Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:29

COVID-19: O‘zbekistonning besh qo‘shnisi bilan chegaralarida vaziyat qanday?


O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan chegaralarini 16 - martdan boshlab yopgandi
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan chegaralarini 16 - martdan boshlab yopgandi

O‘zbekiton Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev mamlakatda koronavirusning yangi, britancha shtammi qayd etilgani bois karantin cheklovlari yana kuchaytirilishi mumkinligini aytgan.

O‘zbekiston-24 kanaliga bergan intervyusida mulozim fuqarolarni sanitariya qoidalariga rioya etish, zarurat bo‘lmagani taqdirda xorij, jumladan, qo‘shni davlatlarga safar qilmaslik haqida ogohlantirgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 30 - yanvar kuni O‘zbekiston hududida koronavirusning yangi shtammi aniqlangani to‘g‘risida xabar berdi.

O‘zbekiston ayrim qo‘shni davlatlar bilan qariyb 11 oy avval yopilgan chegaralarini yangi yildan boshlab ochgan edi.

3 - fevral kungi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga borishni istovchilar, karantin talablariga amal qilgan holda o‘tib-qaytishlari mumkin.

Tojikistonga borib-kelish uchun mutasaddi tashkilotlardan ruxsatnoma olish shart qilib qo‘yilgan.

O‘zbek-turkman chegarasi esa hanuz yopiq. Bu chegaradan oxirgi marta o‘tgan yilning 16 - mart kuni odam o‘tib-qaytgan.

Pandemiya bois hukumat qo‘llagan choralarga ko‘ra, 16 - martdan O‘zbekistonning chet el davlatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatildi.

Fuqarolarning chetga chiqishi, chet davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi taqiqlandi, hukumat xorijdagi o‘zbekistonliklarni qaytarish choralarini ko‘rdi.

Yangi yildan boshlab avia qatnovlar tiklana boshladi. Ayrim davlatlar bilan chegaralar ham ochildi.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi

3 - fevral kuni Ozodlikka bog‘langan andijonlik talabaning murojaati O‘zbekistonning chegaralaridagi vaziyatni o‘rganishga sabab bo‘ldi.

O‘shdagi institutlarning biridan o‘qishini Andijonga ko‘chirgan talaba qiz o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan o‘tishda duch kelayotgan qiyinchiliklari haqida gapirdi:

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi test markazi bergan ma’lumotnoma.
O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi test markazi bergan ma’lumotnoma.

"Men hali hujjatlarimni O‘shdan to‘liq olib kelganim yo‘q. Shu sabab tez-tez o‘tishimga to‘g‘ri kelyapti. Qirg‘izistonga o‘tish uchun 160 ming so‘m to‘lab, test topshiraman. O‘zbekistonga qaytib kirayotganimda yana 160 ming so‘m to‘lab, qayta test topshiraman. Ikki davlatning chegarada alohida o‘zining test markazlari bor. Birining testi ikkinchisiga o‘tmaydi. Bu oddiy xalqqa juda qimmatga tushib ketyapti”.

Ozodlikning O‘shdagi muxbiri Sherzod Yusuf o‘zbek-qirg‘iz chegarasining “Do‘stlik” postidagi test topshirish jarayonini shunday tasvirladi:

- O‘zbekiston chegarasida test oluvchilar uchun palatka qilgan. Analiz topshirasiz, 5 minutda test javobi yozilgan qog‘ozni qo‘lingizga pechat bosib berishadi. Narxi 160 ming so‘m. Shu bilan O‘zbekistonga 3 kunga ruxsat beriladi. Qaytishda xuddi shu tartibda Qirg‘izistonga chegaraning o‘zida test topshirib kirib ketasiz. Chegaradan har bir o‘tib qaytganingizda shu tartib takrorlanadi. Yangi yildan avval poliklinikadan 200 qirg‘iz so‘miga test topshirib, shu bilan O‘zbekistonga borib qaytsa bo‘lardi, bu 2,5 dollar bo‘ladi. Yangi yildan bu tartib bekor qilinib, chegarada analiz topshiradigan qilib qo‘ydi. Bu qimmatlik qilyapti aholiga. Kampirlar, qo‘lida yosh bolasi bor ayollarning chegarachilarga yalinib turganini ko‘rdim. Ular “O‘tkazib yuboring, pulimiz yo‘q. Uyimizga ketyapmiz”, - deb yalinib turgandi.

Pandemiyadan avval o‘zbek-qirg‘iz chegarasining “Do‘stlik” postidan bir kunda 15 ming odam o‘tib qaytgan.

Sherzod Yusufga ko‘ra, bir paytlari turnaqator navbatlar kuzatilgan ushbu chegara postida hozirda odam siyrak:

- O‘zim chegaradan o‘tib-qaytib, hozirgi vaziyatni ko‘rdim. Oldingiga nisbatan chegaradan o‘tuvchilar soni 70-80 foizga qisqargan. Hozir chegaradan savdogarlar o‘tmayapti. Keyin shu chegara yaqinida savdogarlar yuklariga yordamlashib, tirikchilik qiladigan mardikorlar bor edi. Hozir ular ham yo‘q. Deyarli odam yo‘q. Chegarada navbatlar yo‘q. Kutmasdan bemalol o‘tib ketasiz. Chegara 24 soat ochiq ikki tomonlama. Faqat kovidga analiz topshirish kerak.

O‘zbek-qozoq chegarasidagi e’lon. Surat 3 - fevral kuni olingan.
O‘zbek-qozoq chegarasidagi e’lon. Surat 3 - fevral kuni olingan.

