Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:41

“Bugun Tolmasning og‘zi yopiladi, ertaga O‘lmasning...” – tarmoqlar Azon.uz'ning yopilishi haqida


O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat yuritib kelgan Azon.uz tahririyati barcha loyihalarini to‘xtatdi. 5-avgustdan sayt va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirildi, onlayn tele va radiokanal efirdan olindi.

Azon.uz ta’sischisi Mubashshir Ahmad Feysbuk sahifasida loyihalar to‘xtalishining sabablari “ma’qul topilsa keyinroq ma’lum qilinishi” haqida qisqa post qoldirdi.

2017-yilda faoliyat boshlagan loyihaning qo‘qqis yopilishi, boz ustiga, bu haqda ochiq rasmiy izoh berilmagani xavotirli farazlarni keltirib chiqardi. Bu hol O‘zbekistonda taniqli jurnalist va blogerlarga nisbatan mahkama jarayonlari ketayotgan paytda yuz bergani so‘z erkinligiga qarshi tendensiyaning davomi o‘laroq qabul qilindi.

“Ayrim baqiroq bloger-jurnalistlar qamaldi, minglab dindorlar jarimaga tortildi yoki qamaldi, Azon yopildi. Endi O‘zbekiston rivojlanib ketadi! Ura!” deya holatga kinoya bilan munosabat bildirdi jurnalist Sanjar Said.
“Azon.uz davlat talablari bo‘yicha yopildimi? Talablari qonuniymi? Yoki talablarni bajargandan ko‘ra faoliyatini to‘xtatib qo‘yaqolishni ma’qul ko‘rishdimi? Yoki bo‘lmasa faoliyati iqtisodiy sabab bilan to‘xtadimi? Yoki yopilishiga umuman boshqa sabab bormi?” deya savollar qo‘ydi bloger Zafarbek Solijonov.

“Ma’lumot berilmasligining o‘zi bir ma’lumot”, deya vaziyatni izohladi tahlilchi Jamshid Muslimov.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Azon.uz “diniy fon oshib ketyapti” degan siyosiy pozitsiya sabab yopildi.

“E’tibor bersangiz, keyingi yillarda deyarli barcha diniy saytlar-platformalar yopildi. Vijdon va din erkinligi to‘g‘ri tushunilmadi, to‘g‘ri talqin qilinmadi. Jamiyatning diniy ehtiyojlari O‘zbekistonni ichida, o‘zida qondirilmas ekan, bu chanqoqlik ham chetga chiqa boshlagan”, deb yozdi u.
Siyosiy ekspert bu ketishda davlat va jamiyat o‘rtasida diniy erkinliklar, qadriyatlar, ehtiyojlar borasidagi ziddiyat kuchayadi degan fikrda.

“O‘zbekistonda diniy erkinliksiz, erkin, huquqiy va demokratik davlat qurib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda siyosiy qattiqqo‘llik, sovet davrida ham, birinchi ma’muriyat davrida ham aynan dinga qarshi kampaniyadan boshlangan va hokimiyat inqirozi bilan tugagan”, deb xulosa qildi Rabbimov.

“Kun.uz” nashri jurnalisti Ilyos Safarov so‘nggi vaqtlarda Rossiya O‘zbekiston axborot siyosatiga faol ta’sir ko‘rsata boshlaganiga e’tibor qaratdi.
“O‘rmon qoidalari bo‘yicha yashayotgandekmiz, hamma o‘zi ushlagan, kuchi yetganni tishlab olib ketyapti”, deya mahalliy mediadagi asabiy vaziyatga chizgi berdi jurnalist.

Bloger Asliddin Kamol taxminicha, Azon.uz'ning “ayb”i – O‘zbekistondagi Kremlga sotilgan beshinchi kolonnani fosh qilgani.
“Azon.uz men yaxshi ko‘radigan va doimiy kuzatib boradigan loyihalardan biri edi. Unda bu millatning tarixi, o‘zligini uyg‘otish uchun kuchli olimlar, ziyolilarimiz mehnat qilishayotgan edi. Afsuski, bu millatga o‘zligini anglatish davlatning tepasiga chiqib olgan kalamushlar uchun xavfli tuyulgan ko‘rinadi. Qolaversa, ko‘plab saroy mullalarning bozori ham o‘lib borayotgan edi”, deb yozdi bloger.

Ijtimoiy tarmoqdagi bir guruh foydalanuvchilar “Azon.uz loyihasi doirasida e’lon qilingan materiallar O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan dunyoviy davlatchilik prinsipiga zid edi” degan fikrni ham bildirdi.

Bir muddat ushbu sayt bosh muharriri bo‘lib ishlagan Muhammad Temur A’zam esa loyiha to‘xtatilganidan xursand bo‘lmaslikni tavsiya qildi.

“Bugun Tolmasning og‘zini yopganlar ertaga O‘lmasning ham og‘zini yopa oladi. Siz o‘zingizga muxolif bo‘lganlarning ovozi yopilib, o‘zingiz baland ovozda hayqirishni istaysiz. Ammo unutmang, o‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu quruq barobar yonadi”, deb yozdi jurnalist.

Tahlilchi Sardor Salim asosiy muammo sifatida senzura va bosimni emas, balki o‘zbek musulmon jamoasining intellektual qashshoqligi, sayt uchun sifatli kontent bera oladigan normal mualliflarning yo‘qligini ko‘rsatdi.
Azon.uz'ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirilganidan bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, yopig‘liq qozon hamon yopig‘ligicha qolmoqda: na axborot sohasiga mas’ul Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, na diniy sohada davlat siyosati yuritishga vazifador Din ishlari bo‘yicha qo‘mita munosabat bildirdi.

Azon.uz tahririyati avval ham bosim va tahdidlar haqida xabar bergan. Jumladan, 2021-yil fevral oyida nashr ta’sischisi Mubashshir Ahmad Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnaev unga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, maqolalarni darhol o‘chirishni talab qilgani, kurakda turmas so‘zlar bilan haqoratlaganini aytgan. O‘sha vaqtda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi vazifasida ishlagan Komil Allamjonov tahririyatga bo‘lgan bosimni “samarasiz”, “Prezident Sh.Mirziyoyevning ochiqlik siyosatiga zid” harakat deya qoralagan.

Мирзиёев оиласи ва юқоридаги коррупция - ўзбек матбуоти ҳануз ёзолмаётган мавзулар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:48 0:00

2021-yil iyun oyida esa tahririyatning to‘rt vakili diniy materiallarni ekspertizasiz chop etgani uchun jarimaga tortilgan. Bosh muharrir Abdulaziz Muborak buni “sayt ovozini o‘chirishga urinish” deb atagandi.

Ozodlik Azon.uz loyihalarining to‘xtatilishi yuzasidan rasmiy izoh so‘rab AOKAga murojaat qildi va hozirda javob kutmoqda.

XS
SM
MD
LG