Parijda “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti rahbari Kristof Deluar 53 yoshida vafot etdi. U tashkilotga 12 yil rahbarlik qilgan.
RSF saytida qayd etilishicha, uning o‘limiga saraton kasalligi sabab bo‘lgan.
“Kristof Deluar informatsion xaos sharoitida barcha qit’alarda jurnalistika erkinligi, mustaqilligi va plyuralizmining tolmas himoyachisi edi. Jurnalistika uning hayotiy maslagi edi va u sobit ishonch bilan kurashdi”, deyilgan nekrologda.
Deluar o‘z faoliyatini Le Point haftaligida siyosiy jurnalist va surishtiruvchi o‘laroq boshlagan, “Flammarion” nashriyotida muharrir va Jurnalistlarni tayyorlash markazida direktor bo‘lib ishlagan.
2012-yilda Deluar jurnalistlarning senzuraga qarshi va matbuot erkinligi uchun kurashish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro uyushmasi bo‘lmish “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga rahbar bo‘lgan. Uning rahbarligi ostida “Chegara bilmas muxbirlar”ning Londondagi, Rio-de-Janeyrodagi, Taybeydagi va Dakardagi bo‘limlari ochilgan.
Hozirda tashkilotning dunyo bo‘ylab 13 ta ofisi faoliyat olib boradi, shuningdek, uning 130 ta mamlakatda vakillari va muxbirlari bor. Deluar davrida raqamli makonda demokratiya kafolatlari masalalari bilan shug‘ullanuvchi Axborot va demokratiya bo‘yicha komissiya tuzilgan.
So‘nggi oylarda Deluar “Tolibon” tomonidan garovda tutib turilgan asli afg‘onistonlik, ayni paytda Fransiya fuqarosi bo‘lgan Murtazo Behbudiyni ozod qilinishiga katta hissa qo‘shgan. U Birinchi kanal yoyinida urushga qarshi plakat bilan ko‘rinish bergani uchun qamalishi mumkin bo‘lgan muharrir Marina Ovsyannikovaning Rossiyadan olib chiqib ketilishiga ko‘maklashgan. U Wikileaks asoschisi Julian Assanjni qamoqxonada bir necha bor ziyorat qilgan.
Deluar o‘z jurnalistik surishtiruvlari natijasida chop etilgan bir necha kitob muallifi hamdir.