O‘zbek-qozoq chegarasi

Ayni vaziyat o‘zbek-qozoq chegarasida ham kuzatilmoqda. O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan chegaralaridagi eng gavjum post hisoblangan "G‘ishtko‘prik" ("Chernyaevka") punkti ham hozirda huvillab qolgan.

O‘zbek-qozoq chegarasidagi test markazi. Surat 3 - fevral kuni olingan
O‘zbek-qozoq chegarasidagi test markazi. Surat 3 - fevral kuni olingan

3 - fevral kuni “G‘ishtko‘prik” postiga borib, vaziyatni o‘rgangan Ozodlik mobil muxbiriga ko‘ra, chegaradan cheklangan tartibda o‘tish mumkin:

“Odam ko‘p emas. Kirib- chiqayotganlarning barchasi PSR test topshirishlari kerak. Qozog‘istonga o‘tgach, yana test topshirish kerak ekan. O‘zbekistonda 5-10 minutda chiqsa, test javobi, Qozog‘iston testining javobini 2 soat kutish kerak ekan. Ba’zilar kutmaslik uchun chegarachilar bilan kelishib, pul berib, o‘tib ketish yo‘lini ham topishibdi. Ikki tomonga o‘tish uchun ham ma’lum sabab ko‘rsatish lozim. Ko‘pchilik davolanishga deb o‘tyapti ”.

Pandemiya sabab chegaralar yopib qo‘yilganida "G‘ishtko‘prik" posti eng ko‘p muhojir to‘plangan chegara punkti bo‘lgandi. Rossiyadan qaytgan o‘zbekistonlik muhojirlab bir necha kunlab, chegarada yotib, kutishga majbur bo‘lishgan.

O‘zbek-tojik chegarasi

Tojikiston va O‘zbekiston poytaxtlari o‘rtasida 2017 - yilda tiklangan aviaparvozlar o‘tgan yilning 16 - mart sanasida to‘xtatilgan edi.

15 - yanvar kuni "Xovar" agentligi ikki mamlakat orasida muntazam parvozlar tiklanganini xabar qildi.

Har chorshanba kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari”, har juma esa Tojikistonning “Somon Eyr” kompaniyalari Toshkent-Dushanbe reyslarini amalga oshiradi.

O‘zbek-tojik chegarasi 1 - oktabrdan boshlab ochilgan, biroq chegaradan faqat maxsus ruxsatnoma orqali o‘tish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.

Chegarasidagi vaziyatni kuzatayotgan Ozodlikning tojik xizmati muxbiri Farzon Muxammadiga ko‘ra, faqat uch toifaga mansub fuqarolargina chegaradan o‘tishi mumkin:

“Tojik-o‘zbek chegarasi yopiq, lekin cheklangan shaxslargina chegaradan o‘tishi mumkin. Birinchisi, ikki mamlakat institutlarida o‘qiyotgan talabalar, o‘qish joyidan berilgan hujjat bilan o‘tishi mumkin. Keyin qo‘shni mamlakatda qarindoshi bo‘lganlar dafn yoki to‘y marosimlari bo‘lsa, elchixona yoki konsullikdan maxsus ruxsatnoma olib chegaradan o‘tib-qaytishlari mumkin”.

Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston yoki Tojikistonning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha respublika shtablaridan tegishli ruxsatnoma olgan kishilar ham chegaradan o‘tib-qaytishlari mumkin bo‘ladi.

Tojik-o‘zbek chegarasi.
Tojik-o‘zbek chegarasi.

O‘zbek-turkman chegarasi

O‘zbek-turkman chegarasi 2020 - yilning 17 - mart kuni yopib qo‘yilganicha, hanuz ochilgani yo‘q.

3 - fevral kuni o‘zbek-turkman chegarasining Shovot tumanidagi postiga borib, kelgan Ozodlikning mobil muxbiriga ko‘ra, ikki davlat chegarasi qachon ochilishi ham noma’lum.

“Chegara mutlaqo yopiq. Qulflab qo‘yilgan. Hech kim o‘tmayapti. Chegarada faqat chegarachilargina bor. Ular chegara qachon ochilishini o‘zlari ham bilmasliklarini aytishdi. Ularga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni o‘zbek-turkman chegarasini ochishni so‘rab, Turkmaniston hukumatiga so‘rov jo‘natgan. Biroq javob kelmagan. Bu chegaradan oxirgi marta 16 - mart kuni odam o‘tgan. 17 - martdan boshlab chegara yopilgan”.

O‘zbek-turkman chegarasidagi Shovot posti. Surat 3 - fevral kuni olingan.
O‘zbek-turkman chegarasidagi Shovot posti. Surat 3 - fevral kuni olingan.

O‘zbek-afg‘on chegarasi

Ozodlikning Kobuldagi muxbiri Olim Ko‘hkanga ko‘ra, mart oyida yopilgan o‘zbek-afg‘on chegarasi hozirda ochilgan bo‘lib, ikki davlat fuqarolari karantin talablariga amal qilgan holda chegaradan cheklangan tartibda o‘tishlari mumkin.

Bu yerda ham xuddi Qozog‘iston chegarasidan o‘tishdagi kabi tartib-qoidalarga amal qilish lozim bo‘ladi.

O‘zbekiston o‘zbek-afg‘on chegarasini 16 - mart kuni bir tomonlama yopgan va ertasiga Afg‘oniston ham o‘z chegarasini yopib qo‘ygandi.

XS
SM
MD
LG