Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:39

"Buyruq keldi, sizlarni otib tashlaymiz". Qozog‘istonda qiynoqqa solingan o‘zbeklar hikoyasi


O‘zbekistonning 23 fuqarosi 2 yil-u 8 oydirki, Qozog‘istondagi 2022-yil yanvar voqealari chog‘ida Olmaota yaqinidagi bir qishloqda kuchishlatar xodimlar tomonidan qiynoqqa solinganlarini isbotlab bera olishmayapti. Qo‘shmambet nomli bu qishloqdagi chala bitgan binoda qariyb yuz nafar odam saqlangan: turli qiynoqlar qo‘llash orqali ularni qilmagan jinoyatlariga iqror qildirganlar.

Qozog‘iston tarixiga "Qantar (yanvar) voqealari" nomi bilan kirgan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida davlat telekanali bir yigit tartibsizliklarda pul evaziga ishtirok etganini tan olgani aks etgan videoni namoyish etgandi. Keyinroq u qirg‘iz musiqachisi Vikram Ro‘zaxunov ekani va qiynoqlar natijasida iqrorlik ko‘rsatmasi berishga majbur bo‘lgani oydinlashdi. Bu ish xalqaro janjalga sabab bo‘ldi. Ushbu voqea qozoq hukumatining “terrorchilar Markaziy Osiyo davlatlaridan birida tayyorlangan” degan iddaosi puchligini ko‘rsatdi.

Ommaviy qiynoqxonalardan biri Olmaotadan 36 chaqirim masofada joylashgan Qo‘shmambet qishlog‘ida bo‘lgan. U yerda, jumladan, chet el fuqarolari ham saqlangan. Hozirda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi 23 nafar O‘zbekiston fuqarosining qiynoqqa solinganiga doir jinoyat ishini tergov qilmoqda. Ishdagi barcha taraflar, jumladan, shikoyatchilar va ularning advokatlaridan ham tergov sirini oshkor qilmaslik haqida tilxat olingan.

“50 yoshgacha bo‘lgan erkaklar tushsin!”

Aziz – O‘zbekiston fuqarosi, yoshi 40 dan oshgan. U haqiqiy ismini ochiqlamaslik va tasvirga olmaslik sharti bilan Ozodlikka intervyu berdi. Aziz 2022-yil Yanvar voqealari chog‘ida qiynoqlarga duchor bo‘lgan va hozir tergovda qatnashmoqda. U tergov siri sanalgan ma’lumotlarni tilga olmagan holda o‘z boshidan kechirganlarini so‘zlab berishga rozi bo‘ldi.

“Men Olmaoatadan Chimkentga oziq-ovqat jo‘natardim. Shartnoma bo‘yicha 2022-yil 5-yanvarda yetib borishi kerak bo‘lgan yuk yetib bormadi. Olmaotada uni 300 kishi kutayotgandi. Yukni yetkazishga mas’ul odam esa qo‘ng‘iroqlarga javob bermasdi. Shundan so‘ng boshliqlar shart qo‘yishdi: “Yo tovarni yetkazasan, yo ishdan bo‘shatamiz!” Shundan so‘ng 7-yanvar kuni Chimkentga jo‘nab ketdim, shahar ancha tinchib qolgandir, deb o‘ylagandim”, deya hikoya qiladi Aziz.

Aziz Olmaota chetidagi “Oltin O‘rda” bozori yonida Chimkentga qatnaydigan avtobusga o‘tiradi. Hech bir yomon xayolga bormaydi, chunki avtobusda yosh bolalilar va qariyalar ham bor edi. Biroq Olmaotadan 90 chaqirim naridagi Targap qishlog‘iga kiraverishda niqob taqqan harbiylar avtobusni to‘xtatadilar.

“50 yoshgacha erkaklar bormi, qani tush hammang!” deb buyurishdi. Tushdik. Hujjatlarimizni tekshirishdi, hammasi joyida edi. Mening sumkamda yuk uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan anchagina pul bor edi. Ular ko‘rib: “Qanaqa pul bu?” deb so‘rashdi. “Mening pulim, tovar olgani ketyapman”, dedim. Bittasi aytdi: “Pul qolsin, o‘zing ketishing mumkin”. Ko‘nmadim. Shunda yo‘lning narigi betida turgan bir odamni chaqirdim, meni u bilan jo‘natishdi. Biz harbiy kiyimli odamlar o‘tirgan joyga bordik. Stolning o‘rtasida bir uyum kalit, telefon va hamyonlar yotardi. U harbiylar ham niqobda bo‘lib, bir nimalarni yozishardi. Bittasi mendan pul haqida so‘radi va javobimni kutmay tizzamdan pastroqqa tepdi, ko‘kragimga kalla qo‘ydi. So‘ngra meni o‘sha atrofdagi omborxonaga o‘xshagan bir imoratga boshlab bordi. U yerda mendan tashqari qirqtacha odam bor edi”, deydi Aziz.

