Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Bulg‘angan tuproq, suv va havo: Xitoyning Tojikistondagi tilla biznesi


Xitoy shirkatlari Tojikistonda ulkan foydali qazilma zaxiralarini o‘zlashtirmoqda va ayni chog‘da atrof-muhitni bulg‘amoqda.

Konlarga yaqin qishloqlar aholisining sog‘lig‘i yomonlashyapti, toza ichimlik suvi tanqislashgan.

Ozodlik radiosi tojik xizmati surishtiruviga ko‘ra, Dushanbe Xitoy investitsiyalariga qaramligi sababli bu shirkatlarning ekologik qonunbuzarliklariga ko‘z yumayotir.

Tojikistonning Xumgaron qishlog‘ida atigi 150 jon yashaydi. Xitoy shirkati qishloq yaqinida oltin qazishni boshlaganida mahalliy aholi har neni kutsa ham, hozirgidek, qishloq yashab bo‘lmas holga kelishini o‘ylamagandi.

“Havo bilan suv zaharlangan bo‘lsa, bu yerda qandoq yashaylik?! – kuyunadi qishloq turg‘unlaridan biri. – Sog‘liqni yo‘qotgandan keyin yashashdan nima ma’ni?”

“Zarafshon” oltin koni tufayli suv va havo ifloslanishiga toqat qilib bo‘lmay qolgach, o‘tgan yili bir guruh ayol butun qishloq nomidan rasmiy shikoyat topshirish uchun Panjikent shahriga boradi.

Biroq hukumat mulozimlari muammo bilan shug‘ullanish o‘rniga ularni militsiya bo‘limiga olib borib, po‘pisa qilishadi: “Xitoy tog‘-kon korxonasini tanqid qilishni to‘xtatmasanglar oqibati yomon bo‘ladi!”

Ozodlik bilan anonimlik shartlarida suhbatlashgan ayollar o‘shandan beri qishloq odamlari tilla koni borasida norozilik bildirishga cho‘chib qolganini aytishadi.

Tojikiston g‘arbidagi oltin konini xitoylar 2007-yildan beri ishlatadilar. Atrof-muzofotdagi qishloqlar aholisi o‘shandan beri havo, suv, yer kun sayin bulg‘anayotganini va mulozimlar bunga ko‘z yumib kelayotganidan, boz ustiga shirkat ularga tegishli yerlardan ruxsatsiz foydalanayotganidan noliydi.

Tojikistonning O‘zbekiston bilan shimoli-g‘arbiy chegarasi yaqinidagi hududda yuzaga kelgan vaziyat Dushanbening Xitoy investitsiyalariga iqtisodiy tobeligi oqibatlarini yaqindan ko‘rish imkonini beradi: xitoy shirkatlari mamlakatning ulkan tabiiy boyliklarini o‘zlashtirarkan, qonunbuzarligi uchun mutlaqo jazolanmayapti, ustiga-ustak hukumatning turli imtiyozlaridan bahramand bo‘lmoqda.

Ozodlik Xitoyning Tojikistondagi to‘rt loyihasi, jumladan uchta konchilik korxonasi faoliyatini o‘rganib, bunga ishonch hosil qildi.

O‘g‘irlangan yerlar

Kon yaqinidagi qishloqlardan birida yashovchi ayol, ismi sir qolishi sharti bilan, Ozodlikka hujjatlarni ko‘rsatdi: hujjatlarda Xitoy tog‘-kon shirkati affinaj (yuvish) zavodlarini qurgan qishloq xo‘jaligi yerlari uning mulki ekani qayd qilingan edi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, zavod uning ruxsatisiz qurilgan, ayolga na kompensatsiya to‘laganlar, na hukumat uning qayta-qayta yo‘llagan ariza va shikoyatlariga rasmiy javob bergan. Qishloqdagi boshqa odamlarning ham shu mazmundagi hikoyalari bor.

Ko‘p millionli investitsiyalar bilan yonma-yon yashayotgan mahalliy aholi konlarda ishlatilayotgan ximikatlar tufayli kelib chiqayotgan kasalliklardan aziyat chekmoqda, tojik mulozimlari esa xitoy shirkatlarini jamoatchilik tanqidlaridan himoya qilishayotir. Buning sababi oddiy: Xitoy Tojikistonda asosiy ajnabiy investor hisoblanadi.

Tojikistonda qazib olinayotgan barcha oltinning 70 foizi “Zarafshon” koni hissasiga to‘g‘ri keladi va Ozodlik suhbatlashgan barcha darajadagi hukumat mulozimlari, hatto Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining yuqori martabali xodimi ham Xitoy shirkatini maqtab, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.

Ular mamlakat investitsiyalarga muhtojligini, shu bois Xitoy tog‘-kon shirkatlari Tojikiston uchun iqtisodiy qadrli ekanini aytib, atrof-muhit ifloslanayotgani haqidagi shikoyatlarni inkor etishdi.

Prezident Emomali Rahmon 2023-yil iyulda “Zarafshon” koniga kelganida shirkat faoliyatidan mamnun bo‘lib, bu yerda o‘z ramziy muhrini qoldirgan edi.

“Ketib qolmasalar bo‘lgani”

Ozodlik bilan anonim shartlarda suhbatlashgan Tojikiston atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining yuqori maqomli mulozimiga ko‘ra, qo‘mitaga “Zarafshon” koni bilan bog‘liq har qanday ekologik yoki tibbiy muammolarga ko‘z yumish buyurilgan.

“Suv bilan havo bulg‘anyapti, degan mazmundagi shikoyatlar bizga ham keladi, lekin agar “Zarafshon”ga qattiqroq bosim qilsak yoki taftish va jarimalarni ko‘paytirsak, xitoylik investor Tojikistondan ketib qolishi mumkin. Bundan iqtisodiyotimiz zarar ko‘radi, chunki mazkur shirkat 2023-yilning 6 oyida 2,2 milliard somoniy (201 mln dollar) bahosida oltin qazib chiqargan”, deydi u.

Mulozim aytishicha, ushbu davrda Tojikiston YIM 54 mlrd somoniy (4,9 mlrd dollar)ni tashkil qilgan. “Shirkatning inqirozi mamlakat iqtisodiyotiga qancha zarar yetkazishini shundan tasavvur qilavering”, qo‘shimcha qiladi Ozodlik suhbatdoshi.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, oltin qazib olishdan tushadigan soliqlar kon joylashgan So‘g‘d viloyati byudjetining katta qismini tashkil etadi, shu bois hukumat atrof-muhit ifloslangani uchun jarimalar yozish yoki jamoatchilik tanqidiga yo‘l ochib berish bilan ushbu muhim daromad manbaini xavf ostiga qo‘yishni xohlamaydilar.

“Tabiiy boyliklarni qazib olishni to‘xtatib qo‘ysak, byudjet millionlab dollar yo‘qotadi”, deydi u.

Ayni holat Xitoy shirkatlarining Ozodlik surishtiruv o‘tkazgan boshqa loyihalari, jumladan “Pokrud” oltin koni, Zarnisor qo‘rg‘oshin, rux va mis koni hamda Tojikiston g‘arbidagi paxta yetishtirish korxonasida ham kuzatilmoqda.

“Ayni paytda ushbu vaziyatga [xitoy shirkatlari atrof-muhitni bulg‘ayotganiga] ko‘nishdan boshqa choramiz yo‘q”, xulosa qiladi ekologiya idorasi mulozimi.

Yangi qaramlik

Markaziy Osiyodagi eng kambag‘al mamlakat bo‘lmish Tojikiston iqtisodiyoti 90-yillardagi fuqarolar urushi oqibatlari bilan kurashar ekan, ko‘p qiyinchiliklarga duch keldi, savdo, investitsiyalar va kredit masalalarida Rossiyaga suyanishga majbur bo‘ldi.

Ish o‘rinlari juda kam bo‘lgani uchun tojik erkaklari ommaviy Rossiyaga mehnat migratsiyasiga ketadilar, ular uylariga jo‘natadigan pullar esa, Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, Tojikiston YIMning kamida 40 foizini tashkil qiladi.

Biroq Tojikistonni 1994-yildan beri qattiqqo‘llik bilan boshqarib kelayotgan avtoritar prezident Emomali Rahmon mamlakatni Xitoy bilan yaqinlashtirdi va uning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasida ishtirok etmoqda.

2010-yildan boshlab Xitoy Tojikistonning eng yirik savdo hamkori, eng katta investori va qarz beruvchisidir – Dushanbe tashqi qarzining yarmidan ko‘pi Pekinga tegishli.

O‘tgan yillar mobaynida Xitoy Tojikistonda yangi yo‘llar qurish, telekommunikatsiyalar, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati kabi sohalarga investitsiyalar kiritish bilan mamlakat iqtisodiyotida ustun mavqeni egalladi. Mamlakat ayniqsa tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish uchun zarur infratuzilmani yaratishda chet el sarmoyasiga juda muhtoj edi.

Xitoy qurilish shirkatlari poytaxt Dushanbe markazida bir nechta muhim hukumat binolarini, jumladan, yangi parlament binosini qurdi.

