishini urg‘ulagan.

Popda 24 yoshli mahkum Shahzod Subhanov o‘z joniga qasd qilgani haqida avvalroq O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Feysbuk tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qilgan edi.

Huquq faoliga ko‘ra, Shahzodning onasi Yulduz Boltayeva o‘g‘lining tanasida qiynoq izlari borligi, u 11-may kuni uyiga qo‘ng‘iroq qilib, qamoqxonada o‘ziga azob berishayotgani haqida aytganini ta’kidlagan.

Shahzodning yaqinlari mahkumning o‘z joniga qasd qilganiga ishonmayotganini qayd etgan Tashanov Bosh prokuratura, IIV va ombudsmandan “jamoatchilik ishtirokida tezkor tekshiruv o‘tkazib, holatga qonuniy baho berish”ni so‘ragan.

“Ezgulik” raisining chaqirig‘iga javoban Bosh prokuraturadan tashqari Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ham Pop qamoqxonasida sodir bo‘lgan o‘lim hodisasi o‘z nazoratiga olinganini ma’lum qilgan. Bunga oid xabarnomada holat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib o‘rganilayotgani, o‘rganish yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishi qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG