Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:38

BRICS: Xitoy va Rossiya nimalarni garovga tikmoqda?


BRICSga a’zo davlatlar rahbar va vakillari Janubiy Afrikadagi sammitda. 23-avgust, 2023
BRICSga a’zo davlatlar rahbar va vakillari Janubiy Afrikadagi sammitda. 23-avgust, 2023

BRICSga qo‘shilish istagini bildirayotgan mamlakatlar soni ortar ekan, Xitoy yetakchisi Si Szinpin navbatdagi sammitdan o‘zi ilgari surayotgan muqobil dunyo tartibini namoyish qilish uchun foydalanmoqchi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa siyosiy maydonda yakkalanib qolmaganligini ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Qozon shahrida BRICSning 16-sammiti boshlanmoqda. Moskva bu sammitdan G‘arbga jahon sahnasida yolg‘iz qolmaganini ko‘rsatib qo‘yish uchun ham foydalanadi.

Misr, Efiopiya, Eron va BAA bilan kengayib BRICS+ formatiga o‘zgarayotgan tashkilotni Putin global siyosat va savdoda G‘arbga qarama-qarshi kuchga ega bo‘lgan blok sifatida taklif qilmoqda.

«G‘arb boshchiligidagi dunyo tartibining izdan chiqishi ortidan BRICSning yelkasiga shamol tegmoqda. Dunyo o‘zgarib bormoqda. Xalqaro bank, moliya va qonunchilikdagi o‘zgarishlar kelgusi o‘n yilliklarda dunyoning qaysi mintaqalari muhim ahamiyatga ega bo‘lishini belgilashi mumkin.», deydi Londonda joylashgan Birlashgan Qirollik Mudofaa tadqiqotlari nstitutining katta ilmiy xodimi Karlos Solar.

Bu yilgi sammit yanada kengaytirilgan formatda o‘tishi mumkin. Chunki tashkilotga a’zolikni ko‘rib chiqayotgan Ozarbayjon, Belarus, Turkiya va Mo‘g‘uliston singari yigirmadan ortiq mamlakatlar ham sammitga taklif qilingan.

Putin Qozonga tashrif buyurgan davlat rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar ham o‘tkazmoqda.

«Putin BRICS Global Janub uchun gapiradi, deb ochiq aytdi. Xitoy tomonidan ham shunday ishora bo‘ldi. Xitoy va Rossiya BRICS+ G‘arb hukmronlik qiladigan xalqaro tartibga, xususan, Qo‘shma Shtatlar gegemonligiga qarshi vosita bo‘lishiga umid qilmoqda», deya izohladi Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi katta ilmiy xodimi Styuart Patrik.

Xitoy va Rossiya rahbarlari Si Szinpin va Vladimir Putin.
Xitoy va Rossiya rahbarlari Si Szinpin va Vladimir Putin.

BRICS qanday tashkilot va nima uchun ahamiyatli?

2006-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy BRIC nomli tashkilotga birlashdi. 2010-yilda Janubiy Afrika qo‘shilishi bilan tashkilot BRICSga aylandi.

BRICS dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarini birlashtirish orqali Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropaning siyosiy va iqtisodiy qudratiga qarshi muqobil kuch yaratishni maqsad qilgan.

BRICS a’zolari Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki kabi moliyaviy institutlar boshqaruvi G‘arb izmida ekani, bunga qarshi turish uchun rivojlanayotgan iqtisodlarni birlashtiradigan ittifoq zarurligini ta’kidlab keladi.

2014-yilda BRICS Yangi Taraqqiyot bankini tuzdi va Misr, Efiopiya, Eron, Saudiya Arabistoni va BAA a’zolikka taklif qilindi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay Ar-Riyod rasman guruhga qo‘shilmasligini bildirdi.

Argentina ham a’zolikka taklif qilingan, ammo hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar sababli bu amalga oshgani yo‘q.

Kengaygan BRICS 3,5 milliardga yaqin aholiga ega va dunyo aholisining 45 foizini tashkil qiladi. Bu davlatlarning umumiy iqtisodiyoti 28,5 trillion dollardan ortiq bo‘lib, jahon iqtisodiyotining qariyb 28 foiziga teng.

Agar Saudiya Arabistoni guruhga a’zo bo‘lsa, BRICSning yer yuzidagi neft xomashyosi ishlab chiqarishdagi ulushi qariyb 44 foizga yetadi.

Boshqa davlatlar nima uchun BRICSga qo‘shilmoqchi?

BRICS dunyoning turli burchaklaridagi davlatlarni birlashtirgani uni ba’zan samarasiz tashkilotga aylantirgan bo‘lishi mumkin, ammo Rossiyaning Ukrainadagi urushi, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi kuchayib borayotgan raqobatga qaramay tashkilot o‘sib bormoqda.

BRICSga qiziqish tobora ortib bormoqda, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar tashkilotni kelgusi yillarda geosiyosiy muvozanatni saqlash uchun foydali vosita sifatida ko‘rishmoqda.

«BRICSda Xitoy, Rossiya, Hindiston va Braziliya kabi global ambitsiyalarga ega bo‘lgan ko‘plab davlatlar bor. Tashkilotga qo‘shilish uchun ariza topshirayotgan mamlakatlar uchun bu turli xil variantlarga ega bo‘lish imkonini beradi»

Ayni fikrni G‘arb bilan aloqalarini saqlab kelayotgan BRICSning doimiy a’zolari Braziliya va Hindiston kabi davlatlar uchun ham o‘rinli deyish mumkin.

Tashkilot yetakchilari AQSH dollarining global savdodagi hukmronligini kamaytirishga intilar ekan, moliyaviy muvofiqlashtirish guruh oldidagi eng muhim masala bo‘lib qolmoqda.

Bu borada Braziliya va Rossiya BRICS valyutasini yaratish g‘oyasini allaqachon o‘rtaga tashlagan.

BRICSga a’zo davlatlar blok doirasida ko‘proq savdo aloqalarini rivojlantirishga, mahalliy banklar o‘rtasida operatsiyalarni, soliq va bojxona tartib-qoidalarini muvofiqlashtirishni maqsad qilgan.

Global zaxira valyutasini yaratish bo‘yicha muzokaralar hozircha to‘xtab qolgan. Ayni damda BRICS a’zolari o‘z milliy valyutalaridagi savdoni osonlashtirishga e’tibor qaratmoqda. Bu G‘arb sanksiyalarini yengishga urinayotgan Rossiya uchun foydali bo‘lishi turgan gap.

“Ҳақиқий ўзаро дўстлик”. Путин Ўзбекистонда қолиб кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:17 0:00


«BRICS yangi bozorlarni qidirayotgan Rossiya iqtisodiyoti uchun haloskor bo‘lishi mumkin», deydi tahlilchi.

Rossiya uchun bu sammit diplomatik jihatdan izolyatsiyada emasligi qolaversa, G‘arbning hukmronligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan keyingi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

«Putin uchun bu sammit mohiyatan ramziy ma’noga ega. U Ukrainaga asossiz bosqinidan so‘ng, G‘arbning Moskvani yakkalab qo‘yishga urinishlariga qaramay, Rossiyaning hali ham do‘stlari ko‘p ekanini ko‘rsatishni xohlaydi».

Shuningdek, Putin sammitda G‘arb sanksiyalaridan himoyalangan xalqaro to‘lov tizimini yaratish, BRICS don savdo birjasini tuzish kabi bir qator tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Bu takliflar amalga oshadimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum. Tashkilotga yangi a’zolar qo‘shilgani hisobga olinsa, Rossiya guruh ichida konsensusga erishishni ham uddalashi kerak. Ammo Kremlning G‘arbga qarshi ambitsiyalariga hamma ham qo‘shilmasligi mumkin.

“BRICSning barcha a’zolari «xalqaro tartib va global iqtisodiyotni boshqarayotgan tuzilmalar adolatsiz ravishda faqat G‘arb tomon qutblashgan» degan yakdil g‘oya atrofida birlashgan bo‘lsada, Xitoy, Eron va Rossiya kabi davlatlar o‘rtasida hali ham bo‘linishlar yo‘q emas. Ba’zilar joriy tartibni butunlay bekor qilishni istasa, boshqa tomon guruhlashtirishni islohot usuli sifatida afzal ko‘radi.

«BRICS G‘arb hukmron bo‘lgan xalqaro tartibga real chaqiriq. Ammo hozirgi bosqichda geosiyosiy kuchdan ko‘ra, ko‘proq ramziy ahamiyatga ega.»

XS
SM
MD
LG