5-iyul kuni Xitoy rahbari Si Szinpinning Dushanbega rasmiy tashrifi chog‘ida Emomali Rahmon 2007–2023-yillarda Xitoy Tojikiston iqtisodiyotiga 4 mlrd dollardan ziyod investitsiya kiritganini va mamlakatda Xitoy sarmoyasi qo‘shilgan 700 dan ortiq shirkat ishlab turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Tojikiston prezidenti “Zarafshon” konidagi ishlarni “ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali investitsiyaviy hamkorlikning yorqin namunasi” deb atadi.

Haddan ortiq iqtisodiy ta’sir siyosiy ta’sirga aylangan: Rahmon va uning oilasi Xitoyga tez-tez qatnab turadi. Pekin terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish, IIVlar o‘rtasida ma’lumot almashish va Afg‘oniston bilan chegaradagi bir qancha postlardan foydalanishga ruxsat olish bilan mamlakat xavfsizligini ta’minlashda ham tobora muhim o‘rin egallamoqda.

Tojikistonning sharqiy qo‘shnisiga tobeligi ortayotgani, xususan, Xitoy investitsiyalarining katta qismi kredit sifatida kelayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda, chunki jamoatchilik hukumat bu qarzlarni to‘lay olishiga amin emas.

Mamlakat qarzdorlikning achchiq alamini totib ko‘rgan: 2011-yilda qarzi evaziga o‘z hududining 1000 kvadrat kilometrdan ziyod bo‘lagini Xitoyga bergan edi. Qizig‘i, o‘sha qarz summasi hanuz ochiqlangan emas.

Ayni holat Tojikiston tog‘-kon sanoatida ham kuzatilmoqda. Mamlakatda qazib olinadigan yillik oltin hajmining 84 foizi Xitoy shirkatlari ishlatayotgan “Zarafshon” va “Pokrud” konlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 2021-yilda “Zarafshon” konining o‘zi soliqlar ko‘rinishida davlatga 40 mln dollar to‘lagan edi, o‘sha yili mamlakat byudjeti qariyb 3,9 mlrd dollarni tashkil qilgan.

2016-yilda Tojikiston hukumati oltin qazib olishga doir rasmiy statistikani e’lon qilishni taqiqlab qo‘ygan, biroq, vazirlarning 2019 va 2023-yildagi bayonotlariga ko‘ra, oltin qazib olish yiliga 10 foizdan ziyod hajmda ortib bormoqda, Xitoyning Zijin shirkati esa “Zarafshon”da o‘z faoliyatini kengaytirishda davom etyapti. Xitoy konchilik shirkatlarining Tojikistondagi daromadlari ham sir tutiladi.

Tojikiston hukumati tog‘-kon sanoatida yangi xitoy investitsiyalariga yashil chiroq yoqarkan, ko‘p hollarda bu to‘g‘ridagi qarorlarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymaydi.

Masalan, 2019-yilda parlament qisqagina muhokamadan so‘ng, Kashgar Xinyi Dadi Mining Investment Company investitsiya shirkati bilan Yakchilva kumush konidan foydalanish bo‘yicha shartnomani ma’qullab bergan edi.

Hukumat Xitoyning tog‘-kon sektoridagi nufuzi tobora ortayotganini xaspo‘shlar ekan, Xitoy korxonalari bu kabi yirik loyihalarda qatnashishga rozilik berayotgan yagona chet el shirkatlari ekanini iddao qiladi.

“Faqat xitoylar bizning shaxtalarimizga sarmoya kiritishga va ularni ishlatishga tayyor”, degan edi 2019-yilda sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Zarobiddin Fayzullozoda (konchilik sohasini aynan shu vazirlik nazorat qiladi).

Yashil pomidorlar

Xumgaronlik 62 yoshli fermer Asadullo Rahmonov “Zarafshon” koni faoliyati kengaygani sayin meva-sabzavot sifati buzilayotganini aytadi.

“Pomidorlar avvalgidek qizarib pishmayapti, bodringni esa uch yildan beri ekmay qo‘ydim, chunki palak naychaga kirmasdan guli to‘kilib ketyapti. Shaftoli esa hali pishib yetilmasdan to‘kiladigan bo‘ldi. Bir necha yil oldin bunaqa bo‘lmasdi”, deydi fermer.

Xitoy loyihalarini tanqid qilgani uchun hukumat g‘azabiga yo‘liqishdan qo‘rqib Ozodlik bilan anonimlik shartlarida suhbatlashgan besh nafar mahalliy fermer qishloq yaqinida qurilgan affinaj zavodi hosilga va umuman atrof-muhitga salbiy ta’sir qilayotganini aytishdi. Xususan, ular ariqlar bo‘yiga va ekin maydonlariga o‘tirib qolayotgan qoramtir chang haqida gapirishdi.

Oltin qazib chiqaruvchi “Zarafshon” QK 1994-yildan beri faoliyat yuritadi. Xitoyning Zijin shirkati 2007-yilda 70 foiz aksiyalarni sotib olgunga qadar konni Britaniyaga qarashli Commonwealth and British Mineral shirkati boshqargan. Qolgan 30 foiz aksiya esa Tojikiston hukumatiga tegishli, foyda ulush miqdoriga qarab taqsimlanadi.

Hozirda konda 2800 nafarga yaqin kishi ishlaydi, “Zarafshon” direktori muovini Boboxon Boboxonovga ko‘ra, ishchilarning 98 foizi Tojikiston fuqarolari ekan. Mulozim Zijin shirkati yaqinda yerdan foydalanish huquqini 20 yilga uzaytirganini va bu aholi bandligini ta’minlashda yaxshi kafolat bo‘lishini aytib, maqtandi.

Qazib olingan oltin shu atrofdagi hamda Panjikent shahri yaqinidagi affinaj zavodlarida yuvib tozalanadi. Mahalliy aholi suv va havo bulg‘anishiga eng avvalo shu affinaj korxonalari aybdor deb biladi.

Oltinni tozalashning dunyoda keng tarqalgan usulida yuqori toksik kimyoviy modda – sianiddan foydalaniladi, sianid esa inson salomatligi uchun o‘ta xavfli.

Ekologiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi Source International nohukumat tashkiloti direktori Flaviano Byankini aytishicha, sianid qattiq nazorat qilinadigan sharoitda qo‘llanishi lozim, zero undan ozginasi ham butun atrofdagi hududlarning zaharlanishiga olib kelishi mumkin.

“Bir kilogramm sianid vodoprovodga tushsa, bu 200 kishini osongina o‘ldirishi yoki atrof-muhitni halok qilishi hech gap emas”, deydi u Ozodlikka bergan izohida.

Maydalangan ruda shaxtalardan affinaj zavodiga keltirilib, u yerda sianid bilan ishlov berish orqali tog‘ jinsidan oltin ajratib olinadi. Iqtisodiy samaradorligiga qaramay, ushbu usul tabiat uchun juda zararli sanaladi. Tog‘-kon sanoatida sianid qo‘llanishi dunyo bo‘yicha yuz minglab odamlarning majburiy ko‘chishiga olib kelgan.

Aksar olimlar sianid quyosh nuri ta’sirida parchalanadi va, agar ko‘p suv bilan aralashtirilsa, xavfli bo‘lmaydi, degan fikrda yakdil. Biroq undan foydalanish tog‘ jinsidagi zararli metallarning ajralib chiqishiga olib kelishi ham mumkin.

Qator ilmiy tadqiqotlar sianid boshqa toksik shaklga o‘tishi mumkinligini va ayniqsa sovuq iqlimda saqlanib qolishini ko‘rsatmoqda.

Oltin qazib olishning o‘zi ko‘p miqdorda chiqindi chiqadigan jarayon. Ayrim baholarga ko‘ra, bir tonna tog‘ jinsidan 10-15 gramm oltin topish mumkin, qolgan 999 kilogrammdan ziyod massa esa zararli chang shakliga o‘tishi mumkin bo‘lgan chiqindiga aylanadi.

O‘lik tug‘ilgan bolalar

Ozodlik bilan gaplashgan Xumgaron qishlog‘i odamlari fikricha, konda ko‘p miqdorda va tartibsiz qo‘llanayotgan sianid atrof-muhitni bulg‘ab, meva-sabzavot hosiliga zarar yetkazmoqda, turli xastaliklarni keltirib chiqarmoqda.

2022-yilda xumgaronliklar konchilik shirkati faoliyati tufayli sog‘liqlari yomonlashgani haqida shikoyatnoma bitib, Tojikiston prezidenti ma’muriyatiga jo‘natishgan edi.
“Qishloq aholisi tez-tez kasalga chalinadigan bo‘lib qoldi, chaqaloqlar o‘lik tug‘ilayotgani sababli farzandsiz yosh oilalar soni ortmoqda”, deyiladi maktubda.

Odamlar “Zarafshon” konidan va ohak ishlab chiqarish zavodidan havoga zaharli chiqindilar chiqayotganidan, qishloqda toza havo yo‘qligidan noliydilar. Ularning aytishlaricha, shamol zavodlar tarafdan sassiq hidni haydab keladi. Panjikentning Shingi qishlog‘i aholisi ham so‘nggi yillarda nafas qisishi kasalliklariga chalingan bemorlar soni ortganini ma’lum qildi.

