Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:54

"Butun mamlakat qamalda". Livanliklar Isroil hujumidan qochishga joy topolmayapti


Livan-Suriya chegarasi.
Livan-Suriya chegarasi.

Isroilning halokatli zarbalaridan keyin livanliklar uylarini tark etib mashinalarda, plyajlarda tunashga majbur bo‘lmoqda. Yahudiy davlatining Livan bo‘ylab uyushtirayotgan havo reydlari mamlakatda gumanitar inqirozni kuchaytirdi.

So‘nggi haftalarda 1 millionga yaqin odam o‘z uyini tark etib boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘ldi. Bayrutda minglab odamlar plyajlar va ko‘chalarda tong ottirmoqda.

Mahmud Bayrutdagi plyajlardan birida xotini va 2 yoshli o‘g‘li bilan qolganini aytadi. Bu oila Isroil havo hujumlaridan qochib, Bayrutdan boshpana topgan minglab oilalardan biri.

«Biz Bayrutda xavfsizroq bo‘lamiz deb o‘ylab bu yerga keldik, ammo hozir hech narsasiz plyajda tunayapmiz.», deydi Livanlik qochqin Mahmud.

Isroil havo hujumlari natijasida uyi vayron bo‘lgan Mahmud oilasi bilan Livan janubidagi G‘oziy shahridan avtobusda 20 soat yo‘l bosib Bayrutga yetib keldi.

G‘oziy shahri Isroil reydlari davomida eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri bo‘ldi. Isroilning Livan janubiga quruqlikdan boshlagan bosqini hamda Hizbulloh nishonlariga qaratilgan havo hujumlari Livan tinch aholisiga katta talofat yetkazmoqda.

Bayrutda boshpanasiz qolgan bolalar ko‘chada tunamoqda. 1-oktyabr, 2024
Bayrutda boshpanasiz qolgan bolalar ko‘chada tunamoqda. 1-oktyabr, 2024


Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroil havo hujumlari boshlangan 23-sentyabrdan hozirgi kunga qadar 1100 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Taxminan 1,2 million kishi o‘z uyini tashlab chiqib ketgan. Bu mamlakat tarixidagi eng yirik ommaviy ko‘chish ekani aytilmoqda.

Bayrutda maktablar, universitetlar, masjidlar va hatto futbol maydonlari ko‘chirilganlar uchun vaqtinchalik boshpanaga aylantirildi.

Shunda ham minglab odamlar plyaj, bog‘, ochiq maydonlar va mashinalarda tong ottirmoqda.

Mahmud va uning oilasi so‘nggi to‘rt kunni Bayrutning El Manara plyajida o‘tkazdi. Ular mahalliy aholi tomonidan berilgan oziq-ovqat bilan kun kechirayotganini aytadi.

«Nima qilishni bilmaymiz, hamma boshpanalar to‘lgan», deydi Mahmud.

Oila yana ko‘chishga majbur bo‘lamiz degan hadikda.
Aholi zichligi yuqori bo‘lgan Bayrutda 2,5 millionga yaqin odam yashaydi.

Isroilning halokatli havo hujumlari natijasida poytaxt shaharning bir qismi vayron bo‘ldi.

Isroil hujumidan uylarini tashlab chiqqan ayollar va bolalar Bayrutning Shahidlar hiyobonidagi . 28-sentyabr, 2024
Isroil hujumidan uylarini tashlab chiqqan ayollar va bolalar Bayrutning Shahidlar hiyobonidagi . 28-sentyabr, 2024


Livan muvaqqat hukumati mamlakat bo‘ylab yordamga muhtoj barchaga ko‘maklashishga harakat qilmoqda.

Mahalliy hukumat 500 ga yaqin maktabni vaqtinchalik turar joylarga aylantirganiga qaramay, boshpanalar yetishmayapti.

BMTning Jahon oziq-ovqat tashkiloti Isroilning Livanga bosqinidan jabrlangan 1 milliondan ortiq odamni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun favqulodda operatsiya boshladi.

Tashkilot Livanni «qulash nuqtasida» ekanidan ogohlantirar ekan, butun mamlakat bo‘ylab boshpanalarga oziq-ovqat va naqd pul tarqatayotganini ma’lum qildi.

Isroil 1-oktyabr kuni Livan janubiga quruqlikdan bostirib kirdi. Bu Livanda davom etayotgan gumanitar inqirozni yanada kuchaytirishi mumkin.

Isroil kuchlari 2006-yilgi Isroil-Hizbulloh urushidan o‘n sakkiz yil o‘tib yana Livan hududiga bostirib kirdi.

Isroil harbiylari Livan janubidagi o‘nlab jamoalarni evakuatsiya qilishni buyurdi.

Украинага босқин: 953-кун | Украина ва Яқин Шарқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:06 0:00


Hatto minglab bayrutliklar ham Isroilning havo zarbalari sababli o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.

Ular orasida bank xodimi Mariya ham bor. U allaqachon shahar ichida ikki marta ko‘chishga ulgurdi.

«O‘tgan hafta men, onam va singlim bizdan ikki ko‘cha narida havo hujumi sodir bo‘lganidan keyin kvartiramizni tark etdik. Hozir shaharning boshqa qismida, qarindoshlarimizning uyida yashayapmiz. Ammo hech kim o‘zini xavfsiz his qilmayapti”, deydi Mariya.

Shaharning janubiy hududlari Hizbullohning tayanchi hisoblanadi, AQSH tashkilotni terrorchi guruhlar safiga kiritgan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi Hizbullohni qurolli jangari guruh sifatida qora ro‘yxatga kiritgan.

Bayrut janubidagi turar-joy binolari Isroil havo hujumlari natijasida vayron bo‘ldi. Havo zarbalaridan keyin hududda bo‘m-bo‘sh binolar va vayronaga to‘la ko‘chalar qoldi.

Mariya ba’zi odamlar boshpana topish ilinjida mehmonxonalar va bo‘shab qolgan binolarga bostirib kirganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

“Uydagi chiroqlarni o‘chirmaymiz, kimdir ichkariga kirishga harakat qilishi mumkin. Bayrutda tartibsizlik hukm surmoqda. Odamlar ertangi kuni nima bo‘lishini bilmaydi”.

Ikki farzandning onasi Manal Bayrut markazidagi Burj Abi Haydar mahallasidagi uyida qolmoqda.

Ammo u ko‘chishga majbur bo‘lishidan xavotirda.

«Har ehtimolga qarshi har kecha sumkalarimizni yig‘amiz. Bombalar ovozi tinmayapti. Oyog‘imiz ostida yer silkinayotgandek tuyuladi”, deydi ayol.


Manalning aytishicha, uning ba’zi do‘stlari va qarindoshlari Bayrut tepasidagi tog‘larga qochib ketgan.

“Ammo ular o‘sha yerda ham Isroil bombalari ta’qibidan qutula olmaganini aytishdi".

Manal 2006-yilda ikki isroillik askar o‘g‘irlab ketilishi bilan boshlangan Isroil-Hizbulloh urushiga guvoh bo‘lgan.

34 kun davom etgan mojaroda 1100 dan ortiq mahalliy aholi Isroil havo hujumlari natijasida halok bo‘lgan edi.

«Men ilgari ham urushlarni ko‘rganman, lekin bu boshqacha. Xavfsiz joy yo‘q. Butun mamlakat qamalda», deydi Manal.

XS
SM
MD
LG