Aziz kechga dovur omborxonada yetmish chog‘li odam yig‘ilganini eslaydi. Keyinroq ularni avtobusga o‘tqazib, noma’lum tomonga olib ketadilar.

“Harbiylar bizga: “Buyruq keldi, sizlarni otib tashlaymiz”, deyishdi. Avtobus ichida bizni qo‘llarimizi ko‘targan va boshimizni eggan holda o‘tirishga majbur qilishdi. Buyruqqa itoat qilmaganlar kaltaklandi. Bir payt avtobus to‘xtadi va bizni tushirishdi. Atrofga ko‘z qirimni tashlasam, qabriston yonida turibmiz. Bir nechtasi avtomatdan havoga tarillatib otganida tamom, kunim bitdi, deb o‘yladim. Ko‘plar kalima keltira boshladi. Ba’zilar esa: “Biz ham qozoqmiz-ku, sizlar bilan og‘a-inimiz-ku”, deya yalinardi. Men va yana bir necha kishi chet el fuqarolari ekanimizni aytdik, lekin birov quloq solgani yo‘q”, deydi suhbatdoshimiz.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, avtobus qorga tiqilib qolib, ularni itarib chiqargani tushirishgan ekan. Ammo haqiqiy qiynoqlar hali oldinda edi.

“Unitazdan suv olib ichardik”

Keyingi suhbatdoshimizning ismi Karim. Yoshi 50 larda. U har yili Olmaotaga ish izlab keladi, 3-4 duch kelgan ishni bajarib ozroq pul topgach O‘zbekistonga, oilasi yoniga qaytadi. Yanvar voqealari boshlanganida u tikuv sexidagi ishini tugatib, 700 dollar pulini olib, uyga qaytayotgan edi.

“7'yanvarda Kaskelendan avtobusda Chimkentga jo‘nab ketdim. Bir soatcha yurganimizdan so‘ng politsiya to‘xtatdi. Hujjatlarimizni tekshirishdi, telefonlarimizni tortib olishdi. Oddiy tekshiruvdir-da, deb avvaliga parvo qilmadik. Keyin qabriston yaqiniga olib kelishganida yuragimizga vahima kirdi. Ular cho‘ntaklarimizdagi barcha qimmatli buyumlar – uzuk, soat va pullarni tortib olishdi”, deydi Karim.

Suhbatdoshimiz avtobusda oltmish chog‘li odam bo‘lganini aytadi. Shundan atigi ikki nafari qozoq, qolgani Olmaotada ishlab qaytayotgan mehnat migrantlari edi. Barchasini Olmaotadan 36 kilometr masofadagi Qo‘shmambet qishlog‘iga eltib, qurilishi bitmagan hibsxonaga qamaydilar.

“Avtobusdan tushganimiz zahoti bizni urib-tepa ketishdi. Hech gap-so‘zsiz. Kameraga tiqib, yana dubinkalar bilan kaltaklashdi. Dastlabki besh kun deyarli uzluksiz kaltak yedik. Beshinchi kuni O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi vakili kelgach, urishni to‘xtatishdi. U yerda jami 10 kun bo‘ldik”, davom etadi Karim.

U ana shu voqealarga qadar Olmaotadagi to‘polonlardan butkul bexabar bo‘lganini aytadi. Tinch namoyishlar qurolli mojaroga aylanib ketgani haqida o‘zi kabi tutib keltirilgan odamlardan eshitgan.

“Kamerada 10-11 kishi edik. To‘rt kun umuman tuz totmadik. Bir qultum suv berishgani yo‘q. Kameradagi unitazdan suv olib ichdik. To‘rt kundan so‘ng bir to‘g‘ramdan non va bo‘tqaga o‘shash ovqat berishdi. Gohida qaynoq suv ham berishardi”, deydi Karim.

Ўзбекистон ҳибсга олинган фуқароси юзасидан Қозоғистонга нота йўллади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:29 0:00

Izolyatordagi “go‘shtqiymalagich”

Karim ham, Aziz ham Qo‘shmambetdagi hibsxonaga qamalganlar soni 100 ga yaqin bo‘lganini aytishdi. Binoda asosiy qurilish ishlari bitgani bilan hali foydalanishga topshirilmagan, shu bois isitish tizimi yo‘q edi. Yanvar qahratoni, kameralarning beton devorlari va muzdek poli tutqunlarning turmushini jahannamga aylantirdi. Boz ustiga, ularni kunda so‘roqqa olib chiqib, o‘lasi qilib kaltaklashardi.

“So‘roq qilish uchun “go‘shtqiymalagich” degan joy bor edi. U yerda tutqun ichkiyimi qolguncha yechintirilib, polga yuztuban yotqizilardi. Keyin bittasi oyog‘i bilan gardaningizga bosar, yana biri esa tovoningizga dubinka bilan ayamay solardi. Bu paytda boshqa ikki kishi savol berardi: “Qayerda eding? Nima qilgansan? Imzo chekasanmi, yo‘qmi?” Men har gal: “Aybim yo‘q, qo‘l qo‘ymayman”, deb javob berardim, ularga bu yoqmasdi va meni yana urib-tepkilab, so‘ngra kameraga olib borib tashlashardi”, deydi Aziz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qiynoqqa dosh bera olmaganlar “aybi”ga iqror bo‘lib, protokolga qo‘l qo‘yib berishgan. Besh yoki olti kun o‘tgach boshliqlardan biri kirib: “Ertaga konsullaringiz keladi, agar unga arz qilsanglar bu yerdan tirik chiqmaysizlar. Yana bir narsa esingizda bo‘lsin: jarohatlarni bu yerda emas, yo‘lda olgansizlar, tushunarlimi?” deydi.

“Bir haftadan so‘ng konsul keldi va bizlarni eshitgach: “Qozog‘iston IIV barcha holatlarga oydinlik kiritgach, agar ayblov uchun asos bo‘lmasa sizlarni qo‘yib yuborishadi”, dedi va ketvordi. Meni 10 kun deganda qo‘yib yuborishdi”, xotiralarida davom etadi Karim.

Karimni xotini izlay boshlagan edi. U “qaytyapman” deb xabar bergancha aloqaga chiqmay qo‘ygach xotini Kaskelendagi ish beruvchi bilan bog‘lanib, hammani oyoqqa turg‘izadi. Ish beruvchi Karimni qidirib uch kun kasalxona, o‘likxona hamda politsiya mahkamalarini kezadi va nihoyat uni Qo‘shmambetdan topadi. U hujjatlarni olib kelib, Karim Kaskelendan hech qayoqqa chiqmaganini, doim sexda ishlaganini aytadi va 10 kunlik tutqunlikdan so‘ng ishchisini qutqarib olishga muvaffaq bo‘ladi.

“Ish beruvchim meni olib ketib, bir yarim oy davolatdi. Kasalxonaga yotishdan bosh tortdim, chunki u yerdagi do‘xtirlarga ishonmasdim. Bu ko‘rgiliklardan anchagacha o‘zimga kelolmadim. Formali odamni ko‘rsam oyoq-qo‘limda titroq turardi. To‘rt oygacha nafas olishda qiynalib yurdim, nafas olsam ko‘kragim sanchib og‘rir edi”, deydi Karim.

Karim bir yarim oy deganda oyoqqa turadi va betobligiga qaramay, darhol ishiga qaytadi. Yana ikki oy ishlab yo‘lkiraga pul orttirgach, uyiga jo‘naydi. U bo‘lgan voqealardan so‘ng Qozog‘istonga oyog‘i tortmay qolganini yashirmaydi. Ammo na ilojki, O‘zbekistonda tayinli ish yo‘q edi, shu bois u bir necha oy o‘tgach qaytib kelishga majbur bo‘ladi. Hozirda u plastik romlar ishlab chiqarish sexida ishlamoqda.

“Shikoyat yozish xayolimda ham yo‘q edi. Lekin o‘zbek huquq faollari oilam bilan bog‘lanib, shikoyat arizasi yozsam, meni qiynoqqa solganlarni javobgarlikka tortish mumkinligini aytishibdi. Ular xotinimga Vikram Ro‘zaxunov voqeasini so‘zlab berib, Qozog‘istondagi huquqbonlarning telefon raqamlarini berishgan. Shunday qilib men “Xalqaro huquqiy tashabbus” jamoat fondiga murojaat qildim”, deydi Karim Ozodlik bilan suhbatda.

Karim bilan Aziz qiynoqqa solgan kimsalarning shaxsi aniqlanishiga va jazoga tortilishiga ishonishmaydi. Hammalari niqobda bo‘lgani uchun hech birining yuzini ko‘rishmagan. Shunday bo‘lsa ham, odamlarni qiynash noto‘g‘riligini va buning uchun jazo borligini boshqalarga anglatish maqsadida shikoyat yozishga qaror qilishibdi.

“Moddiy zararga da’vo qilmayman. Lekin qo‘limda kumush uzugim bor edi. Ko‘zli nikoh uzugini 20 yil muqaddam, to‘yimizda xotinim sovg‘a qilgan. Kumush bo‘lsa ham u men uchun juda qadrli. O‘sha uzukni qaytarishsa xursand bo‘lardim”, deydi Karim.

Aziz esa tovar uchun to‘lashi kerak bo‘lgan pulni qaytarib olishga umid qilmoqda.

Tergov

Qo‘shmambetdagi qiynoqlarga doir ishni Bosh prokuratura tergov qilmoqda. Gumonlanuvchi tariqasida to‘rt kishi hibsga olingan edi, ammo keyinroq ular shahardan chiqib ketmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan.

Avvaliga ularga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 146-moddasining 1-2 bandlari bo‘yicha ayblov e’lon qilishadi. Ya’ni, dastlab ular jiddiy modda – “mansabdor shaxslar tomonidan “guruh bo‘lgan holda”, ma’lumot yoki iqrorlik ifodasi olish maqsadida qiynoqlar qo‘llanishi” jinoyatida gumon qilingan edi. Ammo so‘ngra ayblov nisbatan yengil bo‘lgan “shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatda bo‘lish” nomli moddaga o‘zgartiriladi. Birinchi moddadagi ikki qilmish uchun atigi ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan. Ayblov o‘zgartirilmagan taqdirda esa qiynoq qo‘llaganlar 6 yilgacha qamoq olishi mumkin bo‘lardi.

“Biz ayblovga rozi emasligimizni aytdik. Shunday bo‘lsa-da, ayni paytda vaziyat shunaqa”, deydi “Xalqaro huquqiy tashabbus” jamoat fondi rahbari, huquq faoli Ayna Shormanbayeva.

U shu ish bo‘yicha Aziz va Karimdan tashqari yana 21 nafar o‘zbekistonlikning manfaatlarini himoya qilmoqda.

“Kamida 100 kishi Qo‘shmambet qishlog‘idagi ma’muriy qamoq jazosini o‘tashga mo‘ljallangan hibsxonada 10 kundan ziyod ushlab turilgan. Hibsxona binosi u vaqtda foydalanishga topshirilmagan edi. Avtobuslardan tushirilganlardan tashqari, taksida ketayotgan migrantlarni ham o‘sha yerga olib borganlar. Ularni qiynaganlar gumon qilinayotgan olti kishi bilan cheklanib qolmaydi. Buyruq berganlarni ham qo‘shganda olti emas, o‘nlab odam javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi Ayna Shormanbayeva.

Huquqbonga ko‘ra, dastavval ishni Olmaota viloyati politsiya departamenti ko‘rgan. Biroq ishda biron siljish bo‘lmagan va Bosh prokuraturaga o‘tganidan keyingina ish qaytadan yurituvga olingan.

Олмаотадаги тартибсизликлар вақтида бедарак кетган ўзбекистонлик қани?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:09 0:00

Hozirda tergov oxirlab qolgan. Tomonlar tergov sirini oshkor etmaslik haqida tilxat berishgani sababli Shormanbayeva ham, Aziz bilan Karim ham ishning protsessual holati bo‘yicha Ozodlikka batafsil ma’lumot bera olishmadi.

Joriy yilning 22-aprelida Bosh prokuratura qirg‘iz musiqachisi Vikram Ro‘zaxunov hamda Qo‘shmambet qishlog‘idagi hibsxonada qiynoqqa solingan “boshqa fuqarolar”ga doir jinoyat ishini tergov qilayotganini bildirgan edi.

Bosh prokuraturaning Ozodlik so‘roviga javobida aytilishicha, “tergov hali davom etmoqda”.

“Tergov siri nuqtayi nazaridan boshqa ma’lumotlar hozircha ochiqlanmaydi va jinoyat ishi ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olgan holda jamoatchilikka taqdim etiladi”, deb yozgan prokuratura.

