“Buxoro–Ural” magistral gaz quvurining Buxoro viloyatidan o‘tgan qismida 10-fevral kuni avariya va uning ortidan yong‘in ro‘y berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda olov yuqoriga o‘ralayotganini ko‘rish mumkin.
Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, avariya Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasining diametri 1020 mm bo‘lgan 26 kg bosim ostidagi quvurining yer ostidan o‘tgan 106-kilometrida ro‘y bergan.
FVB hodisa soat 11:26 da ro‘y bergani va soat 11:30 da murvatlar yopilib, qoldiq gazlar chiqib ketganini bildirgan.
Mahalliy matbuot murvatlar yopilganidan keyin ham quvurda qolgan gaz nazorat ostida chiqishda davom etgani haqida xabar bergan.
FVB qaydicha, yong‘in natijasida jabrlanganlar va tan jarohati olganlar yo‘q. Avariya ro‘y bergan joyga eng yaqin (40 km) aholi maskani Romitan tumani Qizilrabot MFYdir.
Mahalliy Telegram kanallar viloyatdagi metan shoxobchalari yopilgani haqida yozgan.
Energetika vazirligi matbuot xizmati ham dastlabki bayonotida hududdagi metan gaz to‘ldirish shoxobchalari faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilishini bildirgan, ammo ko‘p o‘tmay vazirlik axborotining ushbu qismi o‘chirib yuborilgan.
Bir muddat o‘tib, Energetika vazirligi barcha hududlardagi metan shoxobchalar “odatiy rejimda ishlashda davom etishi”ni ma’lum qilgan.
Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi “O‘ztransgaz” shirkatining tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, mintaqada magistral gaz quvurlarini tasarruf etish, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Boshqarma mahalliy va eksport uchun tabiiy gazni yetkazib beruvchi muhim gaz transport magistrallarini boshqaradi.
Ozodlik avval xabar qilganidek, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024-yil oktyabr oyida “Gazli” va “Xo‘jaobod” yerosti gaz omborlarida qish mavsumi uchun 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi jamlanganini ma’lum qilgandi.