Panjikent sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili Ozodlik bilan suhbatda Xumgaron qishlog‘i aholisining sog‘lig‘idagi muammolarga doir yaxlit statistika yo‘qligini bahona qilib, vazirlikka murojaat qilishni maslahat berdi. Panjikent markaziy shifoxonasi va sanitariya-epidemiologiya idorasida ham shunday deyishdi.

Tojikiston SSV esa 2023-yil noyabrda rasmiy so‘rov yo‘llanganiga va vazirlik vakili bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara bo‘lganiga qaramay, hech qanaqa ma’lumot taqdim etmadi.
“Zarafshon” koni vakillari Ozodlikka intervyu berishga rozilik berishmadi, izoh so‘rab yo‘llangan yozma murojaatlarni esa javobsiz qoldirishdi.

Hukumat “Zarafshon” koniga qaratilgan tanqidlarni, aholining arz-u shikoyatlarini inkor etarkan, o‘tgan bir necha yil mobaynida Xitoy shirkatiga nisbatan bir nechta ramziy jarima qo‘llagan.
2019-yilda korxona ohak ishlab chiqarish zavodi chiqindilarini daryoga oqizgani uchun jarimaga tortilgan.

O‘shanda tojik hukumati bu daryoda baliqlar qirilishiga sabab bo‘lganini aytgan edi. Shunchalik jiddiy ayblovga qaramay, shirkatdan taxminan 1100 AQSH dollariga teng jarima undirilgan, xolos.

Ammo 2023-yil aprelda Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon “Zarafshon” koni operatorlari atrof-muhitga qariyb 14,6 mln dollarlik zarar yetkazishgani uchun 1,7 mln dollarga teng miqdorda jarimaga tortilishini ma’lum qildi. Zarar tafsilotlari ochiqlanmadi, lekin Panjikent ekologiya boshqarmasi boshlig‘iga ko‘ra, jarimaga korxona hududidagi affinaj zavodlaridan biri ruxsatsiz qurilgani sabab bo‘lgan.

Chala bajarilgan va’dalar

Xumgaronliklarning ko‘pyillik shikoyatlaridan so‘ng, 2021-yilda tog‘-kon shirkati aholi bilan ish olib borish dasturini boshladi va 4 kilometrlik yangi yo‘l qurishga, qishloq maktabini ta’mirlashga (90 ming dollarga) va vodoprovod o‘tkazishga va’da berdi.

Shirkat, shuningdek, qishloqliklarga har oy 13 700 dollar – jon boshiga taxminan 90 dollardan to‘lashga rozi bo‘ldi, pullar “Tojikiston hukumati 47 nafar fermer va ularning oilalariga yer uchastkalari ajratgunga qadar” muntazam to‘lanishi aytildi.
Biroq, xumgaronliklarga ko‘ra, shirkat pul to‘lovlaridan boshqa olamshumul va’dalarini bajarmagan.

Hukumatning konlardan foydalanish huquqini beruvchi litsenziya muddatini uzaytirishga doir talablarida shirkatlar mahalliy aholining turmush sharoitini yaxshilash, masalan, maktablar, kasalxonalar va yo‘llar qurib berish talabi mavjud.

2018-yili industriya va yangi texnologiyalar vaziri Shavkat Bobozoda matbuot anjumani berayotib, kutilmaganda Zijin shirkatini tanqid qilgan, xususan, uni o‘z majburiyatlaridan hech birini bajarmaganlikda ayblagandi.

“Ular shu paytgacha 20 tonna oltin qazib olishdi, ammo ertaga ketishsa, u yerda nima qoladi?!” deya xitob qilgandi vazir.
2023-yilda Ozodlik muxbirlari qishloqqa borishganida qurilish loyihalaridan hech biri hatto boshlanmagan ham, asosiy yo‘l esa hanuz xarob ahvolda edi. Aholi aytishicha, konga qatnovchi og‘ir yuk mashinalari yo‘lni tobora ishdan chiqarmoqda.

“Bu odamlarni o‘ldirishi mumkin”

Xumgarondan va “Zarafshon” oltin konidan chamasi 350 kilometr masofada Xitoyning yana bir yirik tog‘-kon loyihasi – “Pokrud” koni joylashgan. Mahalliy aholi uni daryolar va atrofdagi yerlar ifloslanishining bosh sababchisi deb biladi.

Bu yerda China Nonferrous Gold (CNG) shirkati oltin qazib olishga 100 foizlik konsessiya asosida ishlaydi. Ozodlik CNGning 2021-yilga doir ichki hisobotlari bilan tanishib chiqdi: unda shirkat “Tojikiston hukumati bilan mustahkam aloqalarga ega”ligi urg‘ulangan.

