Линклар

Шошилинч хабар
30 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:01

"Britancha" shtamm: O‘zbekistonda mutatsiyaga uchragan koronavirusni aniqlovchi test tizimi bormi?


Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari 30 - yanvar kuni O‘zbekistonda ilk bor koronavirusning "britancha" shtammini aniqlashgan
Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari 30 - yanvar kuni O‘zbekistonda ilk bor koronavirusning "britancha" shtammini aniqlashgan

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, O‘zbekistonda koronavirusning yangi, "britancha" shtammiga chalinganlikda gumonlangan o‘ttizdan ortiq bemordan olingan tahlil namunalari o‘rganilmoqda.

Vazirlik virusning yangi ko‘rinishi O‘zbekistonda 30 - yanvar kuni aniqlanganini bildirgandi.

Yangi shtamm Dubaydan oilasi bilan 23 - yanvar kuni qaytgan toshkentlik 10 yashar qizaloqda topilgan.

O‘zbekistonda yangi shtammni aniqlash bo‘yicha ilk sinovlarni o‘tkazgan Innovatsiya vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi rahbari muovini Alisher Abdullayev 4 - fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda "britancha" shtammni o‘zlari ishlab chiqqan genetik usulda aniqlaganliklarini aytdi.

"Respublika SEN markazi bizga chet davlatlardan kelganlar yoki Zangiota kovid markazidagi "britancha" shtamm mavjudligi ehtimoli bo‘lgan bemorlardan namunalarini berib boradi. PSR-skrining yo‘li bilan, har bir mutatsiya uchun alohida tahlillar o‘tkazib, shu 33ta namunadan bittasida "britancha" shtammga xos mutatsiyalarni aniqladik", - deydi Abdullayev.

Olimga ko‘ra, bu besh-olti kunni o‘z ichiga oladigan jarayon. Lekin, - deydi u, mutatsiyaga uchragan koronavirusni tez farqlovchi test tizimi hozircha O‘zbekistonda yo‘q.

"Bizning sinov tizimlarimiz koronavirusning har qanday turi, shu jumladan, "britancha" shtammni ham taniy oladi. Lekin mutatsiyaga uchragan koronavirus turlarini farqlovchi, differensiatsiyalovchi test tizimi bizda yo‘q. Bu uchun katta laboratoriya kerak. Bunga talab ham yo‘q, aftidan. Agar shunga talab bo‘lsa, buyurtma bo‘lsa, biz buni qila olamiz, bizda imkoniyat bor", - deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi rahbari muovini Alisher Abdullayev.

"Britancha" shtamm Toshkentdagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan aniqlangan
"Britancha" shtamm Toshkentdagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan aniqlangan

SSV: Hozircha bitta holat

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari 2 - fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda "britancha" shtamm bilan bog‘liq bitta holat aniqlanganini aytmoqda.

Vazirlik matbuot kotibi Furqat Sanayevning ma’lum qilishicha, Dubaydan 23 - yanvarda oilasi bilan qaytgan 10 yoshli qizda shtamm aniqlangan, xolos.

Bemorning ahvoli yaxshi. Uning oila-a’zolarida esa virus aniqlanmagan. Ularga uy sharoitida izolyatsiyaga ruxsat berilgan, deya bildirdi Sanayev.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi kovid bemorlariga ixtisoslashgan maxsus shifoxonada britancha shtamm bilan bog‘liq favqulodda hozirlikka doir xabarlar tarqaldi.

Kasalxona shifokorlari va hamshiralariga 2 - fevral kuni Telegram orqali yo‘llangan xatda "ertaga hamma joyida bo‘lsin, yangi kovid chiqibdi, SESdan kelishadi", deb yozilgan.

Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi shifoxona shifokorlariga yozilgan xatda tumanda bir odamda koronavirusning yangi turi aniqlangani aytiladi.
Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi shifoxona shifokorlariga yozilgan xatda tumanda bir odamda koronavirusning yangi turi aniqlangani aytiladi.

Xatda yangi kasallik aniqlangan xonadonning manzili ham ko‘rsatilgan.

Zangiota tumani sanitar-epidemiologik nazorat markazi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda bu holatga aniqlik kiritdi.

Mulozim bemor yangi shtammga chalingan, deb gumon qilinayotganini aytdi.