Avvalroq Bosh prokuratura Qo‘shmambetdagi qiynoqlar ishi bo‘yicha dalillar to‘planganini ma’lum qilgan edi.

Mazkur ish doirasida 28-may kuni Olmaota politsiya departamenti boshlig‘ining sobiq rinbosari Berik Abilbekov qamoqqa olingan. Prokuratura, tergov manfaatlarini ro‘kach qilib ish tafsilotlarini yashirmoqda.

“O‘rta asrlar voqeligi”

Rasmiy qaydlarda yanvar voqealari chog‘ida 268 kishi o‘lgani aytiladi. Ulardan 6 nafari tergov hibsxonalarida qiynoqdan jon bergan. Ikki yil muqaddam Bosh prokuraturaning maxsus prokurorlar xizmati boshlig‘i Rizobek Ojarov ikki kishi – Olmaotadagi vaqtincha saqlash izolatorida, uch kishi – Sharqiy Qozog‘iston viloyatida va yana bir kishi Toldiqo‘rg‘onda o‘lganini ma’lum qilgan edi.

Yanvar voqealaridan so‘ng, to‘polonlar chog‘ida ushlab ketilgan odamlar qiynoqqa solinganiga doir ko‘p ma’lumot o‘rtaga chiqdi. Tutqunlarning hikoyalarida “aybiga iqrorlik ko‘rsatmasini olish uchun” kuchishlatar xodimlar ularni do‘pposlagani, qaynoq dazmol va elektroshoker bilan qiynashgani haqida gap boradi. Ayrimlarga esa “ombir bilan tishlaringni sug‘urib olamiz, tirnoqlaring tagiga igna tiqamiz”, deya tahdid qilingan.

Ozodlik radiosi qozoq xizmati kasalxonada og‘ir ahvolda yotgan bemorlar tergov izolyatorlariga keltirilib, kaltaklangani haqida bir nechta maqola e’lon qilgan edi. IIV qiynoqlar qo‘llanganini avvaliga inkor etgan bo‘lsa, keyin yuzlab shikoyatlar tushganini va o‘nlab xodim qo‘lga olinganini tan olishga majbur bo‘lgandi. O‘sha xodimlarning aksari sudlangan.

Қозоғистонда мотам куни. Ўлганларнинг аниқ сони номаълум қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:22 0:00

2022-yilning bahorida prezident Qasim-Jomart Toqayev yangi bosh prokuror Berik Asilovni tanishtirarkan, unga “qiynoqqa solish degan O‘rta asr hodisasi”ni ildizi bilan yo‘q qilish vazifasini yuklagan edi. U yanvar voqealarini sinchkovlik bilan va har tomonlama tergov qilishga buyruq berib, “tergov harakatlarini amalga oshirish chog‘ida qonun va fuqarolarning huquqlarini ta’minlash zarur”ligini urg‘ulagan.

Prezidentning o‘sha chiqishidan ko‘p o‘tmay Olmaota viloyati politsiya departamentining sobiq boshlig‘i, yanvar voqealari chog‘ida komendant bo‘lgan Serik Kudebayev hibsga olindi va 10 yilga qamaldi. U Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 362-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish”) 4-qismi va 146-moddasi (“Qiynoqlar”) 2-qismining 1-bandi bo‘yicha aybdor deb topildi. Sud uni jazo muddatini o‘tash uchun o‘rtacha tartibli muassasaga yubordi, shuningdek politsiya general-mayori unvoni va davlat mukofotlaridan mahrum etish haqida Qozog‘iston prezidentiga taqdimnoma kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, yanvar voqealari chog‘ida Olmaota viloyati politsiya departamenti boshlig‘i bo‘lgan Kudebayev namoyish va tartibsizliklar bo‘layotganiga qaramay Toldiqo‘rg‘ondagi departament idorasini tark etgan va qiynoqlarni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, avgust oyi boshida Yerlan Turgumbayev ham sud qilindi, u yanvar voqealari chog‘ida Ichki ishlar vaziri edi. Namoyishlardan so‘ng Turgumbayevni vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblashdi, pirovardida sud uni besh yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etdi. Ish yopiq tarzda ko‘rilgani bois tafsilotlar noma’lum. Rasmiy axborotda “hukm chiqarish chog‘ida sudlanuvchining aybiga iqror bo‘lgani, chin ko‘ngildan pushaymonligi va birinchi marta jinoyat sodir etgani inobatga olingan”i qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG