O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejasining ijrosini ta’minlash, shuningdek, quyosh panellari o‘rnatilishida qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshiradi.
Bu haqda Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yiliga oid davlat dasturida qayd etilgan.
Hujjatda respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya” stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish belgilangan.
2025-yilda umumiy quvvati 785 megavatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Energetika vazirligi ikki yil ichida aholi va xo‘jalik subyektlarining kamida 50 foiz tomlarini quyosh paneli bilan qoplash rejasini ochiqlagan edi.
Ushbu xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda aholi va tadbirkorlarni yana quyosh paneli o‘rnatishga majburlash kampaniyasi boshlanishi haqida xavotirli fikrlar tarqaldi.
O‘zbekistonliklar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani mavzusi avvalroq Ozodlikda bir necha bor yoritilgan.