"Yangi shtamm aniqlandi, deyilmayapti bu yerda, chunki shtamm darrov aniqlanmaydi. Gumon qilinyapti. Balki shtamm bo‘lmasligi ham mumkin. Undan test olinib, Toshkentga jo‘natilgan. Hozircha men sizga bu haqda hech narsa aytolmayman, hali test natijasi yo‘q", - dedi ismi ochiqlanishini istamagan SES mulozimi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi koronavirus bemorlarga mo‘ljallangan maxsus kasalxona.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi koronavirus bemorlarga mo‘ljallangan maxsus kasalxona.

Bundan oldin O‘zbekiston SSV koronavirusning o‘ta yuqumli bo‘lgan yangi shtammi Toshkent davlat pedagogika universitetida qayd etilgani, universitet talabalariga ma’lum muddat javob berilgani haqidagi xabarni rad etib chiqqandi.

Xivada bir maktab yopildi

Ayni paytda Xorazmning Xiva tumanida o‘quvchilari koronavirus yuqtirib olgan 38-son maktab yopilib, vaqtincha onlayn ta’limga o‘tkazildi.

Bu haqda shu maktabda o‘qiydigan o‘quvchilardan birining otasi Ozodlikka ma’lum qildi:

"Yangi shtammi yoki oddiy koronavirusmi, bilmaymiz. Ikki bolada chiqqan. Yangi virus bolalarga yuquvchan deb aytilayotganiga hamma havotirga tushgan", - deydi ismi aytilishini istamagan xivalik.

Tuman sanitariya-epidemiologik nazorat markazining Xurshida ismli xodimasi ikki o‘quvchida koronavirus aniqlanishi ortidan maktabning hamma o‘quvchi va o‘qituvchilaridan test namunalari olinganini aytdi.

- Ikki bolada kovid chiqdi. Viloyat SESidan kelib, shu maktabning hamma o‘quvchisi, o‘qituvchisi, ota-onalari va qarindoshlarini hammasidan test olindi. Lekin, bizda ularni "britancha" shtammga test qilish imkonimiz yo‘q. Shunday bo‘lsa-da shu ikki bola doimiy kuzatuvimizda, - dedi Xiva tumani SES xodimi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan mahalliy shifokorlar va SES xodimlari ham joylarda yangi shtammni aniqlovchi test tizimlari yo‘qligini aytishdi.

"Bizning o‘zimizda koronavirusning yangi shtammini aniqlovchi test tizimi hali yo‘q. PZR-test olamiz. Agar koronavirusning yangi turiga shubha bo‘lsa, analizlarni Toshkentdagi Innovatsiya vazirligiga jo‘natamiz", - deydi ismi ochiqlanishini istamagan Zangiota tumani SES mulozimi.

"Britancha" shtamm haqida nimalar ma’lum?

O‘tgan yil sentabrida Britaniya janubi-sharqida topilgan yangi shtamm koronavirusning boshqa turlariga qaraganda 70 foizga yuqumliroq ekani aytiladi.

Noyabr oyiga kelib, Britaniyadagi barcha kasallanish holatlarining 25 foizi koronavirusning aynan shu variantiga to‘g‘ri kelgan. Dekabr oyi o‘rtalarida bu ko‘rsatkich 65 foizdan oshgan.

Hozirda koronavirusning ushbu yangi turi dunyoning 60 ga yaqin davlati, jumladan, o‘zbek muhojirlari ko‘pchilikni tashkil etadigan Rossiyada ham qayd etilgan.

O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika bilan parvozlarga 1 - fevralgacha amal qilgan taqiqni 1 - martga qadar uzaytirdi.

So‘nggi 14 kun davomida bu davlatlarda bo‘lgan holda uchinchi mamlakat orqali O‘zbekistonga kirib kelgan shaxslar karantinga olinadi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 3 - fevral holatiga O‘zbekistonda jami 78 916 kishi koronavirus infeksiyasiga chalingan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, oxirgi bir sutkada dunyoda 12 mingdan ortiq odam COVID-19dan vafot etgan. AQShdagi Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 4 - fevral holatiga dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 104 million 389 kishini tashkil etmoqda, ulardan 2 million 268 mingi vafot etoan.

XS
SM
MD
LG