4-aprel kuni Samarqandda o‘tgan birinchi Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi sammiti doirasida imzolangan Qo‘shma deklaratsiya da tomonlarning inson huquqlari va fundamental erkinliklarga sodiqligi ta’kidlandi. Deklaratsiyaning 16-bandida mintaqa rahbarlari va Yevroittifoq qonun ustuvorligi, mustaqil matbuot va fuqarolik jamiyatini dastaklash hamda himoyalashning muhimligi borasida yakdil ekanliklari aytiladi.
Samarqanddagi sammit arafasida Yevropa Ittifoqi rahbarlariga murojaat bilan chiqqan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti inson haqlari Markaziy Osiyoning avtoritar prezidentlari bilan muloqotlarning markazida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.
O‘zbekistonda bir necha bloger «prezidentni internetda haqorat qilganlik» aybi bilan ta’qibga uchraganini aytgan tashkilot, Mirziyoyev hukumatini mustaqil huquq faollariga qarshi soxta jinoyat ishlarini qo‘zg‘atishda ayblagan.
HRW hukumatga qarshi tanqidiy chiqishlari ortidan ruhiy shifoxonaga tashlangan faol Valijon Kalonov hamda qamoqdagi blogerlar Dildora Hakimova hamda Nargiza Keldiyorova lar taqdiriga e’tibor qaratgan.
Tashkilotga ko‘ra, inson huquqlarining hurmat qilinishi va qonun ustuvorligi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo davlatlari bilan har qanday hamkorlikda o‘z manfaatlarini ilgari sura olishi uchun muhimdir.
Ammo xususan O‘zbekistonda fuqaro jamiyati va mustaqil matbuotga bosimlar Yevroittifoq va mintaqa rahbarlari uchrashayotgan pallalarda ham to‘xtagani yo‘q.
Demokrat.uz o‘zbek huquq-tartibot idoralari bosimiga uchraganini aytayotgan nashrlarning navbatdagisi.
Sammit kunlari Ozodlikka gapirgan nashr bosh muharriri Fazliddin Mehmonov o‘zi va tahririyat jurnalistlari tanqidiy chiqishlar uchun ta’qib qilinayotganini aytdi.
"Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun"da aniq
va tiniq yozib qo‘yilgan: Jurnalist tanqidiy materiali uchun ta’qib qilinmaydi. Jurnalistning faoliyati davlat himoyasidir,
deyilgan. Endi davlat deganda, kimni nazarda tutishimiz kerak? Men buni tushunmay qolyapman. Buni kim xohlayapti? Kimlar turibdi buning tepasida? Kuzatayotgan bo‘lsangiz ijtimoiy tarmoqlarda trollar komandasi ham bor. Agar siz kimgadir tegib qo‘ysangiz, aytaylik, Toshkent viloyati hokimi Zoir Toirovichga o‘xshagan odamlarga tegib qo‘ysangiz, siz Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tanqid va tuhmatlarga qolib ketasiz. Sizni obro‘sizlantirishga qaratilgan juda kuchli komanda harakat qiladi. Bularni kim molyalashtiryapti? Qayerdan pul olyapti? ".
Fazliddin Mehmonov Demokrat.uz nashrini bir yarim yil avval tashkil qilgan.
Nashrning Yutub sahifasida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy mavzularda videolar muntazam e’lon qilib kelinadi.
Demokrat.uz nashri 5-mart kuni “Xitoyliklar O‘zbekistonga kirib kelishmayapti, ular butunlay joylashishyapti” sarlavhasi ostida maxsus dastur tayyorlagan.
Oradan 10 kun o‘tib, tahririyat ushbu mavzuga qaytib, “Xitoyliklar butunlay qolishmoqchimi? Nimalar Yashirilyapti?” sarlavhali videoni e’lon qildi.
Mehmonovga ko‘ra, bosimlar aynan shu ikki video sabab boshlangan:
"Xitoy mavzusidagi videoni olib tashlashimiz kerakligini aytishdi va bu huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan bo‘ldi. Barcha idoralar bu mavzuda gapirmasligimizni ogohlantirishdi. Bular Ichki ishlar, prokuratura, xavfsizlik (DXX nazarda tutilyapti. tahr)"
Demokrat.uz nashrining xitoyliklar mavzusidagi ikki videosi 19-mart kuni Yutub tarmog‘idan o‘chirilgan. Biroq Mehmonov ta’kidicha, bosimlar baribir to‘xtamagan:
"Xitoy mavzusini yozgan jurnalist qizga bosim bo‘lyapti, deb post qo‘ydik. Oradan 2-3 kun o‘tganidan keyin ushbu qizning uyiga ichki ishlar xodimlari borib, onasini chaqirib, "Qizingiz Demokrat.uz dan ishdan bo‘shash kerak. Noto‘g‘ri yo‘lda. Xato-kamchiligi ko‘p. Agar ishdan bo‘shamasa, oqibati yaxshi bo‘lmaydi. To‘g‘ri, uni olib borib, qamab qo‘ya olmasligimiz mumkin. Lekin bilib bo‘ladimi, avtohalokat bo‘lishi mumkin, baxtsiz hodisa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun qizingiz yosh ekan, yaxshisi bu sohadan ketsin ya’ni bu yerda ishlamasin, degan tahdidlar bo‘lgan. Buni Ichki ishlar xodimlari qilishgan. Lekin ularning shaxsi ma’lum emas. Bu Navoiy viloyatidagi ichki ishlar xodimlari ya’ni qizning o‘zi Toshkentda yashagani bilan propiskasi Navoiyda, ular qizning ota-onasi oldiga borib shunday gaplar gapirishgan".
24-mart kuni Demokrat.uz “Vaziyat jiddiy. Demokrat.uz rahbari mashinasida noqonuniy tintuv o‘tkazildi” deya xabar e’lon qildi.
Mehmonov mashinasida o‘tkazilgan tintuv borasida huquq-tartibot idoralariga shikoyat arizasi topshirgan.
O‘zining so‘zlariga ko‘ra, 1-aprel kuni Mehmonov DXX idorasi va Kiberxavfsizlik markaziga chaqirtirilgan. Jurnalistga ko‘ra, bu chaqiruvlar AOKA taqdimnomasiga ko‘ra amalga oshirilgan:
"Har bir narsa davlat rahbarimiz aytib o‘tganidek, ochiq-shaffof bo‘lishini istardik. Lekin aytilgan gaplar shunchaki aytilganicha qolyapti. Amalga oshirishda kattar to‘siqlar bor. Bizga katta narsa kerak emas. Shunchaki, qonuniy faoliyatimizga aralashishmasa bo‘ldi. Qolgan hamma jarayonni o‘zimiz eplaymiz. Agar haqiqatdan ham xato-kamchiliklarimiz bo‘lsa, uni qaysidir shaxslar oldiga chaqirib, qulog‘imizdan tortib emas, balki sudlar orqali hal qilish kerak, deb o‘ylayman".
Ozodlik Demokrat.uz nashri rahbari Fazliddin Mehmonov iddaolari borasida AOKA rasmiylariga murojaat qildi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach o‘zbekistonliklarga ko‘proq so‘z erkinligini va’da qildi. Mahalliy matbuot jonlandi, ijtimoiy muammolar muhokamaga olib chiqildi. O‘zbekiston xalqaro matbuot erkinligi reytingida bir necha pog‘ona yuqoriladi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, bloger, jurnalist va tarmoq faollariga nisbatan bosimlar kuchaydi.
"Oxirgi payt vaziyat juda keskinlashdi. Talablar kuchaydi. Oldinlari uni yoki buni olib tashlaysan, degan gaplar yo‘q edi", deydi Faziliddin Mehmonov.
Fazliddin Mehmonovning hikoyasi Ozodlik oldinroq e’lon qilgan “Sxema”nomli surishtiruvda tilga olingan holatlarni yodga soladi.
Surishtiruvda bloger Abduqodir Mo‘minov qamoqqa olinishi arafasida uni obro‘sizlantirish maqsadida ishlab chiqilgan kampaniya rejasi oshkor bo‘lgan edi.