O‘zbekistonda joriy yil 8-iyundan e’tiboran chiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasidan uzib qo‘yish amaliyoti joriy etiladi. Mamlakat prezidenti tomonidan imzolangan 1044-sonli qonunda ana shunday talab ilgari surilgan.
Ushbu hujjatga muvofiq, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lov bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilinganidan keyin mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar ulardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish cheklanadi.
Qarzni uzish uchun besh kun vaqt beriladi.
Elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishning vaqtinchalik cheklovi chiqindi qarzdorligi to‘langandan so‘ng avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Ushbu qonun hujjatini taklif etgan deputatlar maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik 600 milliard so‘mdan oshganini urg‘ulagan.
Jumladan, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov mamlakatda “chiqindi masalasi eng oxirgi, xavfli nuqtasiga yetib kelgani” haqida yozgan edi.
Mazkur tashabbusga qarshi chiqqan mahalliy faollar esa mamlakatda energobo‘hron kuzatilayotgan paytda parlamentning ta’minotdagi uzilishlarni emas, balki to‘lov masalasini muhokama qilayotganini tanqid qilishgan. Chiqindi to‘lovlarining o‘zi barqaror bo‘lmagan elektr ta’minotiga bog‘lanishi bahsli qaror o‘laroq baholangan.