Shuningdek, CNG o‘z ekologik standartlarini maqtab, mahalliy aholi bilan yaxshi munosabatda ekanini iddao qilgan.
Tojikistonning Romit darasida joylashgan qishloqlar aholisi aytishicha, oltin qazishning yagona foydasi shuki, shirkat o‘z konlariga olib boruvchi yo‘l qurgan va undan tog‘li hududlarda yashovchilar ham foydalanishmoqda.

Ayni chog‘da ular Xitoyga qarashli konning zarari tobora ortayotganini ta’kidlaydilar.

Oqim yuqorisida joylashgan bir necha qishloq odamlari Ozodlikka shirkat affinaj zavodlarining kir suvlarini to‘g‘ri Romit daryosiga oqizishi haqida so‘zlab berishdi. Turg‘unlarga ko‘ra, bir necha kishi xastalikka chalinganidan so‘ng aholi daryodan suv ichmay qo‘ygan.

Ozodlik muxbirlari 2023-yilda Romit daryosi bo‘ylab “Pokrud” koni yaqinigacha borib, affinaj zavodining oqava suvlari maxsus quvur orqali daryoga quyilishiga amin bo‘lishdi.

Source International rahbari va konchilik bo‘yicha ekspert bo‘lmish Byankini bunaqa amaliyot juda xavfli ekanini aytadi.

“Qayta ishlov jarayonida qo‘llangan suv zaharlangan bo‘ladi. Bu suvni ichib bo‘lmaydi. U shunchaki daryoni ifloslamaydi, balki odamlarni o‘ldirishi mumkin”, deydi u.

Ushbu jiddiy xavotirlarga qaramay, xitoy shirkati tojik hukumati nazoratidan deyarli chetda qolayotir. Boz ustiga, uning faoliyati eng yuqori darajada siyosiy dastaklanadi.

2016-yilda kondan qazib olingan oltindan yombi quyish boshlanganida prezident Rahmon ikki yombi oltinni qo‘lida ushlagancha gerdayib televizorda chiqqan va 256 mln dollar investitsiya kiritgan xitoylarni og‘zidan bol tomib maqtagan edi.

Tojikiston Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Ozodlikka bildirishicha, muxbirlar CNG affinaj zavodining oqava suvlari daryoga quyilishini ko‘rganlaridan so‘ng 2023-yilning yozida qo‘mita ahvolni o‘rganib, “qator kamchiliklarni, jumladan qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq tartib-taomillarga rioya qilinmagani va atmosferaga haddan ortiq chiqindilar chiqarilganini aniqlagan”.

Biroq qo‘mita oqava suvlar daryoga quyilayotgani aks etgan videoyozuvga izoh berishni istamadi.

Suv tanqisligi manzarasida katta va’dalar

Tojikiston shimolida, Xo‘janddan shimolga tomon 60 chaqirim masofada joylashgan va qariyb 5 ming kishi yashaydigan Zarnisor shahar tipidagi posyolkasida Xitoyning atrofdagi aholi maskanlariga zarar yetkazayotgan yana bir yirik tog‘-kon loyihasi mavjud.

2007-yilda Xitoyning Tibet Everest Resources davlat shirkati shu’ba korxonasi sifatida tashkil qilingan “Tojik-Xitoy tog‘-kon shirkati” (TCMIC) bu yerda qo‘rg‘oshin, rux va mis qazib oladi. Mazkur minerallarni qazib chiqarish jarayoni juda ko‘p miqdorda suv talab qiladiki, aholiga ko‘ra, bu suv tanqisligiga sabab bo‘layotir.

Zarnisorlik pensioner Idiboy Fozilov xitoylar ish boshlaganidan beri ichimlik suvi atigi bir soatga berilayotganini va odamlar uni bochkalarda g‘amlashga majbur bo‘lishayotganini aytadi.

Suv tanqisligi yetmagandek, shirkat mahalliy infratuzilmaga sarmoya kiritish va’dasini ham bajarmayotgan ekan.
TCMIC bolalar bog‘chasini va mahalliy yo‘llarni ta’mirlab berish, posyolka ko‘chalarini yoritishni o‘z zimmasiga olgan edi. Ammo shirkatning bosh ofisiga eltuvchi ko‘chadan boshqa barcha yo‘llar xarobligicha qolayotir, bolalar bog‘chasi esa to‘kilay-to‘kilay deb turibdi.

Ozodlik Zarnisordagi yo‘llar, maktab va bog‘cha binolarining ayanchli ahvoli haqida avval ham xabar bergan, shuningdek, Xitoy shirkati markaziy ofisi hamda xitoylik ishchilar yotoqxonasiga eltuvchi yo‘l asfalt qilinganini ham eslatgan.

Konchilik sohasida faoliyat yurituvchi boshqa xitoy shirkatlari kabi, TCMIC ham Tojikiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi.
2022-yil iyulda uning ona shirkati – Tibet Everest Resources Tojikistonda 10 mingta ishchi o‘rni yaratiladigan industrial park qurishga va’da bergan edi. Lekin, ikki yil o‘tdi hamki, loyihadan dom-darak yo‘q.

Tibet Everest Resources e’lon qilgan ko‘p raqamlar bir-biriga qovushmaydi. TCMIC rahbarlari o‘z intervyularida va ochiq bayonotlarida Tojikistonda 4 mingdan ziyod kishi ishlashini aytgan bo‘lsalar, boshqa hollarda shtatda 3 mingga yaqin xodim mavjud, deb ko‘rsatishgan.

Shirkat davlat byudjetiga to‘laydigan soliq va yig‘imlar miqdorlarida ham shu kabi chalkashliklar bor.

2022-yilda “Aziya-Plyus” mustaqil axborot agentligi TCMIC rahbari Li Yaoxuidan iqtibos keltirib, shirkat mamlakatda o‘z faoliyatini boshlagan 2009-yildan beri 33 mlrd somoniy (qariyb 3,1 mlrd dollar) soliq va yig‘imlar to‘lagani haqida yozgan edi.

Biroq Lining o‘zi 2021-yilda bergan izohlarida shirkat asos solinganidan beri budjetga atigi 4,2 mlrd somoniy (taxminan 383 mln dollar) to‘laganini aytgan.

TCMIC shirkati Ozodlikka bergan izohida Zarnisordagi maktabni ta’mirlaganini, shuningdek 50 ming aholi yashaydigan Guliston shahrida meriya binosini qurgani va kasalxonani ta’mirlab berganini aytib o‘zini oqladi. Shuningdek, Bo‘ston bilan Zarnigorni bog‘lovchi 38 kilometrlik yo‘l rekonstruksiyasini moliyalaganini va bu taxminan 100 million somoniy (9,1 mln dollar)ga tushganini bildirdi.

Guliston shahri ma’muriyati vakili esa TCMIC tomonidan shahar va uning tevaragidagi aholi maskanlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash rejasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Mulozimga ko‘ra, Gulistonning ba’zi hududlarida suv kunning ma’lum vaqtlaridagina berilyapti, ammo xitoy shirkati ishchilari turadigan Rafoqat ko‘chasidagi to‘rt qavatli uylarda suv umuman uzilmaydi.

Ozodlik muxbiri ushbu ma’lumotni tasdiqlash uchun shirkat bosh ofisiga va xitoylik ishchilar yotoqxonalariga borganida tojik kuchishlatar xodimlari uni kiritishmadi. Darvoqe, ushbu binolarga eltuvchi yo‘llar juda ravon edi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, shikoyatlar ko‘payganidan so‘ng Rafoqat ko‘chasidagi qolgan uylarga bir kunda 12 soat ichimlik suvi beriladigan bo‘libdi.

Bebiliska ishlatilayotgan o‘g‘it va pestitsidlar

Xitoy shirkatlarining serdaromad konchilik sohasiga kirib kelishi oqibatlari atrof-muhit ifloslanishi va odamlar sog‘lig‘idagi muammolarda aks etmoqda. Dushanbening shundoqqina biqinidagi Yovon tumanida paxta yetishtirayotgan xitoylik fermerlar ham konchi yurtdoshlaridan qolishmayapti.

Yovon tumani qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Mirzoali Azizov 2023-yil iyunda Ozodlik so‘roviga javoban, xitoy fermerlari tumanda 960 gektar sug‘oriladigan yerni ijaraga olishganini ma’lum qilgan edi. 2000-yillarda davlat yerlari qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun ajratila boshlaganida aksar tojik fermerlarida urug‘, texnika va o‘g‘itlar sotib olish uchun mablag‘ yo‘q edi, shu bois ko‘pchilik ish izlab Rossiyaga ketadi.
Odamlar aytishicha, xitoylar vaziyatdan foydalanib qolib, 2014-yildan yerlarni ijaraga ola boshlaganlar.

Yovon tumani qishloq xo‘jaligi mulozimlariga ko‘ra, xitoy fermerlarining moliyaviy imkoniyatlari ko‘proq, shu bois ular tojikfermerlaridan farqli o‘laroq, qimmat va sifatli o‘g‘itlar hamda texnikalardan foydalanadilar.

Natija ham shunga yarasha: mahalliy fermerlar paxtadan gektaridan o‘rtacha 4 tonna hosil ko‘tarsalar, xitoylar salkam 7,5 tonna hosil olishmoqda.

Biroq mahalliy aholi xitoylar ayrim o‘g‘itlarni bebiliska ishlatayotganidan va qaysi kimyoviy o‘g‘itlar qachon qancha miqdorda qo‘llanishiga doir qoidalar yo‘qligidan tashvishga tushgan.

Xitoyning “Tojikiston va Xitoy qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti” shirkati Yovon tumanida qariyb 1000 gektar, “Xuntay-Xatlon-Sin Silu” shirkati esa Xatlon viloyatining Do‘stiy tumanida 3 365 gektar yerga egalik qiladi.

Tojikiston Demokratik partiyasi raisi, xitoy fermerlarga yerlarni ijaraga berish masalasi parlamentda ko‘rilgan 2019-yilda deputat bo‘lgan Saidja’far Usmonzoda Ozodlik bilan suhbatda o‘shanda xitoylik fermerlar qanaqa o‘g‘itlardan foydalanishi haqida savol berganini, lekin hukumat bitimni tasdiqlab bo‘lganiga qaramay, uning savoli javobsiz qolganini aytadi.

“Uzoq yillar zo‘riqtirib, kuchi so‘rib olingach yerlarimiz biyobonga aylanib qolmaydimi?” – o‘shanda bergan savolini xotirlaydi u.

Usmonzoda va mahalliy fermerlarning xavotirlariga qaramay, Ozodlik suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, hukumat xitoy fermerlar qo‘llayotgan o‘g‘itlar va kimyoviy moddalar turlari, ularning yerga zararli ta’siri bo‘yicha biron bir mustaqil tadqiqot o‘tkazmagan. Yovon tumanining qishloq xo‘jaligiga mas’ul mulozimlari esa Ozodlikning shu xususdagi savoliga tumanda bunaqa tadqiqotlar uchun zarur laboratoriya yo‘q, deya javob berishdi.

Dushanbedagi Tojikiston agrar universitetining agrokimyo va tuproqshunoslik kafedrasi dots.nti Ro‘zimurod Boymurodov o‘g‘it va pestitsidlardan haddan ortiq foydalanish jiddiy xavotir keltirib) chiqaradi, chunki ekin o‘g‘itning bir qismini so‘rib olmaydi va u tuproqda qolib ketib, uning sifatini buzadi.

“Bu qoldiq moddalar kelgusida tuproq tarkibi, sifati va unumdorligiga, shuningdek ekinlar o‘sishiga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi”, deydi u Ozodlikka izoh berarkan.

“Farzandlarimizga xavfsiz kelajak istaymiz”

Boymurodov o‘z tadqiqotlariga ko‘ra, tojik fermerlari odatda har gektarga 450-600 kg azotli va 200-260 kg fosforli o‘g‘itlar ishlatishini aytadi.

Tojikistonda paxta yetishtirayotgan xitoy fermerlar esa, Yovon tumani qishloq xo‘jaligi boshqarmasi xodimi Usmon Yatimov bergan ma’lumotga ko‘ra, har gektar yerga 1 500-1 600 kg.dan azotli va fosforli o‘g‘itlar solishadi.

O‘g‘it va pestitsidlarni haddan ziyod qo‘llash Xitoyning o‘zida ham anchadan beri jiddiy muammoga aylangan: bu yo‘l bilan mo‘l hosil olish mumkin, lekin bora-bora tuproq sifati pasayadi. So‘nggi yillarda Xitoyda fermerlar o‘g‘itdan foydalanishni kamaytirishdi, biroq ularda bu ko‘rsatkich dunyo miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan hamon baland.

Tojikiston aholisi xitoy shirkatlari faoliyati natijasida yer, havo va daryolar ifloslanayotganidan, konlar tevaragidagi aholi maskanlariga investitsiya yetib bormayotganidan shuncha shikoyat qilsa-da, hukumat ushbu shirkatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Xitoylar ishlayotgan hududlarning aksar aholisi bu shirkatlarga qarshi emasligini urg‘ulaydi: “Biz ular ekologiya haqida o‘ylashini va atrofdagi aholi maskanlarini obodonlashtirish uchun yetarlicha mablag‘ ajratishini istaymiz, xolos. Faoliyatini boshlagan paytlarida bergan va’dalarini bajarishsin”, deyishmoqda tojikistonliklar.

Biroq, afsuski, iqtisodiyoti falaj va aholi turmush darajasi past bo‘lgan Tojikiston Xitoyga iqtisodiy qaram ekan, xitoy shirkatlari o‘zlari xohlagandek ishlashda davom etadi.

Xitoylar oltin qazib olayotgan Xumgaron qishlog‘i turg‘unlaridan biri ko‘pchilikning ko‘nglidagi bir gapni aytdi: “Bizga xitoylarning puli kerak emas – biz o‘z farzandlarimizga xavfsiz kelajak istaymiz, xolos”.

XS
SM
MD
LG